Polsha suv tozalash inshootlariga kiberhujumlar uyushtirildi

Polsha razvedka xizmati mamlakatdagi beshta suv tozalash inshootiga kiberhujumlar aniqlanganini maʼlum qildi. Xakerlar ushbu obyektlardagi sanoat uskunalarini nazorat ostiga olishga urinishgan, bu esa eng yomon ssenariyda suv taʼminoti xavfsizligiga jiddiy tahdid solishi mumkin edi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Polsha Ichki xavfsizlik agentligi hisobotiga koʻra, Rossiya maxsus xizmatlari va xakerlari mamlakatning harbiy obyektlari, energetika tarmoqlari va transport tizimlari kabi muhim infratuzilmalariga qarshi sabotaj harakatlarini amalga oshirmoqda. Ushbu hujumlar nafaqat infratuzilmani izdan chiqarish, balki insonlar hayotiga xavf solishni ham koʻzlagan.
Xuddi shunday tahdidlar AQShda ham kuzatilmoqda. Xususan, CISA va FBI maʼlumotlariga koʻra, Eron bilan bogʻliq xakerlik guruhlari AQShdagi suv va energetika inshootlarida ishlatiladigan dasturlanadigan mantiqiy kontrollerlarga (PLC) faol hujumlar uyushtirmoqda. 2021-yilda Florida shtatidagi suv tozalash inshootida xakerlar kimyoviy moddalar darajasini xavfli darajaga koʻtarishga uringan edi.
Mutaxassislar fikricha, Polsha va AQShga qaratilgan bu kiberhujumlar Gʻarb davlatlarini beqarorlashtirishga qaratilgan yagona strategiyaning bir qismidir. Kiberjosuslik va sabotaj Rossiya rejimi uchun Gʻarbni zaiflashtirish maqsadida foydalaniladigan asosiy qurollardan biriga aylangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!