Onalar haqida shunchalar ko‘p yozilganki, kishi yana shu haqda qalam tebratar ekan, onalar madhini yozib tugatib bo‘larmikin, deya ikkilanib qoladi. Haqiqatan, har bir kishi, ijtimoiy rutbasidan, mavqeidan qat’i nazar, onasidan moddiy va ma’naviy ozuqa olib kamolga yetadi. Payg‘ambaru valiylar, buyuk dahoyu olimlarni ham ona tarbiya qiladi.
Ona mehri, ona muruvvati, ona qalbining nihoyatda ulug‘ligi haqida so‘z yuritar ekanmiz, onalar maqtovini uddalay olishga ko‘zimiz yetmay qoladi. Ona qalbi yaralishdan beo‘lchov. Unda mehr ham, sabr-bardosh ham, mehr-shafqat ham cheksiz. Homiladorlikning qiynoqlari va cheklovlaridan quvonish, azoblariga dosh berish, tug‘ruq chog‘ida bir o‘lib-tirilish, so‘ng ikki-uch yilgacha bolasi uchun bir tunni o‘n besh-yigirma bo‘lakka bo‘lib oromdan kechish…
Onalar hatto bolasi ulg‘ayib, uyli-joyli bo‘lib ketganida ham unga mehr-shafqat ko‘rsatishni to‘xtatmaydi. Farzandni ardoqlash, ayash faqat onalargagina xos. Tug‘ma majruh farzandini umr bo‘yi g‘ing demay parvarishlash, xasta yoki boshiga tashvish tushgan bolasi bilan baravar dard chekish ham onagagina xos.
Sarvari olam sollallohu alayhi vasallamdan onalarga hurmat ko‘rsatishning buyuk namunalari bizga meros qolgan. U zot, hatto, o‘zlarini emizgan sut onalari Halimai Sa’diyaning ziyoratiga borganda choponlarini yechib, uning ustiga o‘tqazganlar, sut onalari har gal ichkariga kirib-chiqqanida o‘rinlaridan turib, hurmat ko‘rsatganlar.
Bir sahobiy onasini yelkada ko‘tarib haj qildirgach, "uning haqqini ado qiloldimmi?" deb so‘raganida: "Seni tug‘ishdagi qiyinchiliklaridan bittasini haqini ham ado qilolmading", deb javob qilishgan.
Mazhabboshimiz Imomi A’zam Bag‘dod zindonida tutqunlikda azob chekib yotganlarida "Ahvolimni onamga bildirmanglar, hamma narsaga chidaymanu ammo u kishining qayg‘u chekkaniga chidolmayman", deganlar.
Hazrati Bahouddin Naqshband "Qabrimizni ziyorat qilgani kelganlar, avvalo, onamiz qabri ziyoratidan boshlashsin", deganlar.
Abdurahmon Jomiy hazratlarining: "Onamni nega sevmay, u meni bir muddat jismida, so‘ngra ko‘p zamon quchog‘ida, o‘lgunga qadar esa qalbining shafqat xonasida tashigandir", degan so‘zi bor.
Yoki mana bu ibratli rivoyatning mag‘zini bir chaqib ko‘ring: Muso alayhissalom o‘ziga jannatda kim qo‘shni bo‘lishini bildirishni so‘rab Alloh taologa iltijo qildi. Bir kuni shunday nido keldi: “Ey Muso, falon yerda yashovchi qassob sening jannatdagi qo‘shning va do‘sting bo‘ladi…”. Muso alayhissalom qiziqib, qassobning qaysi ibodati uchun bunga munosib ko‘rilganini bilish niyatida yo‘lga chiqdi. Borib, qassobni axtarib topdi. Qassob hazrati Musoning haq payg‘ambar ekanini bilgan va bunga iymon keltirgan, lekin payg‘ambarning o‘zini ko‘rmagan edi, shuning uchun tanimadi.
Kechqurun qassob hazrati Musoni uyiga olib ketdi. Taom tayyorlab, dasturxon tuzadi. Ovqatlanishga kirishishdan oldin u devorga osiqliq bir savatni yerga tushirdi va undan qimirlashga madori qolmagan bir qari kampirni chiqardi. Xuddi go‘dakni ovqatlantirgandek uni yedirdi, ichirdi va yana savatga solib, devorga ilib qo‘ydi. Shunda kampir nimalardir deb pichirladi. Uning nima deyayotganini tushunmagan Muso alayhissalom qassobdan so‘radi: “Bu kampir kimingiz bo‘ladi?” “Bu ayol mening onamlar. O‘tirib-turishga, yeb-ichishga madorlari yetmaydi. Shuning uchun o‘zim ovqatlantiraman, suv ichiraman, tozaliklariga qarayman. Qo‘limdan kelganicha xursand qilishga urinaman”, dedi qassob.
“Hozirgina nimadir deb pichirlagandi, shunda nima dedi?” so‘radi hazrati Muso. “Parvardigorim, men o‘g‘limdan roziman, Sen ham undan rozi bo‘l! Jannatda uni hazrati Musoga qo‘shni qil”, deb duo o‘qidi. Shunda Muso alayhissalom o‘zini tanitish vaqti kelganini tushundi va: “Men Allohning payg‘ambari Musoman. Allohdan jannatdagi qo‘shnim kim bo‘lishini bildirishini so‘rab iltijo qilgan edim. Janobi Haq sen ekaningni ma’lum qildi. Senga xushxabar bo‘lsin, onangga qilgan xizmatlaring evaziga Alloh sendan rozi bo‘ldi. Onang duosini qabul ayladi va seni jannatda menga qo‘shni qildi”, dedi.
Bu ibratli misollar ro‘yxatini cheksiz davom ettirish, undagi hikmatdan istagancha zavq olish mumkin. Ammo bularni keltirishdan maqsad bo‘lak: o‘zimizni taftish qilish! Mehribon onalarimiz haqqini ado eta olyapmizmi? Turmush tashvishlaridan bo‘shab, ular ziyoratiga vaqt topayapmizmi? Bema’ni qiliqlarimiz, malol keladigan gap-so‘zlarimiz, e’tiborsizliklarimiz bilan ular dilini og‘ritib qo‘ymayapmizmi? Tanbeh-nasihatlariga quloq solayapmizmi? O‘tib ketganlari haqqiga Alloh taolodan rahmat-mag‘firat tilab, duo qilishga hafsala qilyapmizmi? Bu savollar, shubhasiz, har birimizni o‘ylantiradi. Ammo natijalar hamisha ham ijobiy emas. Bu haqda yana bir bor o‘ylab ko‘raylik, azizlar!
Valixon AZIMBOYeV,
Toshkent Islom instituti mudarrisi
Toshkent Islom instituti mudarrisi
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)