AQShlik mutaxassis Rossiyaga kiberqurollarni sotgani uchun 10 million dollar to‘laydi

AQSh mudofaa pudratchisi L3Harris kompaniyasining sobiq rahbari Piter Uilyams o‘zining sobiq ish beruvchisiga 10 million dollar miqdorida tovon puli to‘lashga majbur qilindi. Uilyams kompaniyaning kiberjosuslik va xakerlik vositalarini ishlab chiquvchi Trenchant bo‘linmasini boshqargan va tarixidagi eng yirik ma’lumotlar sizib chiqishiga sababchi bo‘lgan. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 39 yoshli avstraliyalik mutaxassis yetti turdagi maxfiy texnologiyalarni o‘g‘irlab, ularni Rossiyaning Operation Zero brokerlik firmasiga sotgan. Ushbu firma xakerlik vositalarini Rossiya hukumati va mahalliy kompaniyalar uchun xarid qilishi bilan tanilgan. Uilyams ushbu noqonuniy savdodan 1,3 million dollar ishlab topgan va mablag‘ni hashamatli buyumlar hamda ko‘chmas mulk sotib olishga sarflagan.
Prokurorlarning ta’kidlashicha, Uilyams AQSh va uning ittifoqchilariga xiyonat qilgan. U o‘g‘irlagan vositalar dunyo bo‘ylab millionlab qurilmalarni buzib kirish imkonini bergan. Google tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijasida ushbu kodlarning bir qismi Ukraina hududidagi kiberhujumlarda va Xitoy kiberjinoyatchilari tomonidan qo‘llangani aniqlangan.
Uilyams o‘z aybiga iqror bo‘lgan va yetti yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. L3Harris kompaniyasi yetkazilgan zarar miqdorini 35 million dollar deb baholagan. Sud qaroriga ko‘ra, u avvalgi 1,3 million dollarlik jarimadan tashqari, qo‘shimcha 10 million dollar tovon to‘lashi shart.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!