Bugun milliy terma jamoaning sobiq bosh murabbiyi Srechko Katanyets yordamchilari O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasini sudga berish niyatida ekani haqida xabar tarqalgan edi. O‘FA matbuot xizmati bu holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Assotsiatsiya ma’lumotiga ko‘ra, yordamchi murabbiylar bilan tuzilgan mehnat shartnomalarida “bosh murabbiy shartnomasi bekor qilinsa, yordamchilarniki ham avtomatik ravishda tugaydi” degan maxsus band mavjud bo‘lgan. Shu bois, Srechko Katanyets faoliyati yakunlangach, yordamchilari bilan ham shartnoma avtomatik bekor etilgan va bu haqda ularga rasmiy tarzda xabar berilgan.
O‘FA bayonotida ta’kidlanishicha, “bosh murabbiyning shartnomasi ikki tomon roziligi bilan bekor qilingan va jamoaga yangi murabbiylar shtabi kelgan. Bu holat yordamchi murabbiylar bilan shartnomalarning ham yakunlanishiga sabab bo‘lgan”.
Assotsiatsiya qo‘shimcha qildi, bunday huquqiy tartib FIFA va Sport Arbitraj sudi (CAS) amaliyotida normal holat sifatida qabul qilinadi.
“Avvalroq, O‘FA tomonidan shartnomasi bekor qilingan murabbiylarga yoshlar terma jamoalarida ishlash uchun taklif berilgan, ammo ular bu taklifni qabul qilmagan”, — deyiladi rasmiy izohda.
Eslatib o‘tamiz, Katanyets yordamchilari qarzdorlikni bahona qilib, FIFA nizolarni hal etish palatasiga murojaat qilish niyatida ekani aytilgan edi. O‘FA esa hozircha o‘z pozitsiyasida qat’iy turibdi — barcha jarayonlar shartnoma asosida amalga oshirilgan.
Futbol muhokamalarida bu voqea keng bahslarga sabab bo‘ldi. Ayrimlar murabbiylar huquqini himoya qilmoqda, boshqalar esa O‘FAning huquqiy pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!