date

Qozog‘istonda 2026-yildan “hashamat solig‘i” amalda: mulkdorlar uchun yangi qoidalar

Qozog‘istonda 2026-yildan “hashamat solig‘i” amalda: mulkdorlar uchun yangi qoidalar

Qozog‘iston hukumati katta qiymatga ega mulk egalari uchun yangi soliq tartibini joriy etmoqda. Yangi Soliq kodeksiga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan boshlab umumiy qiymati 450 million tengedan (taxminan 835 ming dollar) ortiq bo‘lgan ko‘chmas mulklar egalari oshirilgan stavka bo‘yicha to‘lov amalga oshiradi. Bu haqda Milliy iqtisodiyot vaziri birinchi o‘rinbosari Azamat Amrin ma’lum qildi.
Amrinning aytishicha, endilikda soliq hisoblanishida mulk soni emas, balki uning umumiy qiymati hisobga olinadi. “Hozir ayrim fuqarolar 30 yoki 60 ta uy-joyga egalik qiladi. Ilgari har bir obyekt uchun alohida hisob-kitob qilingan bo‘lsa, yangi tizimda umumiy qiymat 450 million tengeden oshganda oshirilgan stavka ishga tushadi”, — dedi u.
Masalan, agar bir shaxsning har biri 10 million tengelik 80 ta kvartirasi bo‘lsa, ularning umumiy qiymati 800 million tengeni tashkil etadi. Bunday holda mulkdor yillik soliq sifatida umumiy qiymatning 1 foizi — 8 million tenge to‘laydi.
Shuningdek, Amrinning ta’kidlashicha, qimmatbaho transport vositalari, yaxta va samolyotlar uchun soliq boshqacha hisoblanadi. Agar avtoulovning bahosi 75 million tengedan (140 ming dollar) yuqori bo‘lsa, unga qo‘shimcha 10 foizlik aksiz solig‘i qo‘llanadi. Xususiy shaxslar o‘rtasida sotilganda ham shu stavka amal qiladi.
Bundan tashqari, alkogol va tamaki mahsulotlari uchun oddiy aksiz solig‘iga yana 10 foizlik qo‘shimcha qo‘shiladi. Biroq mo‘yna buyumlari va zargarlik mahsulotlariga hozircha soliq qo‘llanmaydi. “Biz ro‘yxatdagi eng asosiy aktivlardan boshladik: uy-joylar, mashinalar, yaxtalar — ularning qiymatini hisoblash oson. Zargarlik buyumlari va oltin kabi mol-mulklarni nazorat qilish qiyin”, — deya tushuntirdi vazir o‘rinbosari.
Yangi Soliq kodeksida alohida “hashamat solig‘i” atamasi kiritilmagan bo‘lsa-da, amalda ayrim qimmatbaho mulklar uchun oshirilgan soliq stavkalari joriy etilmoqda. Bu o‘zgarish orqali davlat soliq yukini yanada adolatli taqsimlashni ko‘zlamoqda.
Milliy iqtisodiyot vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, to‘g‘ridan to‘g‘ri soliqlar o‘rniga hashamatli tovarlar va qimmat mulklar uchun aksiz asosidagi tizim joriy qilinishi rejalashtirilgan. Maqsad — soliq solishni aniq obyektlarga bog‘lash va halol to‘lovchilar manfaatini himoya qilish.
“Hashamat solig‘i” g‘oyasi Qozog‘istonda bir necha yildan beri muhokama qilib kelinayotgan edi. Endi esa bu tizim amalda ishga tushishi orqali davlat byudjetiga qo‘shimcha daromad keltirishi va iqtisodiy adolatni ta’minlashi kutilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qozog‘istonda 2026-yildan “hashamat solig‘i” amalda: mulkdorlar uchun yangi qoidalar