
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy oxirgi kunlarda AQSHning tinchlik rejasi atrofida yuz borayotgan bosimlar fonida xalqqa murojaat qildi. Prezident murojaatida mamlakat hozir tarixidagi eng murakkab, eng tanqidiy bosqichlardan birida turganini ta’kidladi.
Uning aytishicha, Ukraina oldida bir nechta og‘ir va mas’uliyatli tanlovlar turibdi: qadr-qimmatdan voz kechish yoki strategik hamkordan ayrilish xavfi, 28 banddan iborat murakkab rejani qabul qilish yoki qahraton qish hamda boshqa tahdidlar bilan yuzma-yuz kelish ehtimoli. Zelenskiyga ko‘ra, hozir Vashingtondan qirrali va bosimli signallar kelmoqda — Ukrainaga hujum qilganlarga yana ishonish so‘ralayotgani esa alohida qiyin qarorlar talab qiladi.
Prezident shunday dedi:
«Biz o‘zimizni xotirjam tutayotgandek ko‘rinamiz, ammo amaliy ishlarni ham shiddat bilan olib borayapmiz. Amerikalik hamkorlar bilan muzokaralar kuchaytirilmoqda — shunda dushman “Ukraina tinchlikni istamayapti” deb bahona topmasligi kerak. Men tinchlik rejasida ikki muhim masala – xalqimizning qadr-qimmati va erkinligi inobatga olinishi uchun kurashaman. Urush to‘xtasin, lekin Ukraina ham, Yevropa ham, jahon ham yiqilmasin».
Zelenskiy, shuningdek, Ukraina armiyasi deyarli to‘rt yildan beri dunyodagi eng kuchli harbiy tuzilmalardan birini to‘xtatib turganini eslab o‘tdi. Xalq urushdan charchagan, barcha barqaror tinchlikni istaydi. Ammo prezidentga ko‘ra, eng mustahkam metall ham uzoq bosimga chiday olmaydi — shu bois ichki birdamlik hozirgi jarayonda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
«Rossiya uchun eng qo‘rqinchlisi — ukrainlarning birligi. Tinchlikka erishish uchun uzil-kesil yaqinlashgan paytda xalqimning qo‘llab-quvvatlashi men uchun beqiyos. Siyosatchilar, fuqarolar, barchamiz o‘zaro janjalni to‘xtatishimiz va beshta-o‘nta siyosiy o‘yinga berilmasligimiz kerak. Men xalqim yonimda turganiga ishonaman», — dedi Zelenskiy.
Uning ta’kidlashicha, kelayotgan hafta Ukraina uchun imtihonli bo‘ladi: tashqi bosimlar, millat ichida ixtilof chiqarishga qaratilgan urinishlar va manipulyatsiyalar ko‘payishi kutilmoqda. Prezident bunday sharoitda jamiyat yanada birlashishi, dushmanning rejasiga yo‘l ochmasligi kerakligini ta’kidladi.
Murojaat yakunida Zelenskiy yana bir bor shunday dedi:
«Biz tinchligimiz, qadr-qimmatimiz va erkinligimizni muhofaza qilish uchun birdamlikda bo‘lishimiz shart. Men yolg‘iz emasligimni bilaman — Ukraina xalqi har doim mening ortimda turgan».
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.