00:30 / 26.09.2021
1 491

Pxenyan Janubiy Koreya bilan urushni to‘xtatish shartini aytdi

Pxenyan Janubiy Koreya bilan urushni to‘xtatish shartini aytdi
Hokimiyat pillapoyasidan yuqorilab borayotgan arbob ayol akasi Kim Chen In hamda Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In bilan.
Foto: Getty Images

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Inning singlisi Kim Yo Chjon Pxenyan Janubiy Koreya bilan urushni to‘xtatishga tayyorligi, ammo buning ma’lum shartlari borligini ma’lum qildi.

Gap shundaki, Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In joriy hafta ikki koreys davlati hamda ularning ittifoqchilarini (AQSH, Xitoy) rasman ikki o‘rtadagi urushga barham berish hamda yarimorolda tinchlik o‘rnatishga chorlagan edi.

Shimoliy Koreyada tobora katta siyosiy nufuz kasb etib borayotgan Kim Yo Chjonga ko‘ra, o‘zaro aloqalarni yaxshilash borasida muzokara boshlash uchun Janubiy Koreya Pxenyanga nisbatan dushmanlarcha munosabatdan voz kechmog‘i talab etiladi. Qayd etilishicha, yarim asrdan buyon davom etayotgan urushni rasman tugadi deb e’lon qilish uchun hozircha asos mavjud emas.

«Ikkiyoqlama munosabat, mantiqsiz talablar, dushmanlarcha odatlar va bizning o‘z-o‘zini mudofaa qilish huquqimizga daxl qiluvchi g‘anim pozitsiyasidan voz kechmoq lozim. Ana shu shartlar bajarilgandagina yuzma-yuz o‘tirib, urush tugaganini baralla e’lon qilish mumkin», – deydi Shimoliy Koreya rahbarining singlisi.

Janub hamda Shimol o‘rtasidagi urush 1953 yili sulh bitimi bilan yakunlangan, ammo ikki davlat haligacha urush holatida yashamoqda. Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In bir necha yildan buyon 70 yillik urushga butkul barham berishga urinib kelmoqda. Prezident Mun Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In bilan Pektu tog‘ida uchrashdi ham. Ammo shimollik «dohiy» tinchlik muzokaralariga ro‘yxushlik bermayotir. Uning buyrug‘i bilan hatto ikki tomonlama muzokaralar uchun qurilgan maxsus bino portlatib yuborildi.

So‘nggi paytlarda esa goh Shimol, goh Janub o‘z mudofaa qudratini ko‘rsatib, harbiy sinovlar o‘tkazmoqda. Pxenyan Seul hamda uning ittifoqchilaridan iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilishni talab etmoqda. Shimoliy Koreya rahbariyatiga esa yadro qurolidan butkul voz kechish talabi qo‘yilgan. Ammo har ikki tomon bir-birining shartlariga ko‘nmayotir. Kim Chen In esa xalqaro hamjamiyatni xavotirga qo‘yib, yadro quroliga ega bo‘lish yo‘lidagi izlanishlarni qayta boshlab yuborgan.

Shimoliy Koreya rahbarining singlisi Kim Yo Chjon bergan so‘nggi bayonot munosabatlar yanada chigallashayotganidan dalolat bermoqda.

Eslatib o‘tamiz, 33 yoshli Kim Yo Chjon ayni paytda Shimoliy Koreya Mehnat partiyasi markaziy qo‘mitasining targ‘ibot va tashviqot bo‘limi rahbari o‘rinbosari lavozimida ishlab kelmoqda. U davlat rahbarining vorisi ekani haqida taxminlar mavjud. Xususan, o‘tgan yili Kim Chen In yurak jarrohligi operatsiyasidan keyin o‘lim to‘shagida yotgani, uning o‘rnini singlisi egallashi haqida ovoza tarqalgan edi.

Shimoliy Koreya xalq demokratik respublikasi ta’sis etilgan 1948 yildan buyon o‘lkani Kimlar sulolasi idora etib keladi. Jumladan, Kim Ir Sen 1948-1994, Kim Chen Ir 1994-2011 yillarda rahbarlik qilgan. Bobosi va otasidan qolgan «taxt»ni esa 2011 yilda Kim Chen In egallagan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Dunyo » Pxenyan Janubiy Koreya bilan urushni to‘xtatish shartini aytdi
[/banner_pushhouse