Juma kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uyda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni qabul qildi. Suhbatning asosiy mavzusi Kievga uzoq masofali “Tomagavk” qanotli raketalarini sotish imkoniyati boʻldi. Ukraina tomoni bu qurollarga katta ehtiyoj sezayotganini taʼkidladi.
Uchrashuv Trampning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali olib borgan uzoq suhbatidan bir kun oʻtib boʻlib oʻtdi. Moskva Vashingtonni bu kelishuv orqali mojaro yanada keskinlashishida ayblashidan ogohlantirgan boʻlsa-da, Tramp Ukraina armiyasiga yordam berish masalasida qatʼiy turibdi.
“Menimcha, prezident Putin bu urushni tugatishni istaydi,” — dedi Tramp jurnalistlar oldida Zelenskiy bilan muzokaralar boshlanishidan oldin. Shu bilan birga, u “Tomagavk” raketalarini sotish masalasi ehtiyotkorlik bilan koʻrib chiqilishini taʼkidladi.
Zelenskiy esa Gʻazo sektoridagi vaziyatdan keyin Trampning “Rossiyani toʻxtatish uchun kuchli turtki olganini” qayd etdi. Amerika rahbari unga javoban: “Biz bu haqda gaplashamiz. Ukrainaga qurollar kerak — Yevropa buning uchun toʻlaydi, biz esa urushga nuqta qoʻymoqchimiz,” — dedi.
Trampning aytishicha, “Tomagavklar” — juda xavfli qurol boʻlib, ularni yetkazib berish mojaro darajasini oshirishi mumkin. Shu sabab, Vashington “ehtiyotkor yondashuv”ni tanlamoqda.
AQSh prezidenti inson hayotini saqlab qolishni oʻzining eng muhim vazifasi deb bilishini va “oʻz faoliyati davomida millionlab odamlarning hayotini saqlab qolganini” taʼkidladi. Uning fikricha, Ukrainadagi urushni toʻxtatish ham shu missiyaning bir qismidir.
Zelenskiyning Oq uydagi tashrifi faqat harbiy yordam masalasi bilan cheklanmagan. Ukraina rahbari Trampga qazilma yoqilgʻi sohasida ham biznes taklifini ilgari surdi. U AQShda ishlab chiqarilayotgan suyultirilgan gazni Ukraina omborlarida saqlash orqali AQShga Yevropa energiya bozoriga kirish imkonini yaratishni taklif qildi.
Payshanba kuni Zelenskiy AQSh energetika vaziri Kris Rayt va yirik Amerika kompaniyalari rahbarlari bilan ham uchrashdi. U energiya infratuzilmasini tiklash va Amerika biznesining Ukrainadagi ishtirokini kengaytirish muhimligini taʼkidladi.
Hozircha “Tomagavklar” boʻyicha aniq kelishuvga erishilmagan, biroq siyosiy tahlilchilar bu muzokarani Vashingtonning Kievga boʻlgan strategik qoʻllab-quvvatlovi ramzi sifatida baholamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!