Superliga 25-turidan o‘rin olgan “Andijon” — “Sho‘rtan” (4:3) bellashuvi nafaqat gollar soni, balki jonli vaziyatlar, dramatik burilishlar bilan ham yodda qoldi. Uchrashuvdan so‘ng “Andijon” bosh murabbiyi Maksim Shatskix matbuot anjumanida jamoa o‘yini va futbolchilarning holati haqida fikr bildirdi.
— O‘ylaymanki, bugungi bellashuv tomoshabinlar uchun haqiqiy bayram bo‘ldi. Men doimo aytaman — biz muxlislar uchun o‘ynaymiz. Yettita gol, penalti, xavfli zarbalar, kurash — barchasi bor edi. Murabbiy uchun esa bu turdagi o‘yinlar oson bo‘lmaydi, chunki har daqiqada yurak urib turadi, soching ham oqaradi. Lekin muxlislar xursand bo‘lib uyga qaytsa — biz g‘alaba qildik, degani, — dedi Shatskix.
Murabbiy Usmonali Ismonaliyevning ikki golli o‘yini haqida ham to‘xtaldi:
— Unga oldindan qanotda faoliyat yuritishini aytgandim, lekin zarurat bo‘lsa markazga o‘tishi mumkinligini ham tushuntirdim. Ismonaliyev bugun ikki bor raqib darvozasini ishg‘ol qildi va jamoa g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi. Bu natija uning mehnati mevasi, — dedi u.
Shatskix Sunnatillo Hamidjonov haqidagi savolga javob berdi:
— Men unda bosim bor deb o‘ylamayman. Ilk daqiqalarda o‘zini yo‘qotdi, lekin bu har bir futbolchining boshidan o‘tadi. Suhbatlashamiz, vaziyatni tahlil qilamiz. Uning holati to‘g‘ri yo‘lga qo‘yiladi.
Himoyachilar o‘yini haqida ham murabbiy ochiq gapirdi:
— Uchta gol o‘tkazgan ekanmiz, himoyada ideal o‘ynadik deb bo‘lmaydi. Ammo hech kimni ayblamayman. Bizda faqat “hamma hujum qiladi, hamma himoyalanadi” degan qoida bor. Uchala golni ham, aslida, o‘z xatolarimiz bilan keltirdik, — dedi u.
U-21 jamoasiga o‘tkazilgan Abdug‘aniev va Sohibjonov haqida esa quyidagicha izoh berdi:
— Ular bugungina o‘tkazilgani yo‘q. Sabablar bor. Asosiy jamoada o‘ynash uchun mehnat qilish kerak. Biz yoshlarni doim kuzatib boramiz. Mashg‘ulotlarda o‘zini ko‘rsata olganlar albatta asosiy tarkibda imkoniyat oladi.
Shuningdek, Shatskix jarohat olgan futbolchilar holatiga ham to‘xtalib o‘tdi:
— Islom Mamatkazin endigina individual mashg‘ulotlarni boshladi, hech qanday jiddiy muammo yo‘q. Zoteev esa umumiy tayyorgarlikka qaytdi, ehtimol, 22 oktyabrdagi o‘yinda zaxirada bo‘ladi, — dedi murabbiy.
Shatskix so‘zlariga ko‘ra, jamoa rivoj yo‘lida boryapti, muhimi — ishqibozlar “Andijon” o‘yinlaridan zavq olmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!