02:36 / 16.08.2021
4 275

AQSH Afg‘onistondan chiqib ketayotganida Bayden nima degandi? Aslida nima bo‘lgani hammaga ayon

AQSH Afg‘onistondan chiqib ketayotganida Bayden nima degandi? Aslida nima bo‘lgani hammaga ayon
AQSH Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishga kirishishi bilan, «Tolibon» darhol bosqinni boshlagan edi. Ular 15 avgust, yakshanba kuni Kobulga yetib kelib, ko‘p o‘tmay butun mamlakat ustidan nazoratni o‘rnatganliklarini e’lon qildi. Amerikaliklar o‘z elchixonasi va shahar aeroporti xavfsizligini ta’minlash uchun Afg‘oniston poytaxtiga qo‘shimcha kuch yuborishni va’da qilib, o‘z diplomatlarini Kobuldan evakuatsiya qila boshladi.

Bir oy avval, 8 iyul kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida AQSH prezidenti Jo Bayden jurnalistlarga «Tolibon» butun Afg‘onistonni egallay olmasligini aytgan edi. Meduza o‘sha matbuot anjumanidagi e’tiborga molik jihatlarni yodga oldi.

— Afg‘onistonning endi «Tolibon» tomonidan egallanishi aniq bo‘lib qoldi, shunday emasmi?
— Yo‘q.

— Nima uchun?
— Chunki afg‘on qurolli kuchlari ixtiyorida — taxminan, 75 ming nafar tolibga qarshi — dunyoning istalgan armiyasi kabi yaxshi ta’minlangan 300 ming nafar askar va harbiy-havo kuchlari bor. Shunday ekan, «Tolibon» butun Afg‘onistonni egallab olishi aniq bo‘lib qolgani yo‘q.

— Siz toliblarga ishonasizmi, janob prezident?
— Bu jiddiy savolmi?

— Bu mutlaq jiddiy savol. Siz toliblarga ishonasizmi?
— Yo‘q, ishonmayman.

— Siz mamlakatning toliblarga topshirilishiga ishonasizmi?
— Yo‘q, men «Tolibon»ga ishonmayman.

— Nega toliblarga ishonmaysiz?
— Bu ahmoqona savol. Toliblarga ishonamanmi? Yo‘q. Ammo men yaxshiroq o‘qitilgan, yaxshiroq ta’minlangan va urush olib borish nuqtai nazaridan nisbatan maqbul bo‘lgan afg‘on qurolli kuchlariga ishonaman.
[…]
— Amerika razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, afg‘on hukumati, katta ehtimol bilan, qulaydi.
— Bu yolg‘on.

— Razvedkachilar aytgan narsani tushuntirib bera olmaysizmi — afg‘on hukumati qulaydimi yo yo‘q?
— Bu yolg‘on. Razvedkachilar bunday xulosaga kelmagan.

— Afg‘onistonda hukumat taslim bo‘lmasligiga razvedkaning ishonchi qanchalik komil?
— Afg‘oniston hukumati o‘zini qo‘lga olishi kerak. Ularda o‘z holatini saqlab qolish uchun yaqqol imkoniyat bor. Masala ularda imkoniyat bor-yo‘qligida emas, balki ular birlashishning uddasidan chiqa oladimi-yo‘qmi, shunda. Ularda imkoniyatlar bor. Ularda kuch bor. Ularda uskunalar bor. Masala ular bundan foydalana oladimi-yo‘qmi, shunda.
[…]
— Vetnamdagi hodisalarni yodga soladigan o‘xshashliklarni ko‘rmayapsizmi?
— Yo‘q, hech qanday. Unda dushman butun boshli brigadalar bilan elchixonamiz darvozasini buzib kirishga uringan edi. Adashmasam, oltita brigada. «Tolibon» esa Shimoliy Vetnam armiyasi emas. Ular hatto bunga yaqin ham kela olmaydi. Siz AQSHning Afg‘onistondagi elchixonasi tomidan odamlarni olib ketishayotganiga o‘xshash manzaralarni ko‘rmaysiz. Bu ikkisi mutlaqo taqqoslab bo‘lmaydigan vaziyatlar.

Izoh: Bunda gap «Shiddatli shamol» operatsiyasi haqida bormoqda — AQSH 1975 yili Vetnamdan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib bo‘lgach, Saygondan o‘z fuqarolarini evakuatsiya qilgan. 2021 yil avgustida — Afg‘onistondan Amerika qo‘shinlari chiqib ketgach — Qo‘shma Shtatlar Baydenning taxminlariga qarshi o‘laroq, o‘z fuqarolarini Kobuldagi elchixona orqali evakuatsiya qilishga majbur bo‘ldi va endi ko‘pchilik ushbu voqealar qofiyalanayotganiga e’tiborni qaratmoqda.
[…]
— Janob prezident, ushbu mamlakatdagi missiyaning muvaffaqiyatsizlikka uchrashida afg‘on hukumatidagi korrupsiyaning o‘rni qanchalik ahamiyatli bo‘ldi?
— Endi, birinchidan, missiya hali barbod bo‘lganicha yo‘q. Bundan tashqari, Afg‘onistonda barcha tomonlar korrupsiyaga chalingan. Masala shundaki, yagona maqsad yo‘lida birlashish mumkinmi? Vazifa qanday? Masalan, «Tolibon», Afg‘oniston mudofaa va xavfsizlik kuchlari va afg‘on hukumati o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tishi kerak edi. Ammo bo‘lmadi. Endi ular nima qilishi kerak? Yechim hali ham yo‘q. Lekin «Tolibon» butun mamlakatni egallab olishi ehtimoli juda past.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSH Afg‘onistondan chiqib ketayotganida Bayden nima degandi? Aslida nima bo‘lgani hammaga ayon