06:21 / 20.06.2021
3 526

«Bu insoniyatga qarshi jinoyat...» – Maxfiy lagerlarga doir ma’lumotlar ochiqlandi

«Bu insoniyatga qarshi jinoyat...» – Maxfiy lagerlarga doir ma’lumotlar ochiqlandi

Foto: Molly Crabapple / Amnesty International
Amnesty International inson huquqlari tashkiloti Xitoy nazoratidagi Shinjon uyg‘ur-muxtor o‘lkasida yashovchi millatlar qatag‘on qurboni bo‘layotgani xususida hisobot e’lon qildi. 160 sahifali hisobotda «qayta tayyorlash lagerlari» deb atalgan yuzlab tutqungohlarda uyg‘ur, o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, tojik kabi oz sonli millat vakillariga nisbatan zulm va zo‘ravonlik siyosati yuritilayotgani qayd etiladi.

Hisobotni tayyorlash jarayonida xalqaro tashkilot vakillari mo‘’jiza tufayli qutulib qolgan 50 dan oshiq mahbuslar, shuningdek, yo‘qolgan yoki hibsga olinganlarning oila a’zolari, jurnalistlar bilan suhbatlashgan, hujjatlar hamda OAV materiallarini tadqiq etgan.

Qayd etilishicha, «terrorizmga qarshi kurash» deya niqoblanayotgan kampaniyadan ko‘zlangan maqsad mazkur millatlarning diniy e’tiqodi, milliy qadriyatlari va tilini yo‘q qilishdan iboratdir.

Xalqaro tashkilot hisobotiga ko‘ra, 2017 yildan boshlab Shinjonda yashovchi yuz minglab musulmon fuqarolar o‘zboshimchalik bilan qamoqqa olingan, bir millionga yaqini majburiy ravishda «qayta tayyorlash lagerlari»ga tashlangan. 

Amnesty International xodimlari suhbatlashgan sobiq mahbuslar biror noqonuniy xatti-harakat sodir etmagani, shunchaki xorijdagi qarindoshi bilan muloqot qilgani yoki diniy amallarni bajargani uchungina qamoqqa tashlanganini hikoya qilgan.
Mahbuslarga nisbatan kaltaklash, elektr toki qo‘llash, oziq-ovqat, suv va uyqudan mahrum qilish va boshqa jismoniy, ruhiy qiynoqlar qo‘llangan.

Hisobotda qayd etilishicha, Shinjonda yashovchi musulmonlarga o‘z diniy arkonlariga amal qilishiga kuchli to‘sqinlik mavjud. Namoz o‘qigan, ro‘za tutganlar ham «ekstremist» deb topilishi mumkin. Qur’oni karim, joynamoz amalda taqiqlangan. Hududdagi masjid va diniy-madaniy inshootlar buzib tashlangan yoki boshqa maqsadlarda ishlatilmoqda. 

«Biz hatto «assalomu alaykum» deya olmay qoldik», – deya holatni bayon etgan Amnesty International suhbatlashgan shinjonlik.
Qayd etilishicha, tutqungohlarda musulmon etnik xalqlardan e’tiqodi va tilidan voz kechish talab etilib, xitoy tili va kommunistik partiya g‘oyalari majburan singdirilmoqda.

Hisobotda ta’kidlanishicha, Xitoy hukumati Shinjonda inson huquqlari buzilishini yashirish uchun misli ko‘rilmagan choralar ko‘rmoqda.

Amnesty International bosh kotibi Anes Kallamar Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasida musulmon etnik ozchiliklarga nisbatan davlat tomonidan uyushtirilgan ommaviy qamoq, qiynoq va ta’qiblar insoniyatga qarshi jinoyat deb baholanishi lozimligini ta’kidlagan. Xalqaro tashkilot rahbari Xitoydan zudlik bilan lagerlar faoliyatiga barham berishni talab qilgan,  BMTdan esa hududga mustaqil tergov guruhini yuborishni so‘ragan.

2020 yil iyul oyida Avstraliya strategik siyosat instituti (The Australian Strategic Policy Institute, ASPI) tomonidan e’lon qilingan hisobotda ham Xitoy ma’muriyati Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasida uyg‘ur hamda boshqa millatlarga mansub musulmonlarni tutqunlikda saqlash uchun maxfiy lagerlarni ko‘paytirayotgani bayon etilgan edi. Qayd etilishicha, musulmonlarni «qayta tarbiyalash lagerlari» tarmog‘i jahon hamjamiyati tasavvur qilganidan ham kattaroqdir.

AQSH Davlat departamenti hisobotiga ko‘ra, Xitoyda boshlangan tozalash siyosatidan keyin Shinjonda  yashovchi 800 mingdan 2 milliongacha uyg‘ur, qozoq va boshqa millatlarga mansub musulmonlar yopiq lagerlarda tutqunlikda saqlanmoqda. Departament hisobotida qayd etilishicha, sudsiz, tergovsiz joriy etilgan ushbu jazo usuli mahalliy musulmonlarni o‘z dini va milliy o‘zligidan mahrum etish va to‘liq xitoylashtirishga qaratilgan.

Jahon hamjamiyati Xitoy hukumati Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasida yashovchi musulmonlarni xalqaro huquq me’yorlariga zid ravishda tutqunlikda saqlayotgani borasida xavotir bildirib kelmoqda. Xususan, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi mazkur holatni qoralagan.

Xitoy tomoni esa yopiq lagerlarda uyg‘urlar va boshqa kam sonli millatlarga mansub musulmonlar qiynoqqa solinayotgani haqidagi xabarlarni inkor etadi. Rasmiy Pekinga ko‘ra, ekstremizmga moyil aholini qayta tarbiyalashga yo‘naltirilgan ta’lim va kasb-hunar markazlari faoliyati yanglish talqin qilinmoqda.

Xususan, Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I joriy yil fevral oyida Jenevada BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi yig‘ilishida Shinjonda mintaqa xalqlariga nisbatan genotsid, diniy ta’qib yoki majburiy mehnat qo‘llanayotganini rad etgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Dunyo » «Bu insoniyatga qarshi jinoyat...» – Maxfiy lagerlarga doir ma’lumotlar ochiqlandi