date
views 6 332

Ota duosi...

Ota duosi...
Begona joy, begona odamlar,biznikiga uncha oʻxshamaydigan urf-odatlarga oʻrganishim uchun koʻp qiynalishimga toʻgʻri keldi. Bir yoqda yaqinlarim bilan bordi-keldi yoʻq. Ikkinchi tomondan birin-ketin tugʻilgan bolalarim. Oʻsha kunlarning birida qattiq kasal boʻlib yotib qoldim. Avvaliga qattiq isitma tutdi. Erim tez yordam chaqirdi. Lekin isitmamni tushiraolishmay, meni kasalxonaga olib ketishdi. Kasalxonada bir oycha yotib qoldim. Uydagilarga xabar berishga yoʻl qoʻymadim. Ichimda, esa nuqul “otamning qargʻishi urdi. Uzoq joyga turmushga berishni istamagani bekor emas ekan”, – deyman. Xali oyoqqa turmasdan,butun badanimga pufakchali toshmalar toshib ketdi. Koʻrinmagan shifokorim, olmagan muolajam qolmadi. Endi shifokorlar xar kuni oʻzlari uyimga kelib, tekshirib, turli dorilarni tanamda sinab koʻrishardi. Ayrim xonada xuddi moxovlardek bir oʻzim yotaman. Tovoq-qoshiq, xamma narsam ajratilgan. Bolalarimga yuqib qolishlaridan qoʻrqib, yonimga kiritishmaydigan boʻlishdi. Bir kuni katta qizim asta eshikdan kirib keldi.

– Ona, sizni sogʻinyapmiz. Ammo dadam kirishga ruxsat bermayaptilar. Siz tuzalmaydigan kasalga yoʻliqibsiz.

Qizim shunday deb yigʻlab yubordi. Unga qoʻshilib men xam yigʻladim. Shu kecha juda koʻp yigʻladim. Yigʻlay-yigʻlay uxlab qolibman. Tushimga oppoq soqolli nuroniy bir otaxon kirdi.

– Yigʻlama, qizim, – dedi sochlarimni silab.

– Ota, deyman unga -. Hamma joyimni yara-chaqa bosib ketgan. Hatto boshlarimgacha yara. – Mayli qizim, xafa boʻlma. Ertaga ertalab bozorga bor. Bozor aylan, qizim. Shu dam uygʻonib ketdim. Xonam qandaydir yorugʻ nurga toʻlganini sezdim. Bu nur mening yuragimga oqib kira boshladi. Ruhim engillashdi. Yuragim hapriqa boshladi. Shu tun tongni betoqat kutdim. Ertalab erim kirib keldi. U mening tashqari chiqishimga aslo ruxsat bermadi. Ustimdan qulflagani eshitildi. Oʻrnimdan turishga urindim. Sal holsiz edim. Tushim esimga tushib, boshimni ushladim. Vo ajabo, avvallari suvi chiqib turadigan yaralar oʻrni qotib, qurigan teri uvalanib tusha boshladi. Koʻzgu oldiga bordim, badanimdagi yaralar rangi sal qoraygandek tuyuldi.

– Qizim, eshikni och, – deya eshikni qoʻllarim bilan ura boshladim. Asta eshik ochildi. Eshik oldida qoʻrquvdan koʻzlari katta ochilgan qizim turardi.

– Menga pul ber, men bugun bozor qilib kelaman – dedim.

Uyimiz xar yili yarmarka oʻtkaziladigan koʻcha boʻyida joylashgan edi. Shu kuni hosil bayrami munosabati bilan oʻtkaziladigan yarmarka ochilganini koʻchaga chiqqach bildim. Juda quvonib ketdim. Biroq quvonchim uzoqqa bormadi. Birinchi uchratganim yaqin qoʻshnim edi. U meni koʻrishi bilan aftidan salomlashmaslik uchun tez burilib joʻnab qoldi. Koʻchaning ikki tarafida doʻkonlarda kartoshka, sabzi, piyoz, qovun-tarvuz sotilayotgan edi. Ammo yonlariga borishim bilan sotuvchilar menga orqa oʻgirib olishardi. Bir joyda kartoshkaga qoʻlimni tegizishim bilan sotuvchi ayol: – Hoy, iflos qoʻlingni tort”, deb baqirdi. Sal narida turgan sotuvchi kishi esa menga achindi shekilli:

– Opa, keling, mendan savdo qilaqoling. Faqat xafa boʻlmang, qoʻlingizni tekkizmang, oʻzim eng yaxshilaridan oʻlchab beraman – dedi. Pulimni esa olmadi. Uyga qaytayotib birinchi uchragan choʻloq tilanchi boboga bor pullarimni sadaqa qildim. U meni uzoq duo qildi. Shundagina ikki soatlardan beri bozorda yurganimni, oʻzimni ancha engil sezayotganimni payqadim. Qizim eshik oldida meni kutib turardi. Uyga kirganimda qizim yaralarimning oʻrni qorayib qolganini aytdi. Shu oʻtgan bir necha oy ichida birinchi bor oʻzim yuvinib ustimga toza liboslarimni kiydim. Erim ishdan qaytganida men bozordan olib kelgan kartoshkani qovurib stolga qoʻyayotgan edim. U koʻzlariga ishonmay, bir zum serrayib qoldi. Soʻng otamga mening kasallanganimni aytishdi. Aslida otamni sogʻingan, uning duoi fotihasini olishni istagan edim.
Zebo RAJABOVA

Manba: mulohaza.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Foydali » Ota duosi...