16:39 / 30.08.2021
2 624

«Tolibon» o‘ziga bo‘ysunmayotgan Panjsher viloyatini internetdan uzib qo‘ydi

«Tolibon» o‘ziga bo‘ysunmayotgan Panjsher viloyatini internetdan uzib qo‘ydi
Foto: Getty Images
«Tolibon» Panjsher viloyati aholisi uchun internetni uzib qo‘ydi. Bu haqda hududdagi manbaga tayanib, Raha Press va «TASS» xabar berdi. Panjsher Afg‘onistonda «Tolibon» nazoratiga o‘tmagan yagona hudud.

Raha Press xabariga ko‘ra, Panjsherda SIM va Etisalat operatorlarining SIM-kartalari ishlamay qolgan. «TASS» suhbatdoshining aytishicha, mobil internet qisman bloklangan, biroq viloyat umummilliy telekommunikatsiya tizimidan uzib qo‘yilgan.

«‘Tolibon’ aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi barcha kompaniyalarga bosim o‘tkazib, ularni Panjsher viloyatiga signal uzatishni to‘xtatishga majbur qildi. Aholi 24 soatdan beri aloqa xizmatlaridan foydalana olmayapti», — dedi «Tolibon»ga qarshi milliy qarshilik frontiga yaqin manba «Interfaks»ga.

«Front harbiylarining o‘z aloqa tizimlari bor, ularning (‘Tolibon’) harakatlari bizga ta’sir qilmaydi», — dedi qarshilik kuchlari vakili. «Barcha internet va telekommunikatsiya xizmatlarining uzilishi xalqaro me’yorlarga ziddir, bundan birinchi navbatda mintaqaning tinch aholisi aziyat chekmoqda».

«TASS» manbasining ta’kidlashicha, Panjsherdagi gumanitar vaziyat hozircha barqaror, lekin «Tolibon» vaziyatni sezilarli darajada yomonlashtirishga intilmoqda. «Ular davlat elektr energiyasi ta’minoti tizimiga kirishni to‘sib qo‘ymoqda, lekin harqalay mahalliy daryolar ishlab chiqaradigan elektr energiyasi hozircha bu yerga yetib turibdi», — qo‘shimcha qildi manba.

Unga ko‘ra, «Tolibon» vaqti-vaqti bilan mintaqaga olib boradigan yo‘llarni yopib qo‘ymoqda. Agentlik suhbatdoshi jangarilar oziq-ovqat va yoqilg‘i ta’minotini to‘sib qo‘yishidan xavotir bildirdi.

Avvalroq «Tolibon» vakillari va Panjsherdagi qarshilik kuchlari bir-biriga hujum qilmaslikka kelishib olgandi. Panjsherdagi qarshilik kuchlariga Panjsher arsloni laqabini olgan dala qo‘mondoni Ahmadshoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud rahbarlik qiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Tolibon» o‘ziga bo‘ysunmayotgan Panjsher viloyatini internetdan uzib qo‘ydi