Payshanba kuni ertalab Turkiyaning Qaysari shahrida yurakka yoqin voqea ro‘y berdi. Respublika maydoni bekatida xizmat qilayotgan qo‘riqchi quloqchin taqqan yo‘lovchi ayolni tramvay urib ketishidan so‘nggi soniyalarda qutqarib qoldi.
Hodisa shahar transport boshqarmasi kuzatuv kameralari orqali tasvirga olingan. Kadrlarda qo‘riqchi navbatdagi reys uchun xavfsizlik chiziqlarini tekshirib yurgani, shu paytda esa rels tomon yaqinlashayotgan ayolni payqagani aniq ko‘rinadi.
Ayol quloqchin taqqani bois atrofdagi ogohlantirishlarni eshitmagan. Bir necha soniya ichida tramvay bekatga kirib kelgani, qo‘riqchi esa chaqmoq tezligida harakat qilib, yo‘lovchini qo‘lidan ushlab orqaga tortib olgani videoda aks etgan.
Qutqaruvdan keyin ayol qo‘riqchiga shok holatda minnatdorchilik bildirib, uning qo‘lini siqadi. Bu manzarani ko‘rgan foydalanuvchilar ijtimoiy tarmoqlarda xizmatchining jasoratini olqishlab, uni “haqiqiy qahramon” deb atashdi.
Qaysari shahar hokimligi transport boshqarmasi voqeaga izoh berdi:
“Bir daqiqalik parishonxotirlik jiddiy fojiaga aylanishi mumkin edi. Bugun ertalab quloqchinlari tufayli atrofda nima bo‘layotganini payqamay qolgan yo‘lovchi tramvay yo‘liga kirib ketdi. Baxtiga, xavfsizlik xodimimiz hushyorlik bilan harakat qilib, uni sog‘-salomat qutqarib qoldi”.
Mutaxassislar ushbu holat orqali jamoat joylarida, ayniqsa transport bekatlarida, quloqchindan foydalanishda ehtiyotkor bo‘lish zarurligini yana bir bor eslatishdi.
Qaysarilik qo‘riqchi esa hozir nafaqat mahalliy, balki butun Turkiya ommasi e’tiborida — uning hushyorligi bir insonning hayotini saqlab qoldi.