
Milliy statistika qo‘mitasi e’lon qilgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilning yanvar–sentyabr oylari bo‘yicha O‘zbekiston aholisining jon boshiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha daromadi 21,8 million so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 16,1 foizga oshgan bo‘lsa, real o‘sish sur’ati 6,3 foizni tashkil qildi.
Biroq hududlar kesimida katta tafovut saqlanib qolmoqda. Eng yuqori natija an’anaviy tarzda Toshkent shahrida qayd etildi — poytaxtda har bir fuqaroning o‘rtacha yillik daromadi 52 million so‘mni tashkil etgan. Bu mamlakat bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan qariyb 2,4 barobar ko‘p. Buning asosiy sababi — xizmatlar sohasi ulushining kattaligi, ish haqining yuqoriligi va qo‘shimcha daromad manbalari ko‘pligi bilan izohlanadi.
Ikkinchi o‘rinda Navoiy viloyati — 32,1 million so‘m bilan. Bu hududdagi yuqori ko‘rsatkich sanoat va xomashyo bazasining kuchliligi, yirik korxonalar faoliyati va mineral resurslar eksporti hisobiga ta’minlanmoqda. Uchinchi o‘rin Buxoroga tegishli — bu yerda jon boshiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha daromad 26 million so‘m bo‘lib, mamlakat ko‘rsatkichidan 19 foiz yuqori.
Toshkent viloyati 21,9 million so‘m bilan umumiy o‘rtachadan salgina yuqorida. Farg‘ona, Samarqand va Sirdaryo viloyatlarida ko‘rsatkichlar 17–19 million oralig‘ida.
Eng past natijalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi (14,8 mln so‘m), Namangan (15,8 mln) va Surxondaryo (16,5 mln) viloyatlarida kuzatildi. Demak, poytaxt bilan Qoraqalpog‘iston o‘rtasidagi farq 37,2 million so‘mni tashkil etmoqda — bu juda katta nomutanosiblikdir.
Iqtisodchilar fikricha, hududiy daromadlar tafovutining asosiy sabablari ish o‘rinlari sifatining farqliligi, ko‘chmas mulk va ijara bozoridagi faollik, migratsiya oqimlari hamda sanoat-logistika loyihalarning noteng taqsimlanganidir.
Shu bilan birga, aholi daromadlari 9 oylik davrda nominal va real o‘sishni namoyon etgan bo‘lsa-da, chekka hududlarda o‘sish sur’atini jadallashtirish uchun ish haqini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash siyosatini yanada faollashtirish talab etiladi.
Tahlilchilar ta’kidlashicha, mamlakatdagi iqtisodiy o‘sish hozircha asosan poytaxt va yirik sanoat markazlariga to‘plangan. Shu bois kelgusi yillarda hududiy tenglikni ta’minlash davlat iqtisodiy siyosatida muhim yo‘nalishlardan biriga aylanishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!