
Indoneziyaning Markaziy Yava provinsiyasida kecha, 21-noyabr kuni ro‘y bergan qudratli ko‘chki katta fojiaga aylandi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, kuchli yomg‘irlar ortidan yuzaga kelgan tabiiy ofat oqibatida kamida 30 kishi halok bo‘lgan, yana taxminan 40 nafar fuqaro hali ham bedarak deb hisoblanmoqda. Bu haqda mamlakatning tabiiy ofatlar oqibatlarini yumshatish agentligi vakili Abdul Muhari ma’lumotlariga tayanib, “Reuters” xabar tarqatdi.
Ko‘chki avvalo Chilakap shahri va Banjarnagara tumanidagi qator manzillarga yopirilgan. Abdul Muharining ta’kidlashicha, o‘nlab xonadonlar jiddiy zarar ko‘rgan, 900 dan ziyod aholi xavfsiz joylarga ko‘chirilgan. Ayrim hududlarda yer qavati qattiq surilib, inshootlar qisman yoki butunlay vayron bo‘lgani qayd etilmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qidiruv-qutqaruv jarayonlari qator qiyinchiliklar bilan kechyapti. Chiqindilarga to‘lib qolgan ko‘chki havzalari, quyilib oqayotgan suv massasi va yana yog‘ishi kutilgan yomg‘irlar ishlarni sekinlashtirmoqda. “Bunday sharoitda yangi ko‘chkilar xavfi yuqori, shu bois har bir qadam juda ehtiyotkorlik bilan amalga oshirilmoqda”, dedi u.
Chilapandagi qidiruvlarda kamida 700 nafar qutqaruvchi, shu jumladan politsiya va harbiylar ham ishtirok etmoqda. Tezkor guruhlar ishlarini kelasi haftagacha davom ettirishi kutilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Indoneziyada yomg‘irlar mavsumi sentyabr oyida boshlangan bo‘lib, meteorologlarning baholashicha, kelasi yil apreligacha cho‘zilishi mumkin. Bu esa mamlakatning ko‘plab mintaqalarida toshqinlar, sellar va kuchli yog‘ingarchilik xavfini yanada oshiryapti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.