18:39 / 21.04.2022
1 195

Ukrainadagi urushda bo‘lib qaytgan rossiyalik jurnalist: Qamaldagi hayot haqida

Ukrainadagi urushda bo‘lib qaytgan rossiyalik jurnalist: Qamaldagi hayot haqida
Yelena Kostyuchenko Ukrainaga Rossiyaning «Novaya gazeta» muxbiri sifatida borgan edi. Uning Odessa, Xerson va Nikolayev shaharlarida tayyorlangan reportajlari ushbu gazetada senzura cheklovlari bilan e’lon qilingan. Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga rioya qilinganiga qaramay, Bosh prokuratura va «Roskomnadzor» talabi bilan matnlar o‘chirib tashlangan, «Novaya gazeta» esa o‘z ishini to‘xtatishga majbur bo‘lgan.

«Novaya gazeta. Yevropa» nashri uchun maxsus ravishda Yelena Kostyuchenko Ukrainadagi urushda o‘zi ko‘rgan narsalar haqida gapirib berdi.

— Xerson istilo boshlanganidan buyon qamal ichida qolgan: shaharga kirish va chiqish yo‘llarining barchasi Rossiya armiyasi tomonidan nazorat qilinadi, logistika juda buzilib ketgan. Bu oziq-ovqat tashish va dori yetkazib berishni normal tashkil etishga xalal beradi. Oziq-ovqat mahsulotlari bilan bog‘liq vaziyat yaxshilandi, chunki ulgurji baza yana ishlashni boshladi va shaharga sabzavotlar olib kirildi, ammo dorilar bilan bog‘liq holat juda yomon.

Xerson kasalxonalarida eng muhim dorilarning bir-ikki oyga yetadigan zaxirasi bor. Bular kasalxonaga kelib tushgan juda keskin holatdagi odamlar uchun kerak bo‘ladigan dorilardir. Biroq surunkali kasalliklarda zarur bo‘ladigan, yashashga ko‘maklashib turishi uchun qabul qilish kerak bo‘lgan dorilar guruhlarining hech biri shaharda yo‘q. Yurak dorilari, qon bosimini pasaytiruvchi yoki normallashtiruvchi dorilar, psixotrop dorilar, L-tiroksin (bu dorini qalqonsimon bezi olib tashlangan yoki ishlamaydigan odamlar butun umr qabul qilib yurishi kerak), gormonal dorilarning hech qaysisi yo‘q. Bu gumanitar halokat. O‘z yaqinlarining ahvoli kundan kunga yomonlashayotganini ko‘rib turib, ularga yordam bera olmayotgan xersonliklar uchun esa juda og‘ir vaziyat.

Shahardan chiqib ketishning deyarli iloji yo‘q. Men esa bir mo‘’jiza sabab bunga muvaffaq bo‘ldim.

Shahardan chiqib ketishga uringan oddiy fuqarolar mashinalari, shu jumladan, ichida bolalar bo‘lgan avtomobillar ham o‘qqa tutilgani qayd etilgan holatlar bor. Shunday o‘qqa tutilgan bitta mashina haqida aniq bilaman, lekin, tushunishimcha, bunday holatlar bir necha marta yuz bergan.

U yerda Xersondan Nikolayevga olib boruvchi ikkita asosiy yo‘l bor. Shahardan chiqib ketayotganimda dastlab Chernobayevkaga olib boradigan yo‘l bo‘ylab yurdim. Rossiyaning uchta blokpostidan muvaffaqiyatli o‘tib oldim, uchinchi blokpostda menga: «Sizni o‘tkazib yuboramiz, lekin keyingi blokpostda sizni o‘qqa tutishadi», — deyishdi. Mening «Nima uchun?» degan savolimga javoban ularda shahardan chiqib kelayotgan barcha mashinalarga o‘q uzish haqida buyruq borligini aytishdi. Men: «Oddiy fuqarolar mashinalarinimi?» — deb so‘radim. U tasdiq javobini berdi, shu jumladan oddiy fuqarolar mashinalari ham, dedi. Mana shuni o‘z quloqlarim bilan eshitdim.

Oziq-ovqat mahsulotlari hozir ikki baravar qimmatlashgan, tuxum esa, masalan, uch baravar qimmatlashgan. Asosiy katta supermarketlardan un, makaron, yormalar, shakar g‘oyib bo‘lgan. Lekin ularni bozordan uch baravar qimmatga topish mumkin. Shaharga faqat Rossiya gumanitar yordami yetkazilmoqda, Ukraina gumanitar yordami qo‘yilmayapti. Men o‘sha yerda paytimda yuk mashinalaridan gumanitar yordamni tushirishganini ko‘rgandim.

Shu yerda xersonliklar uchun murakkab ma’naviy tanlov yuzaga keladi: istilo ma’murlaridan yordam olish kerakmi, yo‘qmi? Bu yordamni qabul qilgan odamlarni ko‘rganman. Ular bilan suhbatlashganman. Umuman olganda, bu odamlar — ular qanchalik samimiy, bilmayman — Rossiya propagandasi hikoyasini takrorlaydi: «Ruslar tartibga keltirish uchun bu yerga keldi; bizning hukumat yomon, rus hukumati esa yaxshi; ular bu yerda bizning hayotimizni yaxshilab beradi». Bu gumanitar yordamni olgan odamlar, ko‘rdimki, bunga juda-juda ehtiyojmand, ular juda nochor odamlar.

Umuman olganda, ularning boshqa yo‘li yo‘q, buni o‘zlari ham aytib turadi. Ular qimmatlashib ketgan mahsulotlarni sotib ololmaydi — ular bepul mahsulotlar to‘plami uchun navbatda turishga majbur. Bu navbatlarda, siyosat haqida gap ketganda, ular Rossiya hukumatidan qanchalar minnatdor ekanini aytadi. Rossiya hukumati bu odamlarni shunday vaziyatga qo‘ygani menga qabih bo‘lib tuyuladi. Bu minnatdorlikni samimiy deb qabul qilish kerak, deb o‘ylamayman: bu odamlar juda qiyin sharoitda qoldirilgan.

Qrim — Xersondan chiqib ketishning yagona usuli. Istilo ma’murlari tomonidan ishlab chiqilgan evakuatsiya yo‘nalishlari faqat Qrim, bosib olingan hudud tomonga bor. Bilaman, odamlar shunga ham ro‘yxatdan o‘tadi. Ro‘yxatdan o‘tish viloyat kengashi binosida bo‘ladi, avtobuslar tashkil qilinadi va 2—3 kunda bir marta ular karvon bo‘lib Qrimga yo‘l oladi. Ammo bilishimcha, direktorlar Xersondan urushning eng birinchi kunlarida, hali buning imkoni bo‘lgan paytda chiqib ketgan. Va ular Ukraina nazorati ostidagi hududga qarab ketgan. Xerson ma’muriyati hisob-kitoblariga ko‘ra, shaharning taxminan uchdan bir qismi ketib qolgan. Qrimga avtobuslar oqimi qanchalik serqatnovligidan xabarim yo‘q, men u yerdaligimda ko‘rmaganman.

Novaya gazeta1, Yelena Kostyuchenko1, Roskomnadzor1, Senzura cheklovlari1, Ukrainadagi urush1 Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukrainadagi urushda bo‘lib qaytgan rossiyalik jurnalist: Qamaldagi hayot haqida