
Ko‘pchilik uchun qo‘rqinchli filmlar asabni taranglashtiruvchi va yurakni siqadigan tomosha hisoblanadi. Ammo psixologlar fikricha, bu turdagi filmlar aksincha, inson ruhiyatiga foydali bo‘lishi mumkin. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, dahshatli filmlar stressni kamaytirish va xavotirni yengishda yordam beradi.
Avstraliyalik olim Mark Miller bu hodisani “qo‘rquv paradoksi” deb ataydi. Unga ko‘ra, odamlar tabiatan xavfdan qochishga moyil, biroq qo‘rquv filmlarini tomosha qilish orqali miya xavfga tayyorlanishni o‘rganadi. Bu esa kundalik hayotdagi noaniq vaziyatlarga bardoshlilikni oshiradi.
Arizona shtatidagi psixolog Koltan Skrivner esa tomoshabinlarni uch guruhga ajratadi: “Adrenalin izlovchilar”, “Qo‘rquvni yenguvchilar” va “Ruhiy himoyachilar”. Aynan so‘nggi toifadagilar bunday filmlarni hayotdagi xavf va tashvishlarga tayyorlanish uchun ko‘radi. Shu bois ular ruhiy jihatdan mustahkam bo‘lishadi.
Mutaxassislarning aytishicha, dahshatli filmlar insonga o‘z his-tuyg‘ularini boshqarish va qo‘rquvni nazorat qilishni o‘rgatadi. Masalan, pandemiya paytida qo‘rquv filmlarini yoqtiradigan tomoshabinlar o‘zini boshqalarga qaraganda xotirjamroq tutgan.
Shu sababli psixologlar qo‘rquv filmlarini faqat hayajon manbai emas, balki foydali “terapiya” deb atashadi. Ular inson ongini xavfsiz muhitda qo‘rquv bilan tanishtirib, real hayotdagi stress va tashvishlarga bardosh berish qobiliyatini mustahkamlaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!