19:04 / 02.05.2018
7 875

Baliqchilik — yetti xazinaning biri

Baliqchilik — yetti xazinaning biri
Islohotlarning yangi bosqichi qanday kechmoqda?
Ota-bobolarimiz azaldan baliqni halol va pok luqma sifatida e’tirof etib kelishgan. Shuningdek, bu ozuqaning ham jismimizga, ham ruhiyatimizga o‘zgacha quvvat bag‘ishlaydigan sirli xususiyati bor. Mutaxassislar akvariumda suzib yurgan baliqni tomosha qilganida nafaqat bolalar, balki kattalarning ham ruhiyatida ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishini bejiz ta’kidlashmaydi. Beg‘uborlik va samimiyat kirib borgan xonadonlarda esa hamisha tinch-totuvlik va ahillik hukmron bo‘ladi. Xo‘sh, bugungi kunda aholining baliqqa oshib borayotgan talab va ehtiyojlari qanday qondirilmoqda?

Xalqaro press-klubda “Baliqchilik tarmog‘ini jadal rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaror muhokamasiga bag‘ishlangan “Baliqchilik yetti xazinaning biri yoxud islohotlarning yangi bosqichi” mavzusida sessiya bo‘lib o‘tdi. Bugungi kunda O‘zbekiston respublikasi bo‘ylab oziq-ovqat mahsulotini ishlab chiqarish hajmini oshirishga qaratilgan maqsadli dasturlar qabul qilinib, ularning ijrosi ta’minlanib kelinmoqda. Ichki bozorni sifatli va arzon narxda baliq mahsulotlari bilan to‘ldirish masalalari hamda baliq mahsulotlari narxining barqaror saqlanishi xalqaro press-klub maydonida muhokama mavzusiga aylandi.

Yuqori sifatli oqsil demakdir…
“Hozirgi kunda hukumatimiz tomonidan suv mahsulotlarini yetishtirish, baliq ishlab chiqarish hajmini oshirish, aholiga qo‘shimcha daromad ishlash imkonini berishda yuqori daromadli soha sifatida baliqchilikka katta ahamiyat qaratilmoqda, — deydi “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Ruhulla Qurbonov. — Bunda fermer va baliq ovchilari, baliq yetishtiruvchi, baliq sotuvchi, baliq yetkazib beruvchi davlat, viloyat va tuman qishloq xo‘jaligi departamenti xizmatchilari qishloq xo‘jaligi faoliyatini diversifikatsiya qilishdan va suv mahsulotlarini yetishtirishdan manfaatdor.

Mamlakatda baliq yetishtirishning ustuvorligi oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlagan holda aholini baliq tarkibidagi yuqori sifatli oqsillar bilan ta’minlash imkonini beradi. Tahlilchilarning ma’lumotiga ko‘ra O‘zbekiston uchun baliqni iste’mol qilishning minimal me’yor miqdori bir yilda bir kishi uchun 12 kilogrammni tashkil qiladi. Dunyo bo‘ylab bu ko‘rsatkich bir kishi uchun 16,6 kilogrammni tashkil etadi. Mamlakatimizda 32 milliondan ortiq aholining baliq iste’mol qilish me’yori esa 384 ming tonnani tashkil etadi”.

Tadbirkorga qanday soliq imtiyozlari bor?
O‘zbekiston iqtisodiyotida agrar sektori muhim o‘rinni egallaganini inobatga olib, qishloq xo‘jalik tashkilotlari, shular qatorida baliq xo‘jaliklari muhim imtiyozlarga erishdi. Shu qatorda “O‘zbekbaliqsanoat” assotsiatsiyasi, “Baliqsanoat” MChJ va shular tarkibiga kirgan yuridik shaxslarga 2023 yilning 1 yanvariga qadar daromad jihatidan yagona soliq to‘lovini to‘lashda soliq imtiyozlari qo‘llaniladi. Xususan, “O‘zbekbaliqsanoat” assotsiatsiyasi, “Baliqsanoat” MChJ va uning tarkibiga kiruvchi yuridik shaxslar uchun 2023 yilning 1 yanvarigacha baliq mahsulotlaridan tushgan daromadga nisbatan imtiyozlar joriy qilindi. Shu bilan birgalikda ATB “Ipotekabank” tarafidan sohadagi loyihalarni hammoliyalashtirish, konsalting, axborot-tahliliy va marketing xizmatlarini ko‘rsatuvchi dasturlarga ko‘maklashish maqsadida yangi sarmoya kompaniyasi tuzilmoqda. Bundan tashqari, “Ipotekabank” AT banki tomonidan baliqchilik sohasini rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan zamonaviy texnologiyalarni xarid qilishga imtiyozli, ya’ni 5 yil muddatga Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasida imtiyozli kreditlar ajratib boriladi.

Dasturda Rossiya, Vengriya, V’etnam davlatlari bilan baliq chavoqlarini ishlab chiqarish va yangi ko‘llarda baliq yetishtirish bo‘yicha yirik hamkorlik loyihalari amalga oshiriladi. Shuningdek, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarining tog‘oldi hududlarida forel, osyotr kabi turdagi baliqlarni yetishtirish bo‘yicha ishlar ham olib boriladi.

Qabul kvotalari ikki baravar oshadi
“O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi raisining o‘rinbosari Shuhrat Rahmatovning ta’kidlashicha, kadrlar tayyorlash masalasi ham mazkur qarorda alohida e’tiborga olingan. 2018-2019 o‘quv yilidan oliy ta’lim muassasalarida baliqchilik sohasiga bakalavr yo‘nalishida qabul kvotalari ikki baravarga ko‘paytiriladigan bo‘ldi. Toshkent davlat agrar universiteti esa kelgusi o‘quv yilidan 6 nafardan magistr tayyorlashni boshlaydi. Arnasoy qishloq xo‘jalik va transport hamda Quyichirchiq agroiqtisodiyot kasb-hunar kollejlarida esa baliqchilik sohasi kadrlarini qayta o‘qitish kurslari ochiladi.

Inkubatsiya sexlari tashkil etiladi
Qarorga asosan, Toshkent viloyatida Erkin iqtisodiy zona tashkil etilmoqda. Uning asosiy maqsadi, faoliyat yo‘nalishlari nimalardan iborat bo‘ladi?

Ushbu savolga “O‘zbekbaliqsanoat” raisining birinchi o‘rinbosari Ruhulla Qurbonov shunday javob berdi:

“Erkin iqtisodiy zona tashkil etilishi bejiz emas. Ushbu iqtisodiy zonada biz baliqlarni ko‘paytirishni tashkil etishimiz kerak. Agar biz baliqlarni me’yoridan sal ortiqroq ko‘paytirmaydigan bo‘lsak, ko‘zlangan maqsadga erisholmaymiz. Hosildorligimiz past bo‘ladi.

Qolaversa, inkubatsiya sexlarini tashkil qilish lozim. Zamonaviy talabga javob beradigan inkubatsiya sexlari tashkil qilinsagina biz baliq lichinkalarini baliqchilik xo‘jaliklariga yetkazib bera olamiz. Shuningdek, Erkin iqtisodiy zonada tashkil etilmoqchi bo‘lgan baliqchilik fermer xo‘jaliklariga investitsiya kiritilishi hamda baliqchilik xo‘jaliklariga yem yetkazish bo‘yicha zamonaviy asbob-uskunalar o‘rnatish lozim. Va, eng muhimi, aholining baliq mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishimiz kerak. Kelgusida o‘zimizning mahsulot ko‘payganidan keyin yaqin mamlakatlarimizga eksport masalasini ham hal qilishimiz lozim.

Bundan tashqari, baliq yetishtirishda innovatsion texnologiyani qo‘llash lozim. Baliq yetishtirishda yopiq aylanma tizim va intensiv usul tizimi bor. Erkin iqtisodiy zonada barchasi amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan”.

Qora va qizil ikralar olinishi ko‘paymoqda
Bugungi kunda dunyo bozorida 1 kg qora ikra 5 ming dollarga baholanmoqda. Bugungi kunda o‘zbekistonlik tadbirkorlar ham yurtimiz sharoitida baliqdan qora ikra olishga erishdilar. Ana shunday tadbirkorlardan biri O‘tkir Daminov o‘z tajribalari haqida shunday dedi:

“Men o‘z tajribamdan kelib chiqib gapiradigan bo‘lsam, baliqchilikda samarali natija yillar davomida bo‘ladi. Ayni paytda biz xonbaliqdan qora ikra olyapmiz. Bu natijaga erishish uchun yillar davomida harakat qildik. Qizil ikrani uch yil oldin ola boshlaganmiz. Men bemalol aytishim mumkinki, bizning ikramiz sifati jihatidan boshqa mamlakatlarnikidan qolishmaydi. Men hozirgi paytda Bo‘stonliq tumanidagi tovoqsoy qishlog‘ida farel, losos va osyotr balig‘ini yetishtiryapman. Avvallari bu baliqlarni O‘zbekistonda yetishtirish mumkin emas, deyishardi. Mana, endilikda O‘zbekiston sharoitida osyotr balig‘ini yetishtirib, qora ikra olish mumkinligini isbotladik.

Shu o‘rinda yoshlarga aytib o‘tmoqchimanki, O‘zbekiston sharoitida baliqning hamma turlarini yetishtirsa bo‘ladi. Faqat baliq turini muhitga qarab tanlash kerak. Masalan, Jizzax, Surxondaryo va Qashqadaryo kabi tog‘li hududlardan kelib, bizdan tajriba o‘rganishmoqda. Muzdek tog‘ suvida farel va losos baliqlari tez katta bo‘ladi.

Baliq dunyo barometri hisoblanadi. Shu bois, hamisha unga bo‘lgan qiziqish kuchli. Odamlar kelib yetishtirgan baliqlarimizdan iste’mol qilishsa, ularning pullariga emas, sog‘liqlariga hissa qo‘shganimga xursand bo‘lib ketaman. Oilamizda ham tez-tez baliq iste’mol qilamiz. Onam hozir 94 yoshdalar. Farzandlarim ham sog‘lom bo‘lib voyaga yetishmoqda.

Baliq xo‘jaligi pok zaminni talab qiladi, bir-ikki yilda kutilgan natijaga erishish mushkul. Kuchli vitaminlarni va baliq yeydigan o‘tni o‘z vaqtida berish kerak. Astoydil harakat qilgan tadbirkor, albatta, mehnatining rohatini ko‘radi. Shu paytgacha baliq boqib kambag‘al bo‘lgan tadbirkorni bilmayman. Shuning uchun Prezidentimiz tomonidan yaratib berilgan sharoitlardan foydalanib, astoydil ishlash kerak. Men boshida Finlandiyadan ozuqa olib kelib, baliqlarimni katta qilganman. O‘sha paytda bu ozuqa 3-4 yevro turardi. Eng qiyini, bu ozuqani chegaradan olib o‘tishning imkoni yo‘q edi. Mana, hozir qaror asosida tadbirkorlarga barcha imkoniyatlar yaratib berilmoqda”.

Taomnomamiz o‘zgarishi aniq!
Mutaxassislarning ta’kidlashlaricha, mol yoki qo‘y go‘shtini hazm qilish uchun 4 soat vaqt kerak bo‘lar ekan. Baliq go‘shti esa bir soatda hazm bo‘lishi aniqlangan. Demak, endilikda taomnomamizni ham o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi. Haftada bir kunni emas, balki uch kunni baliq kuni deb e’lon qilsak, sog‘lig‘imiz ham ko‘ngildagidek bo‘ladi. Qolaversa, baliq narxi qo‘y yoki mol go‘shti narxidan anchagina arzon ekanligi ham maqsadga muvofiqdir. Kelgusida tadbirkorlarimizning g‘ayratlari tufayli do‘kon va bozor peshtaxtalarida baliqlar ko‘payib borgani sayin narxlar yanada arzonlashib ketsa, ajab emas!

Manba: Tasvir.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Baliqchilik — yetti xazinaning biri