date

Putin: Tramp taklif qilgan yangi reja tinchlikka asos bo‘lishi mumkin

Putin: Tramp taklif qilgan yangi reja tinchlikka asos bo‘lishi mumkin

Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati tomonidan ishlab chiqilgan Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasi haqida fikr bildirdi. Uning ta’kidlashicha, mazkur hujjat Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi uzoq yillik to‘qnashuvni diplomatik yo‘l bilan hal qilish uchun muayyan poydevor vazifasini bajarishi mumkin.

Putin Rossiya rejaga doir matnni rasman olganini tasdiqladi. Biroq u bugungacha Moskva bilan batafsil muhokama o‘tkazilmaganini aytdi. Buning asosiy sababi sifatida u Ukraina hukumati hozircha taklif etilgan shartlarga rozilik bildirmayotganini ko‘rsatdi.

Prezident quyidagilarni ta’kidladi:

«Alyaskadagi muzokaralardan keyin Amerika tomonida ma’lum tanaffus kuzatildi. Bu esa, ehtimol, Ukraina tomonining Tramp taklif qilgan avvalgi rejadan voz kechgani bilan bog‘liq. Shundan keyin 28 banddan iborat yangilangan – modernizatsiya qilingan variant paydo bo‘ldi. Bizda bu matn bor, uni aloqa kanallari orqali oldik. Menimcha, u kelgusida tuziladigan tinchlik kelishuviga asos bo‘lishi mumkin. Ammo hozircha biz bilan uning mazmuni batafsil muhokama qilinmagan. Sababini taxmin qilish mumkin – Ukraina rozi emas».

Putin, shuningdek, Kiyev va uning Yevropa hamkorlari hali ham «jang maydonida Rossiyani strategik tarzda mag‘lub etish mumkin» degan illyuziyada ekanini bildirdi. U bunday pozitsiya real vaziyatdan yiroqligini, obyektiv ma’lumotlar yetishmayotganini ta’kidladi.

Mazkur reja haqida avvalroq Axios nashri xabar bergan edi. Hujjat qoralama deb baholangan bo‘lsa-da, uning haqiqiyligini ham Ukraina, ham AQSH manbalari tasdiqlagan. Rejada Ukrainaning bir qator hududiy va harbiy imkoniyatlariga oid chuqur yon berishlari borligi aytiladi. Shuning uchun ham ayrim Yevropa davlatlari bu taklifga keskin qarshi chiqmoqda — ularning fikricha, bunday shartlar Ukraina xavfsizligiga katta tahdid solishi mumkin.

Shu bilan birga, Zelenskiy Vashington bilan yangi reja ustida texnik darajada ishlashga tayyorligini bildirgan. Uning ta’kidlashicha, Ukraina tinchlikka erishishni istaydi, ammo bunda xalqning qadr-qimmati va milliy manfaatlar birinchi o‘rinda turishi kerak.

Jahon siyosiy maydonida qizg‘in muhokamaga aylanib ulgurgan mazkur hujjat atrofidagi bahslar hali davom etishi aniq. Chunki har bir band, har bir prinsip Ukraina kelajagiga va Yevropa xavfsizligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Putin: Tramp taklif qilgan yangi reja tinchlikka asos bo‘lishi mumkin