date

“Neftchi”, “Nasaf” yoki “Paxtakor” – Superliga chempioni kim bo‘ladi?

“Neftchi”, “Nasaf” yoki “Paxtakor” – Superliga chempioni kim bo‘ladi?

O‘zbekiston Superligasi 2025 yilgi mavsumi hal qiluvchi bosqichga kirdi. Oldinda muxlislarni nafaqat qiziqarli, balki jadval taqdirini belgilaydigan o‘yinlar kutib turibdi, deb xabar berdi O‘zPFL matbuot xizmati. Noyabr oyi futbol muxlislari uchun dramatik, hissiyotlarga to‘la va ehtimol, mavsum taqdirini hal qiluvchi palla bo‘ladi.

Paxtakor – Bunyodkor (3-noyabr)

Noyabr boshidayoq muxlislar an’anaviy Toshkent derbisiga guvoh bo‘ladi. “Paxtakor” va “Bunyodkor” o‘rtasidagi to‘qnashuvlar har doim katta qiziqish va hissiyot bilan o‘tadi. “Jar” stadionida bo‘lib o‘tadigan bu uchrashuvda har ikki jamoa sovrinli o‘rinlar uchun jang olib borayotgani sabab, bahsning qimmati yanada oshadi.

Oxirgi yillarda “Paxtakor” chempionlikka erishib kelgan bo‘lsa-da, “Bunyodkor”ga qarshi derbilarda doimo qiyinchilikka duch kelgan. Shu sabab, bu safargi bahs ham juda prinsipial tus oladi. “Sherlar” o‘yinda g‘alaba qozonib, jadvaldagi mavqeini mustahkamlashni ko‘zlayapti.

Buxoro – Neftchi (7-noyabr)

28-tur doirasida “Buxoro” o‘z uyida chempionlik poygasidagi asosiy da’vogar “Neftchi”ni qabul qiladi. Bu o‘yin ikki jamoa uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Farg‘onaliklar uchun har bir ochko – oltin qiymatida. Ular so‘nggi turlarda xatoga yo‘l qo‘ymasliklari shart, aks holda yetakchilikni boy berishlari mumkin.

“Buxoro” esa yaqinda O‘zbekiston kubogi finalida mag‘lub bo‘lganidan so‘ng muxlislar oldida o‘zini oqlash imkoniyatini qidirmoqda. Aleksandr Xomyakov shogirdlari chempionlik uchun kurashayotgan raqibni o‘z uyida mag‘lub etish orqali so‘nggi turlarga intriga kiritishni istaydi.

Nasaf – Mash’al (8-noyabr)

Qashqadaryo derbisi – har doim an’anaviy ravishda qiziqish uyg‘otgan uchrashuv. Qarshining “Nasaf” klubi so‘nggi turlarda faqat grand jamoalar bilan to‘qnash kelayotgan bir paytda, “Mash’al” bilan bo‘ladigan bahsda g‘alaba ular uchun juda muhim. Chunki bu uch ochko chempionlik poygasida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Muborakliklar esa Superligada jon saqlab qolish uchun qattiq kurash olib bormoqda. Ular uchun har bir ochko hayotiy ahamiyatga ega va “Nasaf”ga qarshi bahsda ham osonlikcha taslim bo‘lmasliklari tayin.

Paxtakor – Nasaf (20-noyabr)

29-turning markaziy o‘yini aynan shu bahs bo‘ladi. “Paxtakor” va “Nasaf” o‘rtasidagi to‘qnashuvlar har doim prinsipial tusda o‘tgan. Oxirgi 6 o‘yindan 4 tasi durang bilan yakunlangan bo‘lsa, har ikki jamoa bir martadan g‘alaba qozongan. Bu safar esa vaziyat yanada qiziq — “Paxtakor” ham, “Nasaf” ham chempionlik uchun jang qilmoqda.

Har ikki jamoa uchun ham bu o‘yinda qo‘lga kiritiladigan ochkolar taqdirni belgilab berishi mumkin. “Jar” stadionidagi bu to‘qnashuv Superliganing eng kutilgan va ehtimol, eng hal qiluvchi uchrashuvlaridan biri bo‘ladi.

Neftchi – Qizilqum (22-noyabr)

Farg‘onaliklar uchun o‘z maydonidagi so‘nggi bahs. Vitaliy Levchenko shogirdlari bu uchrashuvda faqat g‘alaba haqida o‘ylaydi, chunki chempionlik uchun so‘nggi imkoniyatlar aynan shu o‘yinda hal bo‘lishi mumkin.

“Qizilqum” esa ligada jon saqlab qolish uchun jang qilmoqda va ochko yo‘qotish ular uchun halokatli bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Shu bois, bu bahs ham keskin kurash va jonbozlik muhitida o‘tishi kutilmoqda.

Noyabr oyidagi ushbu beshta bahs — nafaqat Superliganing taqdirini, balki kelasi mavsum Yevrokubok yo‘llanmalarini ham belgilab berishi mumkin. Har bir ochko, har bir zarba, har bir imkoniyat endi hisobga olinadi.

Futbol muxlislari uchun esa oldindagi haftalar haqiqiy bayram — derbilar, chempionlik kurashi va dramatik lahzalar bilan to‘la oy kutib turibdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Neftchi”, “Nasaf” yoki “Paxtakor” – Superliga chempioni kim bo‘ladi?