18:47 / 28.10.2016
7 286

Tadbirkorlar ishiga aralashmaslikka kafolat beriladi, biroq halol ishlash ham so‘raladi

Tadbirkorlar ishiga aralashmaslikka kafolat beriladi, biroq halol ishlash ham so‘raladi

O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi, Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi rahbarlari, shuningdek, Toshkent shahar hokimi tadbirkorlar bilan payshanba kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ularga qo‘llab-quvvatlash va ishlariga aralashmaslikka va’da berib, shu qatorida biznes vakillaridan mas’uliyat va halollik bilan ishlashni so‘rashdi. Bu haqda «Gazeta.uz» xabar berdi.

«Istiqlol» san’at saroyida (sobiq «Xalqlar do‘stligi») o‘tgan uchrashuv Prezident v. b. Shavkat Mirziyoyevning yaqindagina qabul qilingan «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmoniga bag‘ishlandi.

Unda eng asosiy o‘zgarishlarda biri 1 yanvardan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini rejadan tashqari tekshirishlarning barcha turlari (yuridik shaxsning tugatilishi va jismoniy va yuridik shaxslarning qonun hujjatlari buzilishi holatlari to‘g‘risidagi murojaatlari asosida tekshiruvlar bundan mustasno), shu jumladan, jinoyat ishlari doirasidagi muqobil tekshirishlarning barcha turlari bekor qilinishidir.

DSQ rahbari Botir Parpiev yig‘ilganlar oldida so‘zga chiqar ekan, turli xildagi tekshiruvlar ayrim hollarda mamlakatda tadbirkorlikning rivojlanishiga to‘sqinlik qilganini tan oldi.

Undagi statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda har yili o‘rtacha 4000 rejadan tashqari tekshiruvlar o‘tkazilgan, ular natijasida tadbirkorlar 1,5 mlrd so‘m miqdorida jarimaga tortilib, 4,4 mlrd so‘mlik tovarlar musodara qilingan, 1500 dan ziyod materiallar sudlarga taqdim etilgan.

Har yili 200 ga yaqin korxona faoliyati to‘xtatilib, bular natijasida etkazilgan zarar miqdori yiliga 25 mlrd so‘mni tashkil etgan. Muqobil tekshiruvlar soni esa yiliga 1500 dan ziyodroqni tashkil etadi. «Bu ko‘plab noqulayliklarni keltirib chiqarib, korxonalar faoliyatining to‘xtab qolishi va xodimlar maoshlarining ushlanib turilishiga olib kelardi», — qayd etdi DSQ rahbari.

Botir Parpiev endilikda bu kabi amaliyotlar o‘tmishda qolganini, soliq idoralari xodimlari tomonidan farmon ijrosining ta’minlanishini shaxsan nazorat qilishi, unga rioya etmaganlarga nisbatan qo‘zg‘atilgan ishlarni prokuraturada shaxsan tekshirishini ma’lum qildi.

U soliq organlari ichidagi qonunbuzarliklarga qarshi murosasiz kurash olib borilishini aytib, tadbirkorlar ishiga aralashilmaslik va qo‘llab-quvvatlanishiga kafolat berdi. Hattoki, o‘z qabulxonasi telefon raqamlarini ham ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2016 yilda 127 nafar xodim vazifasidan ozod qilindi, 972 nafari ma’muriy va intizomiy javobgarlikka tortildi, 32 nafariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Ayni paytda, dedi Botir Parpiev, e’lon qilingan erkinliklar tadbirkorlarni javobgarlikdan to‘la ozod etilishini anglatmaydi. U 2015−2016 yillarda o‘tkazilgan rejadan tashqari tekshiruvlar chog‘ida 225 mlrd so‘m miqdoridagi soliqlar to‘lanmagani aniqlanganini eslatib o‘tdi. Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida nazorat-kassa mashinalaridan foydalanmaslik bilan bog‘liq ko‘plab holatlar uchraydi. Tugallanmagan ikki yil davomida 35 mlrd so‘mlik mahsulotlar uchun chek berilmagan, 71 mlrd so‘m banklarga topshirilmagan.

O‘zbekiston bosh prokurori Ixtiyor Abdullaev barchani faollikka, echimini topmagan muammolarni hamkorlikda hal etishga chaqirdi.

Zaldan kelgan poraxo‘rlik dalili haqidagi anonim xatni ko‘rsatar ekan, bosh prokuror korrupsiyaga qarshi oshkora kurash lozimligini ma’lum qildi. «Korrupsiya masalasini har kim, eng mayda holatlarda ham qarshi harakat qilgandagina hal etish mumkin», — dedi u.

Ayni paytda Bosh prokuraturada katta ishchi guruh tashkil etilgan bo‘lib, ular tadbirkorlik yo‘lidagi to‘sqinliklarni o‘rganmoqda. Ular Savdo-sanoat palatasi bilan faol maslahatlashuvlar olib bormoqda. Maqsad — tadbirkorlarga imkon qadar ko‘mak ko‘rsatish, qayd etdi Ixtiyor Abdullaev.

U Bosh prokuratura sayti yoki pochta orqali biznesning barcha sohalari bo‘yicha qayta ko‘rib chiqilib, yangidan ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy aktlarga kiritiladigan aniq takliflarni yuborishni so‘radi.

Kichik va o‘rta biznesning poytaxt iqtisodiyotiga qo‘shayotgan ulushi (shaharda 48 ming tadbirkorlik sub’ekti faoliyat ko‘rsatmoqda) to‘g‘risida so‘z olgan Toshkent hokimi Rahmonbek Usmonov uning hudud yailpi mahsulotining 65 foizi, ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlarining 70 foizi, ishlab chiqarilayotgan qurilish materiallarining 92 foizi va eksportning 37 foizi to‘g‘ri kelishini ta’kidlab o‘tdi. Yilning birinchi to‘qqiz oyi davomida tadbirkorlik sub’ektlari soni 5800 taga oshgan.

Mamlakat rahbariyati tomonidan so‘nggi oylarda tadbiq etilgan o‘zgarishlar haqida so‘zlar ekan, poytaxt ma’muriyati rahbari ular mahsulot ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishda biznes vakillari zimmasiga yanada ko‘proq mas’uliyat yuklashini ta’kidladi. U barchani halollik bilan ishlashga, ijtimoiy soha va byudjet tashkilotlar xodimlari uchun muhim bo‘lgan soliqlarni vijdonan to‘lashga chaqirdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Tadbirkorlar ishiga aralashmaslikka kafolat beriladi, biroq halol ishlash ham so‘raladi