06:30 / 21.02.2018
10 270

Ajrashgan yigitga qizimni beraymi?

Ajrashgan yigitga qizimni beraymi?
“28 yoshli qizimga ayoli bilan ajrashgan yigitlardan sovchi kelayapti. Otasi qizimizni oilasi buzilgan yigitlarga uzatishni aslo xohlamayapti. Qaynopalarim ham “teng tengi bilan-da” deganday qilishyapti. Ularga quloq solsam, qizimning yoshi yil sayin ulg‘ayib borayapti.
Qizimning taqdirini o‘z bilganimcha hal qilay, desam, xato qilib qo‘yishdan cho‘chiyapman. Menga maslahat bering?”

Vasila, Toshkent shahri.


Tahririyatimizga bunday mazmundagi maktublar ahyon-ahyonda bo‘lsa-da, kelib turadi. Shu mazmunda maktub yo‘llagan gazetxonlarimizga jo‘yali maslahat berish niyatida mutaxassislarning shu xususdagi fikrlari bilan qiziqdik.

“…og‘zi kuygan qatiqni ham puflab ichadi!”
Gulruh ADHAMOVA, ruhshunos:
– Qandaydir sabablarga ko‘ra turmush qurmagan, yoshi kattaroq bo‘lib qolgan qizlarning xonadoniga ajrashgan yigitlardan sovchi kela boshlaydi. Xonadon egalarida, shuningdek, bo‘y qizlarda ham: “Xotini bilan bejiz ajrashmagandir, o‘zining ham biron aybi, kamchiligi bordir?!” degan fikr tug‘ilishi tabiiy. Shu bilan birga “Ko‘z ochib ko‘rgani boshqacha bo‘ladi. Ikkinchi xotinini birinchisi bilan solishtirib, kamchiligini qidiraveradi”, degan fikr ham tug‘ilishi mumkin. Bu fikr, ayniqsa, onalarni ko‘proq xavotirga soladi.

To‘g‘ri, qiyoslash biz insonlarga xos xususiyat. Hatto jamoaga yangi boshliq kelsa ham avvalgisiga solishtiramiz. Lekin insonlardan faqat yomonlik kutmaslik kerak.

Oilaviy ajralishlarni mutlaqo yoqlamagan holda, bu hodisaga daxldor ba’zi ijobiy jihatlardan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ya’ni, turmush qurgan yigit oilani boshqarish, ayoli bilan qanday munosabatda bo‘lish borasida tajribaga ega bo‘ladi. Bir marta sutdan og‘zi kuygan odam qatiqni ham puflab ichadi, degan gap bor. Birinchi turmushida u hayotga, oilaga yengil-yelpi munosabatda bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi marta adashmaslikka, har tomonlama o‘ylab juft tanlashga harakat qiladi. Birinchi ayolidan farzandi bo‘lsa, demak, u sog‘lom, o‘zidan zurriyotlar qoldira oladi. Chunki bepushtlik, befarzandlik tufayli ajrashib ketayotgan oilalar ham borligi sir emas.

Yigitning farzandi borligidan cho‘chimang. Uylangan yigitga turmushga chiqqan yoki chiqmoqchi bo‘lgan ayrim qizlar “Bolasi tufayli birinchi xotini bilan yarashib oladi, meni tashlab ketadi”, degan xavotirda yashaydilar. O‘ziga ishonmagan ayolgina bunday xayollarga boradi. Eri birinchi oilasidan ko‘rgan farzandidan xabar olgani borsa, ikkinchi ayoli rashk qilib: “Bola bahona, diydor g‘animatmi, yana uni ko‘rgani bordingizmi?!” qabilida janjal ko‘taradiki, bunday ayblovlar er-xotin orasiga sovuqchilik soladi. Agar biror qiz ajrashgan yigit bilan oila qurmoqchi bo‘lsa, turmushning mana shunday jihatlari haqida obdan o‘ylab ko‘rishi, shunday vaziyatlarni to‘g‘ri qabul qilolsagina bolali yigit bilan turmush qurishga rozi bo‘lishi kerak.

O‘shlar fiziologik jihatdan bir-biriga mos bo‘lishi shart!
Ra’no ORIPOVA, oliy toifali akusher-ginekolog:
– Ba’zan, katta yoshli erkaklarning yosh qizlarga uylanayotganiga guvoh bo‘lamiz. Bunday nikohlarni men shifokor sifatida yoqlamayman. Turmush qurayotgan juftliklar o‘rtasidagi farq 4-5 yoshdan oshmasligi tarafdoriman. Chunki 40 yoshli erkak bilan 20 yashar qizning fiziologik tuzilishida, dunyoqarashi va psixologiyasida katta farq bo‘ladi. Ular orasida jinsiy nomutanosiblik kelib chiqishi mumkin. Shu bilan birga o‘rta yashar erkaklar shu yoshiga qadar uylanmagan yoki ajrashgan bo‘lsa, pinhona jinsiy hayot kechirgan bo‘lishi, bu pala-partish jinsiy hayotida OITS, so‘zak kabi venerik kasalliklarni, bepushtlikni keltirib chiqaradigan viruslarni yuqtirib olgan bo‘lishi mumkin.

Achinarlisi, u yosh rafiqasiga ham bu xastaliklarni yuqtirishi ehtimoldan xoli emas. Shu bois ajrashgan yigit bilan oila qurayotgan qiz tibbiy ko‘rikdan mukammal o‘tishi, agar yigitda shunday kasalliklar aniqlansa, u to‘ygacha davolanib olishi kerak. Shu bilan birga garchi, yigitning jinsiy hayot borasida tajribasi bo‘lsa ham oila qurayotgan juftliklarga “Yosh kelin-kuyovlar maslahatxonasi”ga borishni tavsiya etaman. Chunki juftliklarimiz jinsiy hayot odobi va madaniyati borasida o‘rganishlari lozim bo‘lgan jihatlar ham ko‘p deb o‘ylayman.

“Onasi O‘pmagan Qizga uylanmasammi…”
Ra’no QORABOYEVA, Toshkent shahar “Shodlik” nikoh uyi mudirasi:
– Men jamiyatning poydevoriga qiyoslanadigan oilalarning buzilishiga mutlaqo qarshiman. Birgina oila buzilsa, jamiyatga darz ketadi. Afsuski, yoshlarimiz arzimagan sabablar bilan ajrashib ketishayapti. Birgina misol: ota-onasini ko‘rgani uyiga borib, kechroq qaytgan kelinidan ranjigan qaynona janjal ko‘taradi, oylab keliniga chiroyini ochmaydi. Bu kichik muammo asta-sekin gazak olib, katta janjallarga sabab bo‘ladi. Qaynona o‘g‘liga: “Yo xotiningni deysan, yo meni!” deb shart qo‘yadi. Nabiralarining yetim bo‘lib qolishini o‘ylamaydi ham…

Yoshlarni g‘o‘r desak, kap-katta, oq-qoraning farqiga boradigan ayollarni nima jin uryapti?!

Lekin hayotda ajrashishlariga jiddiy sabablar bo‘lgan juftliklar ham yo‘q emas. “Ajrashgan” degan ibora yigitning nomiga ham, ayolning nomiga ham yomon tamg‘a bo‘lib bosilmasligi kerak. Zero, hayotda har xil vaziyatlar bo‘lishi mumkin. “Ajrashgan!” degani bu uning bir umr baxtli bo‘lishga haqqi yo‘q, degani emas.

Qiziga xotin qo‘ygan erkakdan sovchi kelayotgan ota-onalarga, avvalo, ajrashishining sababini va muddatini surishtirishni maslahat bergan bo‘lardim. U yashaydigan mahalla oqsoqoli bilan ham, albatta, gaplashish kerak. Chunki u o‘zi raislik qilayotgan xonadonlardagi ahvolni yaxshi biladi. Qolaversa, hamma ajrimlarda ishtirok etadi. Oilaning darz ketishiga kim sababchi ekanidan, shu xonadondagi ruhiy muhitdan xabardor bo‘ladi. Iloji bo‘lsa, u qizning ota-onasiga yozma ravishda tavsiyanoma ham yozib bersinki, oilasidan ajrashgan erkak haqida bildirgan fikri uchun javobgarligi bo‘lsin!

Ayrim kattaroq yoshli erkaklar xotini bilan janjallashib qolib: “Qarab tur, hali seni kuydirib onasi o‘pmagan qizga uylanmasammi?!” deya dag‘dag‘a qilishadi. Xotini bilan ajrashib, tezlikda ma’suma qizga uylanib olayotganlar ham yo‘q emas. Jahl otidan tushgach, birinchi xotini bilan yarashib olib, oilasiga qaytadi. Oqibatda yoshgina bir qizning umri zavol bo‘ladi. Ko‘zida yoshi, qo‘lida bolasi bilan qolaveradi.

Sut bilan kirgan, jon bilan chiqadi!
Alisher XOLIQOV, ruhshunos-amaliyotchi:
– Ko‘pincha, ota-onalar kelin yo kuyovni yoshlarning fe’l-atvori, odob-axloqi, dunyoqarashiga qarab emas, boyligi, mavqei, mansabiga qarab tanlashadi. Inson psixologiyasi, fe’l-atvori, individning qaysi holatda o‘zini qanday tutishi yoki ma’lum vaziyatda qanday qaror qabul qilishining o‘zi bir jumboq. Buni psixolog olimlar haligacha o‘rganishadi. Psixologiya fani odamlarni bir necha guruhga bo‘lib o‘rganadi.

Og‘ir-vazmin, shaddot-serg‘ayrat, arazchi-ziddiyatkor, odamovi-odamoxun (xolerik, melanxolik…) va hokazo. Oilaning mustahkam bo‘lishida fe’l-atvorning mos kelishi birlamchi, eng muhim omil bo‘lishi kerak. Nafaqat oila qurish borasida, hattoki kosmosga uchishi lozim bo‘lgan fazogirlarning ham aynan fe’l-atvori bir-biriga mos keladiganlari tanlab olinadi. Nima uchun, degan o‘rinli savol tug‘iladi. Chunki notabiiy, murakkab sharoitda ziddiyatning kelib chiqishi katta talafotga sabab bo‘lishi mumkin. Biz oila qurish masalasiga ham ana shunday jiddiylik bilan yondashganimizda ajralishlar soni nisbatan ancha kamaygan bo‘lardi.

Binobarin, Xudo bergan fe’l-atvorni o‘zgartirish juda mushkul yoki umuman iloji yo‘q. Xalqimiz orasidagi “sut bilan kirgan, jon bilan chiqadi”, degan ibora ham bejiz aytilmagan. Fe’l-atvori bir-biriga mos kelmagan ikki inson yashayotgan oilada ulg‘aygan farzandlar ham alamzada, jizzaki bo‘lib o‘sadi. Shuning uchun ota-onalar kuyov yoki kelin tanlayotganda, yoshlarning fe’l-atvori, dunyoqarashi, qiziqishlarini, albatta, hisobga olishlari kerak, deb o‘ylayman.

Odam birinchi marta tuyg‘ulariga, ehtirosga berilib turmush qursa, ikkinchi marta aql bilan, ongli ravishda oila quradi. O‘ziga nima kerakligini biladi. Juft tanlashda u ancha erkin bo‘ladi, boshqalarning fikriga emas, o‘z ko‘ngliga quloq soladi. Shuning uchun ajrashgan yigitga qiz berishdan cho‘chimaslik kerak.

Aslida, bunday holatlarda ota-onalarni yigitning ajrashganidan ko‘ra ko‘proq noma’lumlik, “Qizim baxtli bo‘larmikin?” degan savol cho‘chitadi. Shu bois psixologlar aynan shu masalada ish olib boradi. Biz “feysbuk”da shunday sahifa ochganmiz. 25 dan 50 yoshgacha bo‘lgan ajrashgan kishilarga maslahatlar beramiz. Ularga o‘z fe’l-atvoriga mos juft tanlashni o‘rgatamiz. Ochiq eshiklar kunida turli psixologik testlar, bellashuvlar o‘tkazamiz. Chunki mustahkam bir oilaning bunyod bo‘lishiga yordam berish ham savobli ish…

Tabiatda hamma narsa jufti bilan yaralgan. Shunday ekan, inson yolg‘iz yasholmaydi. Er-xotin yaxshi-yomon kunlarda bir-biriga suyanchiq, dardkash, mehribon hamroh bo‘lishi, yaxshi xulqli komil farzandlarni tarbiyalab, voyaga yetkazishi kerak!
Mavluda IBROHIMOVA yozib oldi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ajrashgan yigitga qizimni beraymi?