
Superliganing 26-turidan o‘rin olgan bahsda OKMK o‘z maydonida “Nasaf”ni qabul qildi. Qizg‘in va kurashlarga boy kechgan o‘yin 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlandi. Uchrashuvdan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov matbuot anjumanida ishtirok etib, jamoasi o‘yini haqida fikr bildirdi.
Murabbiyning aytishicha, har ikki jamoa g‘alaba uchun maydonga chiqqan, ammo maydon holati texnik futbol namoyish etishga ma’lum darajada to‘sqinlik qilgan.
“Ikkala jamoa ham g‘alaba uchun maydonga tushgandi. Har ikki jamoa kombinatsion, mazmunli futbol ko‘rsatishga intiladi. Ammo maydon holati bugun shunday bo‘ldiki, to‘pni nazorat qilish qiyin bo‘ldi. Baribir o‘yin oxiriga qadar hamma g‘alaba uchun kurashdi. Bu jihatdan futbolchilarimdan minnatdorman”, — dedi Qosimov.
Uning ta’kidlashicha, “Nasaf”ning chempionlik uchun ochkolar yig‘ishga ehtiyoji katta bo‘lgani “OKMK” futbolchilarida qo‘shimcha ruhiy bosim yaratmagan.
“Farqi yo‘q, raqibga qancha ochko kerak bo‘lmasin, har bir o‘yinchi o‘ziga yuklatilgan vazifani bajarishi kerak. Ruhiy jihatdan sinish — futbolning bir qismi. Shunday bo‘lsa ham, biz har o‘yinda so‘nggi daqiqalargacha kurashishni o‘rganishimiz kerak. Futbolda har doim g‘alaba qozonib bo‘lmaydi, ba’zan omad, ba’zan raqibning qarshiligi hal qiluvchi bo‘ladi”, — deya qo‘shimcha qildi murabbiy.
Shu bilan birga, Qosimov jamoa zaxirasidan tushgan futbolchilarning o‘yinga moslashishidagi qiyinchiliklar haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
“Goldan keyin zaxiradan tushgan futbolchilar to‘liq o‘yinga moslasha olmadi. Masalan, Ahmad oldinda bo‘sh joyni ko‘rmadi va orqaga uzatdi — natijada imkoniyat qo‘ldan ketdi. Farg‘onadagi bahsda esa zaxiradan tushganlar o‘yinni kuchaytirgandi. Shuning uchun har bir almashuv o‘yinga foyda berishi kerak”, — dedi u.
Mirjalol Qosimov fikricha, “OKMK” hozirgi bosqichda natijalarni barqarorlashtirish uchun jamoaviy harakatni mustahkamlashi lozim.
“Futbol jamoaviy o‘yin. Bir o‘yinchiga aybni ag‘darish noto‘g‘ri. Muhimi — barcha bir maqsad yo‘lida harakat qilishi. Bizda jamoa bor, endi uning ichki ishonchini mustahkamlash kerak”, — deya yakunladi murabbiy.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!