20:24 / 06.11.2022
3 088

Ekspertlar: «O‘zbekiston kamtar va kamxarj bo‘lishi vaqti keldi»

Ekspertlar: «O‘zbekiston kamtar va kamxarj bo‘lishi vaqti keldi»
O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish sur’atini saqlab turish uchun chuqurroq tizimli o‘zgarishlar talab etiladi, ayni choqda, barcha xarajatlarni qisqartirish kerak. Samarqandda 3-4 noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan II iqtisodiy forum yakunida tahlilchilar ana shunday to‘xtamga keldi.

Ekspert Otabek Bakirov fikricha, xalqaro anjumandan uch xulosa chiqarish mumkin.

«Birinchisi, bu islohotlarning davom etishi zaruriyati bilan bog‘liq. Iqtisodiy o‘sish hechqursa hozirgi tempda davom etishi uchun yangi tarkibiy islohotlar kerak. Yangi islohotlar pandemiya va postpandemiya davrida susaygan umid, ishonch va ertangi kunga ijobiy kutilmalarni qaytarish uchun ham zarur.

Ikkinchisi, muhim qarorlarni qabul qilishda qulay fursat kelishini kutmaslik zarur. Kutsak, rejalarimiz buzilaveradi, keyinga qolaveradi. O‘tgan kuni pandemiya, kecha urush, bugun retsessiya, ertaga yana bir chaqiriq bo‘ladi. Va aksarida ularning paydo bo‘lishi bizga bog‘liq emas. Muhim qarorlarning kechikishi to‘lanadigan tovonni va xarajatni yanada oshiraveradi.

Uchinchisi, kamtarroq, ixchamroq va kamxarjroq bo‘lish vaqti yetdi. Eng pastdan eng tepagacha, o‘ngdan so‘lgacha, barcha zanjirlarda. Qaror qabul qiluvchilar davlat xarajatlarini taqsimlashda, o‘zlashtirishda o‘zlarini asketlikda (zohidlikda – tahr.) ushlashlari, qarorlarida esa nisbiy afzal alternativalarga tayanishi kerak bo‘ladi
», – deb hisoblaydi O.Bakirov.

Iqtisodiy forumda so‘zga chiqqan mamlakat moliya vaziri Timur Ishmetov ham shunga hamohang fikr bildirgan.

«Joriy yil boshida bizda iqtisodiy o‘sish kuzatildi. Inqiroz boshlanganida esa juda ham yaxshi kutilmalar bera olmadik. 2020 yildan 2021 yilgacha davom etgan pandemiya davrida mavjud muammolarni hal qilishning eng to‘g‘ri yo‘li strukturaviy islohotlarni davom ettirish ekanini anglab yetdik. Bundan 3-4 yil oldin qarz olishga ko‘proq e’tibor qarata boshladik. Bizning qarzimiz katta emas edi, shu bilan birga yaxshi imkoniyatlar mavjud edi. Barcha hamkorlarimiz va investorlar qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirishdi. Ayni paytda O‘zbekiston iqtisodiyoti qiyin bosqichda va yangi qiyinchiliklar bilan yuzlashyapmiz. Global retsessiya fonida kredit jalb qilish qimmatlashib, foiz stavkalari oshmoqda. Ya’ni moliyaviy buferimiz cheklandi», – dedi T.Ishmetov.

Moliya vaziriga ko‘ra, hozirgi vaziyat budjet xarajatlarini qisqartirishni talab etmoqda.

«Bu yil budjet defitsiti 4 foiz atrofida bo‘ladi. Keyingi yil uchun dilemma qarshisida turibmiz. Taqchillikni 3 foiz ko‘rsatkichda ushlab qolish oson bo‘lmaydi – bosim juda katta. Hozir inflyatsiyani ushlab turish biz uchun asosiy masala bo‘lishi kerak. Aks holda infratuzilmani davlat budjetidan moliyalashtira olmay qolamiz. Barcha xarajatlarimizni kamaytirishimiz kerak», – dedi u.

Taniqli tadbirkor, «Korzinka.uz» supermarketlar tarmog‘i rahbari Zafar Hoshimov ham bir qator xulosalarni sanab o‘tgan:

«- Inflyatsiya kelajak bir necha yil mobaynida nafaqat mamlakatimiz, balki umumjahon darajasida eng dolzarb muammo va tahlika bo‘ladi;
- pandemiyadan so‘ng hali jahon iqtisodiyoti o‘zini tiklab olmagan davrda Rossiyaning Ukraina bilan boshlagan urushi, nafaqat bu mamlakatlar, balki butun dunyo iqtisodiyotiga o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda;
- bu sharoitda iqtisodiyotimiz o‘sish ko‘rsatkichlarini yuqori darajada ushlab turish yanada murakkab vazifaga aylanmoqda va uni yechish uchun mamlakatimizda oxirgi besh-olti yil olib borilayotgan islohotlarni yanada jadallashtirish lozim;
- mamlakatimiz o‘sish sur’atlarini ushlab turish uchun chuqurroq tizimli o‘zgarishlar boshlash;
- xususiylashtirishni jadallashtirish, davlat iqtisodiyotni boshqarishdan iloji boricha tezroq chetlanishi, inflyatsiyaga javoban davlat harajatlarini keskin qisqartirish, xalqaro savdoni erkinlashtirish – JSTga kirishni tezlashtirish masalalari turadi
».

Ishbilarmonning fikricha, yuqori inflyatsiya sharoitida chet eldan olinadigan kreditlar narxi keskin o‘sayotgani sababli mamlakatda bank islohotlarini jadallashtirish, ichki moliyaviy resurslar, ya’ni mahalliy korxonalar hamda aholi mablag‘larini jalb qilish lozim. Logistika va transport taqchilligi hamda an’anaviy iqtisodiy hamkorlarimizda yuzaga kelayotgan qiyinchiliklarni hisobga olgan holda, eksport va import bozorlarimizni diversifikatsiya qilish, yangi transport koridorlari va logistik yechimlar izlash ham dolzarb muammodir.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Ekspertlar: «O‘zbekiston kamtar va kamxarj bo‘lishi vaqti keldi»