Ukraina harbiy texnikasi Kiyevdagi Mustaqillik maydonidan o‘tmoqda.
Foto: AFP
Rossiya 24 fevral tongida Ukrainada «maxsus harbiy operatsiya» boshlanganini e’lon qildi. Donbassda o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan davlatlarni himoya qilish maqsadida boshlangan operatsiya Ukrainaning boshqa hududlariga ham ko‘chdi.
Ukraina darhol o‘z havo hududini yopdi, shu sababli O‘zbekiston fuqarolarini Ukrainada samolyotlarda evakuatsiya qilish imkoni bo‘lmadi.
24 fevral kuni kechga yaqin O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi Ukraina hududida 4300 ga yaqin O‘zbekiston fuqarosi borligi, ularning ro‘yxati yanada aniqlashtirilayotganini ma’lum qildi. 25 fevral kuni esa elchixona O‘zbekiston fuqarolarini Polsha orqali evakuatsiya qilish rejasini e’lon qildi.
«Daryo» Ukrainada yashayotgan o‘zbekistonliklar bilan bog‘lanib, mamlakatda bo‘layotgan voqealar ularning hayotiga qanchalik ta’sir ko‘rsatayotgani va ular nimalarni his qilayotgani haqida suhbatlashdi. Ukrainadagi o‘zbekistonliklar bilan suhbat 25 fevral kuni bo‘lib o‘tgan.
Mohinur Saidmamatova. Poltava davlat tibbiyot universiteti 2-bosqich talabasi
«Hujjatlaringiz yoningizda bo‘lsin deyishdi»
- Hozir do‘konlarda hech narsa qolmagan. Banklar pul bermayapti. Kassalari bo‘sh, hamma joy yopiq. Soat 22:00 dan 6:00 gacha ko‘chaga chiqish taqiqlab qo‘yildi.
Hozir yotoqxonamiz oldida tanklar paydo bo‘lgan. Shaharni ham portlatishadi, deyishyapti. Suv va hujjatlaringiz yoningizda bo‘lsin, deb aytishdi. Sirena ovozini eshitsak, yerto‘laga tusharkanmiz.
Poltavada o‘zbek talabalari ko‘p, men o‘qiydigan universitetda ham, taxminan, 30 nafar o‘zbekistonlik bor.
O‘zbekistonga qaytish uchun elchixonaning elektron pochtasiga ma’lumotlarimizni yubordik. Biror yangilik yo‘q. Endi esa bog‘lana olmayapmiz.
Mohinur Saidmamatovaning xonasidan olingan suratda zirhli texnikani ko‘rish mumkin
Shodiyor Saydamatov. Odessa shahrida yashaydi
«Polshaga ketish niyatidamiz»
- Hozir shahar tinch, lekin tinmay raketa ovozlari eshitilyapti. Do‘konlarda mahsulotlar qolmagan. Aksariyat ukrainlar chegara tomon qochyapti. Aytishlaricha, Polsha qochoqlarni qabul qilayotgan ekan. Biz ham shu yerga ketish niyatidamiz.
Ismini oshkor qilishni istamagan talaba qiz. Xarkov shahrida o‘qiydi
«Kechasi bomba ovozidan uyg‘onib ketdik»
- 24 fevralga o‘tar kechasi bomba ovozidan uyg‘onib ketdik. Talabalarni yerosti yo‘liga olib ketishdi. Tunni metroda o‘tkazdim. Adashmasam, 3:00 dan ertalab 7:30 gacha otishma bo‘ldi. Ertalab yotoqxonaga qaytdik. 14:30 dan yana otishma boshlandi. 22:00 dan 06:00 gacha komendantlik soati e’lon qilindi.
Do‘konlar 16:00 gacha ishladi. Ko‘chaga chiqqanimiz yo‘q. Hozir talabalar turar joyidaman. Ayni paytda qor yog‘yapti. Otishma ham davom etyapti. Qalbimdan nimalar o‘tayotganini aytib berolmayman. Hech kim nima bo‘lishini bilmayapti. Hozir bizni qo‘riqlab turgan qorovullar yerto‘laga tushishimizni so‘rayapti.
24 fevral kuni Ukrainada odamlar berkingan metro bekati.
«Daryo»ga taqdim etilgan surat
Fazliddin Faxriddinov. Kirovograd viloyatida uchuvchilikka o‘qiydi
«Ertaga tirik qolarmikinman, degan xavotir bor»
- 2021 yil avgustda o‘qish maqsadida kelgandim. O‘shanda hammasi yaxshi, hech qanday muammolar yo‘q edi. Lekin vaziyat o‘zgarib ketdi. Urush bo‘ladi deb sira o‘ylamagandim.
Tushunarsiz vaziyatlar ichidaman. Ertaga tirik qolarmikinman, degan qo‘rquv bor. Chunki har besh daqiqada tepamizdan harbiy samolyotlar uchyapti. Bombamasmikin, deb o‘ylab qolaman. Men hozir Kropivnitskiy shahrida joylashgan talabalar yotoqxonasidaman. O‘qishimiz aprelgacha onlayn qilib qo‘yildi.
Urush boshlangan kundan bizni shaharga Kiyev, Odessa, Xarkovdan odamlar evakuatsiya qilindi.
Hozir bizda oziq-ovqat yetarli emas. 2–3 kunga yetadigan mahsulotlar bor. Do‘konlarda rastalar bo‘shab qolgan. Banklar ham ishlamayapti. Uydagilarim pul jo‘natgan taqdirda ham ololmayman.
O‘zbekistonga qaytmoqchi bo‘lib, elchixonaga qo‘ng‘iroq qilganimda raqamlari o‘chiq edi. Endi buyog‘i Xudodan...
Fazliddin Faxriddinov yotoqxonasidan olingan rasm
Muhammadjon Mahmudov. Kiyev shahrida ishlaydi
«Pasportlarimiz bilan ishxonamizga berkindik»
- 2021 yil iyul oyidan beri Ukrainada avtoservisda ishlardim. 24 fevraldan ishlarimiz to‘xtagan. Ertalabdan harbiy samolyotlar uchyapti, sirenalar yangrayapti. Hamma sarosima, qo‘rquvda qolgan. Imkoni borlar Yevropaga chiqib ketyapti, asosan, Polshaga. Qolganlardan metroga tushishlarini so‘rashyapti. Men bilan birga yana to‘rt nafar o‘zbekistonlik bor. Metro uzoqligi uchun biz pasportlarimiz bilan ishxonamizga berkindik.
Karamatullo Hakimov. Kiyev shahrida yashaydi
«3–4 kunga yetadigan oziq ovqatimiz bor, xolos»
- Shaharda dadam, pochcham, jiyanim, tog‘am, yangam oilaviy yashaymiz. 2020 yil noyabrdan beri shaurmaxonada ishlardim. Hozir ko‘p joylar yopilgan. Kecha do‘konlarda narxlar ikki barobar oshib ketdi. 3–4 kunga yetadigan oziq ovqatimiz bor, xolos.
Ko‘pchilik metroda, lekin uy xavfsizroq. Biz hammamiz uydamiz. Bugun tashqariga chiqmadim. Ko‘chaga faqat derazadan qarab turibman. Tashqarida bomba portlamoqda. Davlatimiz bizni olib ketish uchun samolyot yuborarmikan?
Nozimjon. Xarkov shahrida yashaydi
«Bitta non 5 dollardan sotilmoqda»
- Ukrainada 8–9 yildan beri yashayman. Shu yerda o‘qishni bitirib, uylanganman. Xarkov va Kiyevda kichik biznesim bor. Bir necha kun avval oilamni Polshadagi qarindoshimning uyiga tashlab kelgandim. Ishimni yurgizib turay, deb ortga qaytgandim. Kutilmaganda urush boshlanib ketdi, bilganimda o‘zim ham oilam bilan qolardim. Endi ketolmay turibman: yo‘llar yopiq.
Odamlar sal vahima qilyapti. Tinch aholiga ziyon yetgani yo‘q. Lekin bitta non 5 dollarga ko‘tarilib ketdi. Hozir uyimda osh qilyapman.
Xarkov shahrida qor yog‘moqda.
Foto: Nozimjon
Akbarjon Nabijonov. Sumi shahrida ishlaydi
«Tinch aholiga tegishgani yo‘q»
- 24 fevral kuni yaxshigina urush bo‘lgandi. Bizda holat yaxshi. Tinch aholiga tegishgani yo‘q. Faqat shahar chetidagi harbiy zonalarda urush bo‘lyapti.
Urush boshlangan kuniyoq benzin shoxobchalari, banklarda navbatlar ko‘paydi. Qo‘rqqanlar o‘z mashinasida, yo‘qlari ko‘chadan to‘xtatib, allaqachon Ukrainani tark etdi.
Qolganlar shu yerda. Ko‘p qavatli uylarda yashaydiganlar yerto‘laga tushib ketyapti.
Akbarjon Nabijonov yuborgan surat
Biz do‘stimizning uyida turibmiz. U birinchi qavatda yashaydi. Yon atrofida harbiy bo‘linmalar yo‘q.
Davlat do‘konlari soat 8:00 dan 20:00 gacha ishlayapti. Kerakli mahsulotlarni sotib olyapmiz. Suv, elektr, gaz, internetdan uzilishlar bo‘lgani yo‘q. Mamlakatda «Kiyev Star» SIM-kartasida internetdan foydalanish tekin qilib qo‘yildi.
Kunduzi umuman urush bo‘lgani yo‘q. Faqat kechasi bo‘lyapti. 20 ga yaqin o‘zbek yigiti bilan kunduzi shaurmaxonaga yig‘ilib, birgalikda ovqatlanib, gaplashib o‘tiribmiz.
Ko‘pchilik davlatlarning elchixonasi urushdan oldin ogohlantirish berib «chiqib ketinglar» dedi. O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston elchixonalari esa umuman aloqaga chiqmadi. Telegram’da qandaydir guruhga qo‘shishdi. Hozir u yerda o‘zimiz yozib o‘tiribmiz.
Uydagilarimizni xavotirga qo‘ymaslik uchun hammasi yaxshi, deyapmiz. Endi nima bo‘ladi, Xudo biladi.
P/S: Suhbat chop etilgunga qadar TIV Ukrainadagi O‘zbekiston fuqarolarining evakuatsiyasi yuzasidan qo‘shimcha axborot berdi. Xabarda elchixona o‘zbekistonliklarni evakuatsiya qilishni tashkil etish bo‘yicha kuchaytirilgan tartibda ishlayotganini, biroq Ukraina shaharlari o‘rtasidagi avtomobil va temir yo‘l aloqalari butunlay faoliyatini to‘xtatgani bois mamlakatning sharqiy va markaziy viloyatlaridan vatandoshlarni Polsha bilan chegaradosh Lvov shahriga xavfsiz yetkazishni tashkil etishning vaqtincha imkoni bo‘lmayotganini ma’lum qilgan.
Ayni paytda diplomatik muassasa yerto‘lalarga evakuatsiya qilingan fuqarolarga issiq ovqat tashkil etish masalalarida tun-u kun ishlamoqda.
Shuningdek, TIV xavfsizlik nuqtai nazaridan, iloji bo‘lsa, jangovar harakatlar sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan joylarda ko‘chaga chiqmaslikni va vahimaga tushmaslikni so‘ragan.
«Lvovga temir yo‘l orqali kelganlar diasporamiz vakili Ma’ruf Soliyevga murojaat qilishlari mumkin. Yig‘ilish joyining fotosurati va lokatsiyasini yubormoqdamiz. Qo‘ng‘iroqlar va xabarlar juda ko‘p, har biriga javob berishga harakat qilyapmiz. Agar vaqtida javob bera olmasak, oldindan uzr so‘raymiz. Keyinroq siz bilan bog‘lanishga harakat qilamiz», — deydi elchixona o‘z axborotida.
Xonzodabegim A’zamova suhbatlashdi
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Trampning o‘g‘li Zelenskiy yaqin orada «nafaqadan» mahrum bo‘lishini yozdi
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Tramp jamoasi rasmiylarga yoqmagan generallarni “tozalash” uchun farmon tayyorladi
Jaloliddin Masharipov: "Qatar ustidan g‘alaba qozonsak, Jahon chempionati masalasini 90 foizga hal etamiz"
AQSHda Tramp siyosatidan qochmoqchi bo‘lganlarga 4 yillik sayohat taklif qilindi