Bankdan hujjatsiz 500 dollargacha xorijiy valyuta olishga ruxsat berildi

O‘zbekistonda bank xizmatlari sohasida yana bir qulaylik joriy etilmoqda. Endilikda fuqarolar banklardan 500 AQSH dollarigacha bo‘lgan naqd xorijiy valyutani shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarsiz olish imkoniga ega bo‘ladi.
Mazkur yangilik O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan hamda 8 may kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan idoraviy hujjatda belgilangan.
Yangi qoidalarga muvofiq, bank mijozlarini tekshirish jarayoni (identifikatsiya) ma’lum summagacha soddalashtiriladi. Ya’ni, 500 AQSH dollarigacha bo‘lgan operatsiyalar uchun pasport, ID-karta yoki boshqa shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish talabi bekor qilinadi.
Avvalgi tartibga ko‘ra, bunday yengillik faqat 100 dollargacha bo‘lgan operatsiyalar uchun amal qilardi. Endi esa ushbu limit besh baravar oshirilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu o‘zgarish bank xizmatlaridan foydalanishni yanada osonlashtirish, ortiqcha byurokratik jarayonlarni kamaytirish va aholiga qulaylik yaratishga qaratilgan.
Shu bilan birga, yuqoriroq summalarda mijozni to‘liq identifikatsiya qilish, ya’ni shaxsini aniqlash va tasdiqlash talablari saqlanib qoladi. Bu esa moliyaviy xavfsizlikni ta’minlash uchun muhim hisoblanadi.
Mazkur yangi tartib uch oy o‘tgach kuchga kiradi. Shundan so‘ng fuqarolar banklarda kichik miqdordagi valyuta operatsiyalarini hujjatlarsiz amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!