14:29 / 30.05.2023
221

Shavkat Mirziyoyev: avtomobilsozlik sohasida 4 ta nufuzli xorijiy kompaniyaning loyihalari ishga tushiriladi

Shavkat Mirziyoyev: avtomobilsozlik sohasida 4 ta nufuzli xorijiy kompaniyaning loyihalari ishga tushiriladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekistonda 2030 yilga borib iqtisodiyotni 2 barobar oshirib, 160 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.
 
Qayd etilishicha, aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi hozirgi 2 ming 200 dollardan 4 ming dollarga oshiriladi. Buning natijasida, O‘zbekiston “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kiradi.
 
Keyingi yillarda strategik mega-loyihalar ishga tushiriladi. Xususan: Olmaliqda 3 ta mis boyitish fabrikasi va yangi mis eritish zavodi; Ohangaron misni qayta ishlash klasteri; Navoiy, Qo‘ng‘irot va Qorako‘lda yirik kimyo-polimer klasterlari; Toshkent va Navoiy viloyatlarida fosforit xom ashyosidan yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulot ishlab chiqarish korxonasi; Tebinbuloq va G‘allaorolda temir ishlab chiqarish majmualari ish boshlaydi.
 
2030 yilgacha yuqori daromadli mahsulot uchun zarur bo‘lgan mis ishlab chiqarish 3,5 barobar (500 ming tonnaga), oltin – 1,5 karra (155 tonna),  kumush – 3 marta (500 tonna),  uran – 3 barobar (10 ming tonna) oshiriladi. Tarixda ilk bor alyuminiy, litiy, po‘lat, grafit ishlab chiqarish boshlanadi.
 
4 ta nufuzli xorijiy kompaniyaning loyihalari ishga tushirilib, avtomobilsozlik sohasida haqiqiy raqobat paydo bo‘ladi va ishlab chiqarish hajmi yillik 1 million donaga yetkaziladi (hozir 350 ming). Bunda, yiliga 300 mingta elektromobil ishlab chiqariladi.
 
“Tashqi bozorlarga chiqish xarajatlari yuqori ekanini inobatga olib, biz ilmga asoslangan, yuqori daromadli, eksportbop mahsulotlarni ko‘paytiramiz. Tayyor mahsulot bilan tashqi bozorlarga chiqish uchun Jahon savdo tashkilotiga albatta a’zo bo‘lamiz. Lekin, buning uchun avvalo korxonalarimiz ochiq va kuchli raqobatga tayyor bo‘lishi kerak”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
 
Bildirilishicha, yuqori qo‘shilgan qiymatli, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi va unga 1 milliard dollar ajratiladi.
 
Shuningdek, kelgusi yillarda: 50 ta nufuzli xorijiy brendlar bilan maxsus eksport zonalari tashkil qilinadi; tadbirkorlarga “tayyor biznes” shaklida bino berish maqsadida sanoat ipotekasi tizimi to‘liq yo‘lga qo‘yiladi; har bir tumanda kamida mingta ish o‘rni yaratadigan 2 tadan yangi sanoat zonalari tashkil etiladi; “Ay-ti” xizmatlari eksporti 5 milliard dollarga olib chiqiladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Shavkat Mirziyoyev: avtomobilsozlik sohasida 4 ta nufuzli xorijiy kompaniyaning loyihalari ishga tushiriladi