14:27 / 17.06.2018
6 217

O‘rindiqda qoldirilgan tillalar...

O‘rindiqda qoldirilgan tillalar...
Toshkentdan oilamiz bilan qishloqqa safarga otlanayotgan edik. Ulovimizda bo‘sh joy borligi bois singlimizni ham birga olib ketadigan bo‘ldik. Men ishdan chiqadigan, oilamiz esa ishxonamiz yaqinidagi metro bekatiga tushish joyga kelib turadigan bo‘ldi. Kelishilgan paytda borsam, hamma kelgan, ammo singlimiz yo‘q edi. Men yana bir joyga uchrab o‘tishim kerakligi sababli shoshayotgan edim. Buni bilgan ayolim xijolat bo‘lib, singlimga qo‘ng‘iroq qilish uchun ulovdan tushib ketdi. Chunki singlimiz bilan uchrashiladigan joy va vaqtni u kelishgan edi...

Xullas, birozdan keyin singlim ham yetib keldi. Shoshilgancha yo‘lga otlandik. Ammo... shahardan 10-15 chaqirim uzoqlashganimizda birdan ayolim “voyy” degancha yon-verini titkilay boshladi. “Tinchlikmi, yana hamishagi gapmi” dedim odatdagiday yana biron narsa uyda qolib ketgan deb o‘ylab. “Sumkacham metroning oldidagi o‘rindiqda qolib ketibdi... — Ayolimning ovozi yig‘lagandan beri bo‘lib zo‘rg‘a chiqdi. — Hamma tilla taqinchoqlarimni ovolgandim uyda qoldirgim kelmay... Iltimos, qaytaylik...”

Yuqori tezlikda ketayotgan ruldagi odamga orqaga qaytish malol keladi-da. Qolaversa, odam tinimsiz o‘tib-qaytib turgan joyda, buning ustiga deyarli yarim tunda qoldirilgan sumkacha shuncha paytdan beri “egasini topib” ketmasligiga ham ishonish qiyin. Shu bois hatto tezlikni ham pasaytirgim kelmadi: “Bo‘pti-da, endi qaytgandan foyda yo‘q-ku...”

Ma’lum bo‘lishicha, singlimni metrodan chiqish joydagi o‘rindiqda kutib turgan ayolim singlim ko‘rinishi bilan xursand bo‘lib ketib uning qo‘lidagi yukni ko‘tarishga yordamga shoshilgan va sumkachasi o‘rindiqda qolib ketavergan. Shu bois singlim ham xijolat bo‘la boshladi: “Aka, iltimos, chiqmagan jondan umid, bir borib ko‘raylik...”

Tabiiyki, kayfiyatim buzildi. Yanga-qayinsingil yalingani sari ularning meni bekorga ovvora qilmoqchi ekanligidan badtar jahlim chiqa boshladi... Ammo... shu paytda ayolimning tilla taqinchoqlar uchun har yili zakot chiqarishi esimga tushib qoldi. Zakoti berilgan mol yo‘qolmasligi kerak edi-ku... Beixtiyor oyog‘im tormozga bordi. Shu paytda esa, xuddi qaytishim kerakligiga ishora bo‘layotgani kabi, oldinda orqaga qaytish belgisi ko‘rindi. Sekinlab borib, ortga qaytdim. Hamrohlar mum tishlaganday jim. Mening ichimda esa ham umid, ham xavotir. E’tiqodimizga ko‘ra bu taqinchoqlar yo‘qolmasligi kerak. Ammo yo‘qolgan bo‘lsa-chi? Unda ayolimning e’tiqodiga ta’sir qilmaydimi? Axir har yili uni zakot chiqarishga men undaganman, bu molingni himoya qiladi deganman... Shu xavotir tufayli sheriklarimga zakot berilgani tufayli qaytganimni aytolmayotgan edim...

Metro bekatidan nariroqdagi to‘xtash mumkin bo‘lgan joyga ulovni to‘xtatdim. Ayolim shoshilgancha tushib ketdi. Hammamizning nafasimiz ichimizda... Hamma u ketgan tomonga tikilgan. Men ham sir boy bermayotgan bo‘lsam-da, orqani ko‘rsatuvchi oynadan kuzatib turibman. Shu payt... ayolim ko‘rindi, ulovga havola bo‘lishi bilan sumkachasini baland ko‘tarib ko‘rsatdi, xursandligi ko‘rinib turardi, demak, ichidagilari ham yo‘qolmagan... “Alhamdulillah!”

Ko‘zimga beixtiyor yosh keldi... Yo‘q, tillalar yo‘qolmagani uchun emas, aslo! Allohning va’dasi haq ekanligiga yana bir bor guvoh bo‘lib turganimdan, Yaratgan egam ayolimning oldida tilimni qisiq qilib qo‘ymaganidan sevinch yoshlari edi bu!

Ayolim ulovga chiqasolib sumkachasini topib olgan bolalarni maqtay ketdi. “O‘rindiqdagi men sumkachamni qoldirgan joyda ikki yigit bemalol o‘tirganini orqadan ko‘rib umidim deyarli so‘nib, oyog‘im darmonsiz bo‘lib qoldi, — deydi ayolim. — Shunday bo‘lsa-da, yaqin borishim bilan yigitlar baravar ortlariga o‘girilishib, ulardan biri: “Opa, mobodo mana bu sumkani izlamayapsizmi?” — dedi. “Ha-ha, shuni izlayapman” desam, “Uzr, opa, kelsak bu shu yerda turgan ekan, ancha o‘tirdik, hech kim so‘ramadi. Shuning uchun unutib qoldirilganini tushunib, sumkada egasining biron hujjati yo manzili bormikan degan maqsadda endi ochib qarab turgandik”, — deya qo‘limga tutqazdi. Qarasam, ichida tillalar ham, pullar ham turibdi. Xursand bo‘lganimdan rahmat aytib, puldan qo‘limga ilashganini olib, “Mana bu suyunchi puli” deb uzatdim, ammo shuni ham olishmadi. Barka topishsin-yey...”

U gapiryapti, men esa ulovni katta yo‘l tomon boshqarar ekanman, ko‘z yoshlarimni yashirishga urinaman... Tomog‘imga tiqilib turgan narsa sal o‘tib ketgachgina tilga kirdim. “Mening birdan nimaga ortga qaytganimni bildilaringmi, taqinchoqlarning zakoti berilgani esimga tushgani uchun qaytdim.”

Ha, Allohning va’dasi rost!.. Uning Payg‘ambari faqat to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatadi: “Mollaringizni zakot (berish) bilan saqlangiz. Kasallaringizni sadaqa (berish) bilan davolangiz va turli balo-ofatlarga duoni hozirlangiz” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Nurbek Toshniyoz

Manba:Qadriyat.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » O‘rindiqda qoldirilgan tillalar...