
O‘zbekistonda davlat mablag‘larini noqonuniy o‘zlashtirish, mansabdan suiiste’mol qilish va hujjat soxtalashtirish holatlariga qarshi kurash qat’iy davom etmoqda. O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi yo‘naltirilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida jamiyatda keng jamoatchilik e’tiborini tortadigan jiddiy holatlar aniqlandi. Bu haqda DXX matbuot xizmati rasman ma’lum qildi.
“Barqarorlik reytingi” orqali soxta baholar
Aniqlanishicha, soliq tizimida ishlovchi ayrim mansabdor shaxslar o‘z xizmat mavqeini suiiste’mol qilgan holda davlatga katta moddiy zarar yetkazgan. Ular 18 ta xo‘jalik yurituvchi subyektga “Barqarorlik reytingi” dasturidagi ma’lumotlarni soxtalashtirish orqali sun’iy ravishda yuqori baholarni berishgan. Bundan tashqari, xavf darajasini olib tashlash yo‘li bilan ushbu subyektlarga 82 milliard so‘mlik qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) budjetdan asossiz ravishda qaytarib berishga erishilgan.
Qalloblik va soxtakorlik uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Mazkur holat yuzasidan DXX tergov organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi — talon-toroj qilish va 209-moddasi — mansab soxtakorligi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov jarayoni faol davom etmoqda.
5,5 milliard so‘mlik QQS "yog‘och biznesi" orqali qaytarilgan
Tergov doirasida yog‘och mahsulotlari importi bilan shug‘ullanuvchi xususiy korxona orqali 5,5 milliard so‘mlik QQSni soxta hujjatlar orqali qaytarish holati ham fosh etildi. Mazkur holat bo‘yicha Davlat soliq qo‘mitasining ikki nafar xodimi qo‘lga olingan. Shuningdek, mazkur MCHJ direktori, hisobchisi hamda 2 nafar norasmiy rahbar shaxs gumonlanuvchi tariqasida tergovga jalb qilingan. Barcha shaxslarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Tintuvlarda yirik miqdorda pul va texnika musodara qilindi
Tergov doirasida mazkur jinoyatlarga aloqador deb topilgan 16 ta obyektda tintuv ishlari amalga oshirildi. Ularda 79 ming AQSH dollari, 161 million so‘m pul mablag‘lari, 3 ta Li9 elektromobili, 2 ta Gentra va 1 ta Nexia 3 rusumli avtomashinalar, 1268 dona elektron sigareta tayoqchalari (TEREA brendi), 27 ta elektron kalit, kompyuter, telefon va muhrlar protsessual tartibda olib qo‘yildi.
Tergov harakatlari davom etmoqda
DXX ma’lum qilishicha, mazkur jinoyat ishi doirasida boshqa xo‘jalik subyektlari tomonidan ham budjet mablag‘larini noqonuniy o‘zlashtirish holatlari bo‘yicha tergov ishlari olib borilmoqda. Qo‘shimcha holatlar ham aniqlanishi mumkinligi inobatga olingan holda, hozirda davlat organlari tomonidan barcha manba va ishtirokchilar to‘liq o‘rganilmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar