04:16 / 08.11.2018
10 128

Bir kechalik kelinchak… (25-qism. Uchinchi fasl)

Bir kechalik kelinchak… (25-qism. Uchinchi fasl)
NAFISA

Boylarning xonadonida tug‘ilib o‘sgan qizlar odatda erka va injiq, xudbin, dimog‘dor bo‘lishadi. Jahlini chiqarsangiz-u, kashshoqlardan ekaningizni sezib qolishsa, «Sen o‘zi kimsan? Kuchala yegan yeringga borib kuchan! Haddingni bil!», qabilidagi haqoratlarni yog‘dirishdan ham toyishmaydi.

Xayriyatki, hademay yigirma yoshni qarshilay degan Nafisa bunday nuqslardan mosuvo bo‘ldi. U go‘dakligidan sevimli onasi Nasibaning ne azobda ishlashlarini, tortgan xo‘rliklarini, mushkulotlarini, nadomat-u, armonlarini baravar yelkasida ortmoqlab o‘sdi. Ko‘cha-ko‘yda qiynalgan odamlarni ko‘rsa, so‘nggi bir burda nonini-da, bo‘lishishga tayyor turdi.

Faqat… Nasiba boshidan o‘tgan qiyinchiliklar Nafisaning ham boshiga tushib qolmasligi uchun uni bolalikdayoq sportga berdi. Nafisa onasining xohishi bilan karatechi bo‘ldi. Shu narsa hali o‘n gulidan bir guli ochilmagan qizni sal erkakshodaroq qilib qo‘ydi. O‘ziga, kuchiga ishongani uchun maktabda ham sinfdosh o‘g‘il bolalar bilan xuddi o‘rtoqlar kabi dadil turib suhbatlashardi, xudo ko‘rsatmasin, sinfdosh qizlardan biriga qaysidir o‘g‘il bola shilqimlik qilsa yoki ranjitadigan gap aytsa, shu zahoti o‘rtaga tushardi. Kerak bo‘lsa, o‘sha bolaning qulog‘ini cho‘zib, burnini devorga ishqardi…

Shularni qayta-qayta o‘ylarkan, onasi qurib qo‘ygan nufuzli kafelardan biriga kirib keldi. Shu yerda negadir xotirjam tortadi. Qo‘liga bir chashka kofemi, choymi oladi-da, uzoq-uzoq o‘y surib o‘tiradi. Xo‘randalarning kelib-ketishlarini zimdan kuzatadi. Qachonki, asabiylik nari chekinsa, asta o‘rnidan qo‘zg‘aladi-yu, uyiga jo‘naydi.

Bugun ham shunday qilmoqchi edi. Ko‘z o‘ngidan kechagi manzara keta qolay demasdi.

Onasi Nasibaning tundlashib qolishi, ortda loyga botgan, kiyimlari isqirt ikki erkakning biri otasi ekanini tasavvur qilgani sayin asabiy lab tishlay boshlardi. Bir ko‘ngli baribir otasi borligidan to‘la boshlasa, bir ko‘ngli onasini xor-zor qilishga uringan bu tasqarani tepkilab tashla derdi. Ammo shaytonga qo‘l berib o‘rganmagan. Shaytonni o‘sha isqirt otasidan ham ming chandon yomon ko‘radi. Shuning uchun indamaygina qo‘l siltab qo‘ya qolishni afzal bilib, asta o‘rnidan qo‘zg‘alib ketishga chog‘landi. Biroq ikki qadam oldinga yurib ulgurmay, beixtiyor kafe burchagidagi barga ko‘zi tushib taqqa to‘xtadi.

Bar «stoyka»lari oldida xuddi o‘sha kecha o‘zi onasi bilan birga ko‘rgani ikki isqirt erkak barmen bilan nima haqiqadir bahslashardi. Chamasi, barmen ularni chiqib ketishga undar, erkaklar esa ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygancha nimalardir deb yolvorardi.

Nafisaning qalbi beixtiyor larzaga keldi. Xuddi isitmasi ko‘tarilgan bemor kabi a’zoyi badani o‘t bo‘lib yona boshladi.

Bilmaydi. Bu qanday his bo‘ldiki, Nafisani hayajonlanishga, titrashga majbur etmoqda. Negadir oyoqlari ham o‘sha tomon yurishni ixtiyor qilmoqda…

Nafisa lablarini qattiq tishlagancha shosha-pisha barga yaqinlashdi.

Erkaklar uni ko‘rdi-yu, o‘zlarini ikki qadam chetga oldi. Yo‘q, bugun ikkalasi ham binoyidek kiyinib olibdi. Kundalik jinsi shim, qora kofta…

Xuddi egizaklar kabi bir xil kiyinishgani Nafisani yanada ajablantirdi. O‘ziga qolsa, egizak bo‘lsa kerak degan o‘yga borardi. Onasi Nasibaning «ular aka-ukaykan», degan gapi esiga tushdi-yu, tilini tiydi.

— Bularga nima kerak ekan? — so‘radi barmendan narida turgan Furqat va Bilolga qarab olib. — Tinchlikmi? Yo tilanchilik qilishyaptimi?

— Nafisaxon, jondan to‘ydirvorishdi bu alkashlar, — arz qila ketdi barmen. — Ertalab so‘fi azon chaqirmasdan kelvolib bir stakandan aroq so‘rashuvdi. Berdim. Pulini hozir opkelib topshirishmoqchiydi. Opkelishmabdi. Yana ikki shisha aroq berarmishman. Haqini ertaga albatta yetkazisharmish. E, bunaqalarning milyontasini ko‘rvorganmiz. Opkelmaydi. Turishini ko‘ryapsiz-ku, bir-biridan isqirt. He, «bomj»lar!..

— Menga qarang, Tilash aka, — dedi jiddiylik bilan Nafisa yana bir karra otasi bo‘lmish Bilolga ko‘z tashlab olib. — Birovlarning ustidan kulish yaxshimas. Xudogayam xush kelmaydi. Agar o‘zingizam shularning kuniga tushib qolsangiz, nima qilardingiz? Keyin-chi, mening yonimda hayotda do‘qlamang qashshoqlarni! Tushundingizmi?..

Tilash barmen Nafisaning po‘pisasini eshitdi-yu, bosh eggan ko‘yi ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi. Shunday qilishga majbur edi. Nafisa jahli chiqqanda qanday tezob va jahldor qizga aylanib qolishini bilardi.

Gap qaytarib qo‘ysa, tepki yeb qolishdan, ishdan haydalishdan qo‘rqardi.

* * *
Shu tobda qayoqdan paydo bo‘lishdi, bilmaydi, ikki stol narida yuzlariga qora niqob tortgan, qo‘llarida kushxonaning uzun pichoqlarini siqimlagan uch barzangi paydo bo‘ldi.

O‘sha mahal kun shomdan o‘tgandi. Ko‘chalardagi simyog‘ochlarga o‘rnatilgan chiroqlar ham ketma-ket yoqila boshlagandi.

— Ollohu Akbar!.. — qichqirdi oldindagi barzangi kafe eshigini ichkaridan tambalab qo‘ygach. — Hammang polga yuztuban yot xonasalotlar! Yot dedim! Kassir qani? Vey, «Shilta», kassirni ushla! Pullarni qurtdek qilib sanab bermasa, so‘yvor!..

Bu orada qolgan barzangilarning biri telefon simlarini ham uzib tashladi. Polga turnaqator yotib olganlarning, hatto, barmenning ham qo‘l telefonlarini tortib oldi. Navbat Nafisaga yetdi. Qiz qarshisiga yaqinlashib kelib, og‘zidan tupuk sachratgancha zo‘rligini ko‘rsatishga urinayotgan, yuzi to‘la husnbuzarmi, yo boshqa allambalolarga to‘la ozg‘in, uzun bo‘yli bu bosqinchiga xotirjamlik bilan qarab qoldi. Bosqinchi esa u sukut saqlagani sari jahl otiga minardi.

— Vey, sen nega yotmading polga-a? — qichqirdi bosqinchi va Nafisaning yelkasiga qo‘l cho‘zdi.

Ana endi buyog‘iga tek turish sira to‘g‘ri kelmasdi. Nafisa bir zarb bilan bosqinchining qo‘lini surib tashladi. Bosqinchi qarshisidagi qizning bu qadar qaysarligini ko‘rib alamdan tamom bo‘layozdi. Jonholatda qo‘lidagi kushxona pichog‘ini tomog‘iga tirash uchun chog‘landi. Nafisa esa uning peshonasi aralash kuchli zarba yo‘lladi.

Bosqinchi lof bo‘lmasa, o‘n metr nariga uchib polga chalqancha quladi. Quladi-yu, uni o‘chdi.

Sheriklari ham anoyi emas-ku! Ular allaqachon imi-jimida kassadagi pullarni qora sellofan xaltaga joylab ketishga chog‘lanish arafasida ekan. Hamtovog‘ining kaltak yeb yiqilganini ko‘rishdi-yu, baravar Nafisaga tashlanishdi.

Ularga bir martalikdan oyoq zarbasi yetarli bo‘ldi. Ko‘ribsizki, uch bosqinchi, hozirgina «Ollohu Akbar» deya dunyoga jar solgan marazlar qatorlashgancha kafe polida «uxlab» qolishdi.

— Iltimos, hammangiz o‘rningizdan turing! — qichqirdi hanuz o‘rnidan turishga qo‘rqayotgan mijozlar, kafe xodimlariga Nafisa. — Bundan keyin hech kim sizlarni xafa qila olmaydi. Tilash aka, manavi pullarni kassaga solib qo‘ying. Keyin militsiyaga qo‘ng‘iroq qiling! Manavi nusxalarni opketishsin!..

Tilash obi-tobida pullarni kassaga qayta qo‘yib kelgandan keyin qo‘rqa-pisa Nafisaga yaqinlashib, polda cho‘zilib yotganlar tarafga ishora qildi. — Singlim… O‘lib qolmadimikan ishqilib?..

— Bunaqalar tramvayning tagida qolsayam butun chiqadi, — dedi Nafisa. — Melisa chaqiring, kelishguncha uyg‘onishadi noz uyqusidan. Xullas, hammasini sizga ishondim. Men tez uyga bormasam bo‘lmaydi.

— Xo‘p bo‘ladi! — dedi Tilash barmen qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib. — Rahmat, singlim!..

* * *
Nafisa uyga yanada tushkun kayfiyatda qaytdi. Uni bir tomondan tayyorga ayyorlik qilishga uringan bosqinchilar tashvishga solsa, ikkinchi tomondan yaxshimi, yomonmi, battolmi, bag‘ritoshmi, baribir padarining yurish-turishi azoblardi. Ich-ichidan noma’lum va o‘ta kuchli faryod otilib naq bo‘g‘ziga tiqilaverardi. Bu faryodni bo‘g‘zidan yulib tashlashga urinardi. Ammo haddi sig‘masdi. U go‘yoki otasi ko‘rinishidagi farishta-yu, og‘zi orqali kirib bo‘g‘zida tiqilgandek tuyulaverardi…

Onasiga ko‘rsatgan kunlari uchun xayolan bo‘lsa-da, qarg‘ashga, iymonsizdan olib iymonsizga solishga shaylanardi. Shu zahoti shashti allaqayoqlarga g‘oyib bo‘lardi-yu, bo‘shashgancha qolaverardi…

Otasining bir marta bo‘lsin chaqaloqligida qo‘liga olib erkalamagani, esini taniganda bir marta bo‘lsin uzoqdan ham qo‘l siltab salomlashmagani alam qilardi.

Keyin birpas ko‘ksidagi cho‘g‘ olovga aylanardi-yu, darrov o‘chardi…

Shunday o‘ylar girdobida uyga qanday yetib kelganini ham payqamabdi.

Hovlidagi so‘rida onasi yo‘liga ko‘z tikib o‘tirgan ekan. Nafisa mashinasining eshiklarini yopdi-da, bir muddat Nasibaga — mehribon volidasiga o‘sha yerdan turib tikilib qoldi.

Bechora ayolning sochlari paxtadek oqaribdi. Yoshi qirqdan o‘tiboq, yuzlariga ajin oralabdi. Dunyoning tashvishlari ham qurib ketsin. Odam qachongacha qo‘rqib-pusib umr kechiradi? Qachongacha quzg‘unlarga yem bo‘ladi. Qachon xotirjam tortadi-yu, o‘zi uchun ham yashaydi? Nega onamni xudoning bergan kuni shunday ma’yus holda ko‘raveraman? Qachon yuzlariga, lablariga tabassum yuguradi? Agar men uni shu dardlardan, bezovtalik va qo‘rquv, alam, armonlardan xalos eta olmasam, nega dunyoga keldim? Tayyoriga ayyor bo‘lib yashash uchunmi? Yo‘q, bugundan e’tiboran mening onam yetti qavat ko‘rpacha ustida o‘tirib, hayotning gashtini suradi. Oyijonimning dardlarini, tashvish yuklarini men yelkamga olaman. Tamom, vassalom!..

* * *
Nafisa ohista yurib kelib onaning ko‘ksiga bosh qo‘ydi-da, bir muddat sukutga soldi. Shu bahonada onaning yurak urishiga quloq tutdi. Uning yuragi hamon bezovta urar, ko‘ksining allaqayerida bezovtalik hissi izg‘irdi.

Vujudining allaqayeri bilinar-bilinmas titrardi.

— Oyijon, bugunam kafengizga qora niqoblilar bostirib kirdi, — dedi Nafisa shivirlab. — Qo‘llarida uzun pichoqlariyam bor.

— Nima? Sen… O‘sha yerdamiding? — Nasiba bu xabarni eshitdi-yu, turgan yerida sapchib ketdi. — Nima qildi? U yaramaslar senga yomonlik qip qo‘yishmadimi ishqilib?..

— Voy oyijonim-ey, — dedi onasining oqargan sochlarini silab Nafisa. — Boshqa odam bo‘lsa, darrov pullarini surishtirardi. Siz esa baribir meni qayg‘urdingiz-a! Qaysi sayyoradan tushgansiz o‘zi, oyi? Nibirudanmi, Marsdanmi?..

— Gapira qolsang-chi, — bu savollarga javob qaytarish o‘rniga Nasiba qizining ikki bilagini siqimlab oldi. — Biror yering lat yemadimi ishqilib?

— Nega lat yeyishi kerak? — dedi Nafisa. — Xuddi qizingizni bilmaydiganday so‘raysiz-a! Uchchala yaramasniyam melisaga topshirvordik. Pullarni esa kassaga qaytardik. Xavotir olmang! Menga hech kim jarohat yetkaza olmaydi. Hali unaqasi onadan tug‘ilgan emas.

— Sen baribir ehtiyot bo‘lgin-da, qizalog‘im, — dedi Nasiba yig‘lamsirab. — Undaylarga ishonib bo‘larkanmi?!. Orqadan kelib pichoq tiqvolsa nima qilaman men?..

— Xo‘p, manavi yerga o‘tiraylik, — so‘riga ishora qildi Nafisa toqati-toq bo‘lib. — Qani, o‘tirvoling-chi! Juda yaxshi-i! Endi mening gaplarimga yaxshilab quloq soling, oyi! Quloq solasizmi?

Nasiba farzandining bu qadar mehribonligidan yanada ko‘ngli bo‘shab ko‘zlari yoshlandi.

— Quloq solaman, — dedi Nafisani bag‘riga bosib. — Nima gaping bor? Aytaver, bolam, aytaver!..

— Ertadan boshlab hamma do‘kon-u sexlarni tungi klubgacha menga o‘tkazib berasiz. O‘zingiz ishga chiqmaysiz. Yetar! Shuncha ishladingiz, umringiz ish, ish, ishminan o‘tdi. Xo‘sh, nima topdingiz? Hech narsa. Agar manavi almisoqdan qolgan ikki qavatli uyni aytmasa, hech vaqongiz yo‘q. Odamlarga o‘xshab kurortlarga bormaysiz. Tog‘larga chiqib havo almashtirmaysiz. Men o‘tgan haftadagiday davlinangiz ko‘tarilib azob chekishingizni xohlamayman.

Nasiba qizining bu gaplarini jim tinglab turgach, qalbi yanada ko‘proq faxr tuyg‘usiga to‘lib Nafisani qattiqroq quchib oldi. Lekin nimadir yodiga tushdimi, darrov qo‘llarini tortib oldi va shosha-pisha o‘rnidan qo‘zg‘alib, bir qadam ortga tislandi.

— Biznesni mening nomimga o‘tkazing deganday bo‘ldingmi? — so‘radi u Nafisaga alang-jalang boqib. — N-nega?

— Voy, hozirgina aytdim-ku negaligini! — tutoqib ketdi Nafisa. — Haliyam ishlashdan voz kecha olmayapsizmi? Shunga qo‘rqib ketdingizmi? Baribir ishlamaysiz, oyi-i, ishlamaysiz! Agar meni sevsangiz, ishlamaysiz!.

— Ishlamayman, qizim, ishlamayman, — dedi Nasiba majburan kulimsirab. — Faqat… Bir voqea esimga tushib ketdi. Shunga…

— Qaysi voqea? Ayting, oyi! Nima gap?..

Nasiba gap boshlashga shoshilmasdi. «Aytsammi-aytmasammi?», degan o‘y miyasini kemira boshlagandi. Lekin boshlashga boshlab qo‘ygan. Nafisa baribir aytmaganiga qo‘ymaydi.

— Qachonlardir anavi go‘rso‘xta otangminan turmush qurganimda, — dedi Nasiba lablari titrab. — To‘ydan keyin hech qancha o‘tmay, uyam biznesimni nomiga o‘tkazib berishimni so‘ragandi. Go‘yo mening ortimdan yomon odamlar soyadek ergashib yurganini bahona qilgandi. O‘shanda unga ishongandim. Darrov o‘tkazib bergandim. Shunga…

— Nima?.. — Onasining bu gaplari ko‘ksiga tig‘dek sanchilib, Nasiba rangi oqarinqiragan ko‘yi o‘rnidan turib ketdi. — Hali… Siz… Mengayam… O‘zingiz achchiq to‘lg‘oq yeb tuqqan, shu kungacha erkalab, dunyolariga ishonmay katta qilgan qizingizgayam ishonmaysizmi?..

— Yo‘q, yo‘q, aslo undaymas, — dedi Nasiba kulimsirab. — Shunchaki… O‘sha yaramas otang esimga tushib ketdi xolos. Senga esa biznes ekani-u, jonimni so‘rasangam ko‘ksimdan sug‘urib beraman, jonim. Sen bu aldoqchi, shafqatsiz, qonxo‘r va yiringxo‘rlar makon tutgan dunyoda yakka-yu, yolg‘izimsan. Senga ishonmasam, yerning betida nima qilib sandiraqlab yuribman? Albatta ishonaman-da!..

— Unda ertagayoq shu ishni tugatishimiz kerak. Cho‘zib bo‘lmaydi. O‘sha ifloslar menminan gaplashsin endi.

— Voy, qizim, tag‘in birontasini yomon urib qo‘ymagin! Bilib bo‘ladimi. Qamatvorishdanam toymaydi u qonxo‘rlar!

— Xavotir olmang, — dedi Nafisa onasining ikki yelkasidan tutib. — Meni qamatadigani hali enasining qornidayam yo‘q.

— Bo‘pti, ertaga sen aytganday hamma ishimni xatlab beraman. Hozir, yur, osh lanj bo‘p ketdi. Birgalashib yeylik!..

* * *
Sarvari olamga tun cho‘kdi. Oymoma zamin uzra sayr qilib, zoriqqanlarga o‘z nurlarini tarata boshladi. Shaffof nurlarini hech kimdan, yaxshidan, yomondan, dilozordan, qotildan, shoh-u gadodan ham darig‘ tutib o‘tirmadi. Barcha-barchaga o‘zining iliq taftini hadya etishda davom qildi.

Shu pallada Nafisa hashamatli yotoqning hashamatga burkangan karavotida derazadan oymomani jimgina tomosha qilardi. Hadeganda ko‘zlariga uyqu qo‘navermaganidan, miyasini turli o‘ylar zabtiga ola borardi.

«Ana endi men olchoqlar, poraxo‘rlar, tekinxo‘r o‘g‘ri-yu, bosqinchilarga ko‘rsatib qo‘yaman, — o‘ylardi u. — Mening onam ne mashaqqatlarda topgan pullarni talon-taroj qildirib qo‘ymayman. Agar shu ishni qila olmasam, o‘lib ketaverganim yaxshi. Birgina onasining og‘irini yengil qila olmagan farzandning yashashga ham haqqi yo‘q.. Darvoqe, ko‘zimni yumdim deguncha, o‘sha dilozor, shafqatsiz, toshyurak, battol otamning siymosi xayolimda gavdalana boshlaydi-ya! Unga na achinaman, na g‘azabnokman. Ko‘nglimning tub-tubida miltillagan chiroq yonib turgandek bo‘ladi. U mendan otamga yaqin borishimni, unga yordam berishimni talab qilaveradi. Boshqa bir chetida esa zulmat hukmron. Zulmat mendan u odamni nari haydab solishni, gunoh bo‘lsa-da, o‘ldirib yuborishni, onamning o‘chini olishni talab qiladi. Nima qilay? Meni dunyoga keltirgan odamga qanday qo‘l ko‘taraman? Otam-ku! Yordam bersam, tag‘in oyijonimning ko‘ngli o‘ksimasmikan? Hilvirabgina qolgan yuragi g‘am-anduhga to‘lib azoblanmasmikan? Menga bo‘lgan ishonchi ham so‘nib qolmasmikan?.. Bilmadim, xudoyim, bilmadim… O‘zing to‘g‘ri yo‘lga boshla, xudojon! Mendek g‘arib bandangni haq yo‘liga boshla!.. Ertadan boshlab esa oyijonim ham boshqa badavlatlar kabi «osobnyak»larda yashaydi. Besh qavatli hashamatli hovlining bekasiga aylanadi. Xudoyim, o‘zing guvohsan! Mening onajonim endi hech qachon g‘am, alam ko‘rmaydi..»
(davomi bor)

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Bir kechalik kelinchak… (25-qism. Uchinchi fasl)