11:01 / 20.08.2021
3 496

Afg‘onistonda paranji narxi o‘n baravar oshib ketdi

Afg‘onistonda paranji narxi o‘n baravar oshib ketdi
Afg‘onistonda ayollar paranji sotib olish uchun soatlab navbatda turishga majbur bo‘lmoqda. «Tolibon» hokimiyatga kelganidan so‘ng ushbu kiyimning narxi o‘rtacha 10 baravar oshib ketdi. Bu haqda mahalliy aholiga tayanib ISNA agentligi xabar berdi.

Ayollardan biri agentlikka bergan intervyusida aytishicha, u paranji sotib olish maqsadida naqd pul olish uchun bankomatda bir necha soat navbatda turgan.

«Paranji kamdan kam topiladi. Oilamizdagi uch ayolga bitta yoki ikkita bor. Uning o‘rniga ehtimol choyshabdan hijob tikib olarmiz», — dedi u.

Ayol, shuningdek, Kobulda hech kim poytaxtning bunchalik tez qulashini kutmaganini aytdi. Hamma poytaxt bir yil yoki undan ko‘proq vaqt qarshilik ko‘rsata oladi deb o‘ylagan.

Ayni paytda zaxiralarning muzlatilishi va Markaziy bank rahbarining qochib ketishi fonida afg‘on valyutasining qiymati rekord darajada tushib ketgan. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, afg‘oni kursi 4,6 foizga pasayib, 17 avgust kuni bir dollarga 86,0625 afg‘onini tashkil etgan, pasayish ketma-ket ikkinchi kun davom etgan.

Yevropa Ittifoqi va dunyoning boshqa 19 mamlakati Afg‘onistondagi xotin-qizlarning holati yuzasidan bayonot e’lon qildi. Mamlakatlar «Tolibon»ni ular hokimiyatga qaytishidan oldin ayollarga berilgan huquqlarni tortib olmaslikka chaqirdi.

«Afg‘onistonlik ayollar va qizlarning taqdiri, ularning ta’lim olish, ishlash va erkin harakatlanish huquqlari bizni qattiq tashvishga solmoqda. Hukumat tepasida turganlarni ayollar himoyasiga kafolat berishga chaqiramiz», — deyiladi Yevropa Kengashining bayonotida.

Bayonotda ta’kidlanishicha, afg‘onistonlik ayol-qizlar, butun afg‘on xalqi singari, xavfsiz va qadr-qimmatli hayot kechirishga loyiq.

«Har qanday diskriminatsiya va haqoratlarning oldini olish kerak. Biz xalqaro hamjamiyatda ularning ovozi eshitilishi uchun gumanitar yordam berishga va ularni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deyiladi bayonotda.

Hujjatni Albaniya, Argentina, Avstraliya, Braziliya, Kanada, Chili, Kolumbiya, Kosta-Rika, Ekvador, Salvador, Yevropa Ittifoqi, Gonduras, Gvatemala, Shimoliy Makedoniya, Yangi Zelandiya, Norvegiya, Paragvay, Senegal, Shveysariya, Buyuk Britaniya va AQSH imzolagan.

«Tolibon» Afg‘onistonni egallab olgach, matbuot va ayollar uchun o‘z shartlarini e’lon qilgandi, «Tolibon» ayollar huquqlariga shariat doirasida amal qilishga va’da berdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Afg‘onistonda paranji narxi o‘n baravar oshib ketdi