01:22 / 12.10.2017
8 091

Farzandingiz qorong‘ulikdan qo‘rqadimi?

Farzandingiz qorong‘ulikdan qo‘rqadimi?
Deyarli har bir kichkintoy qorong‘ulikdan hayiqadi. Ko‘plab ota-onalar esa ushbu qo‘rquvni bola injiqligiga yo‘yib, unga alohida e’tibor qaratmaydilar. Kichkintoyni turli usullar bilan (yalmog‘iz kampir, kuchuk va hokazo) qo‘rqitish esa vaziyatni yanada chuqurlashtirib yuboradi.

Qorong‘ulikdan qo‘rqish – bolalarda bot-bot uchraydigan fobiya turlaridan biri. Agar farzandingiz sizga qorong‘ulikdan qo‘rqayotgani haqida ma’lum qilsa, tanbeh berishga shoshilmang. Qo‘rqish uchun asos bo‘ladigan hech narsa yo‘q ekanligini takror va takror aytish ham uni tinchlantirish uchun yetarli emas.

Kichkintoyni uxlash uchun o‘z o‘rniga yotqiza turib, tunchiroqni yoqib qo‘ying va sevimli ertaklarini aytib chalg‘itishga harakat qiling.
Odatda bolakaylardagi bu qo‘rquv 2 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan davrda avj oladi. Devorlarda paydo bo‘lgan har qanday soya bolakay nazdiga mahluqlarga o‘xshaydi, qorong‘ulikda hattoki o‘yinchoqlari ham yovuz qahramonlar kabi ko‘rinish oladi. Shu sababli uyqu oldidan mittivoylarga yoquz qahramonlar ishtirok etgan multfilmlarni qo‘yib berish yaramaydi. Oxiri yaxshilik bilan tugaydigan ajoyib ertaklarni eshitib uxlaganga nima yetsin?!

8 yoshdan oshgan bolalardagi qo‘rquv esa tushkunlik holatlari sabab paydo bo‘ladi. Bu o‘rinda bolani qo‘rqoqlikda ayblay ko‘rmang. Garchi sizning yoningizda o‘zini odatdagidek tutishda davom etsa ham, qo‘rquv bilan yolg‘izlikda kurashaveradi.
Bolangiz qanday og‘ir xato qilganidan qat’iy nazar uni hech qachon qorong‘u xonaga qamab qo‘rqitmang. Qorong‘ulikdan qo‘rqish aynan shunday vaziyatlarda ham shakllanishi mumkin.

Eng yaxshisi bolaga qorong‘ulikdan qo‘rmaslik kerakligini shaxsiy namunangiz orqali namoyish eting. Bolalikda siz ham ma’lum narsalardan hadiksiraganingiz, vaqt o‘tib esa mazkur holat o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketgani haqida so‘zlang. Yurakdan chiqayotgan so‘zlaringiz bu paytda uning uchun eng yaxshi tasallidir!

Bolaning yoningizda uxlashi uchun imkon yaratmang. Garchi u siz bilan tinchroq uxlasa-da, vaqt o‘tib o‘z xonasiga kira olmaydigan darajada ko‘nikib qoladi. Shu boisdan uni o‘z xonasida uxlashga ko‘ndiring, uxlab qolgunicha suhbat quring hamda ertaklar o‘qing.
Unutmang, bolakayni qo‘rqitish ham, jazolash ham, haddan ortiq erkalatish ham ushbu vaziyatning yechimi emas! Uni mehru-muhabbatingiz va iliq so‘zlaringiz bilan qo‘rquvlardan himoya qiling!

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Farzandingiz qorong‘ulikdan qo‘rqadimi?