date

Chet elga ishga yuborishni va’da qilgan firibgarlar fosh etildi

Chet elga ishga yuborishni va’da qilgan firibgarlar fosh etildi

Namanganda fuqarolarni chet elga ishga joylashtirish bahonasida ularning ishonchini suiiste’mol qilgan ikki nafar firibgar qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Namangan shahridagi xususiy bandlik agentligining norasmiy xodimi To‘raqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi to‘rt nafar fuqaroga Janubiy Koreyaga ishga joylashtirishni va’da qilgan. U tanishlari orqali ularni xorijga ishlash uchun yuborishni aytgan va bu xizmat uchun har biridan 2000 AQSH dollari talab qilgan.

Fuqarolarning ishonchini qozongan shaxs oldindan 1000 AQSH dollarini olgan paytda DXX va Departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, ikkinchi holatda Namanganda faoliyat yurituvchi turistik firma rahbari ham shunga o‘xshash yo‘l bilan o‘zining hamshaharini aldagan. U mansabdor tanishlari orqali Slovakiya davlatiga ishga joylashtirib bermoqchi bo‘lganini aytgan va bundan 40 million so‘m talab qilgan.

Firma rahbari oldindan viza rasmiylashtirish bahonasida 600 AQSH dollari va 2,8 million so‘m pulni qabul qilib olgan vaqtda qo‘lga olingan.

Eng yomoni, mazkur shaxs ilgari ham firibgarlik bilan bog‘liq jinoyat uchun sudlangan bo‘lishiga qaramay, o‘z xatosidan tegishli xulosa chiqarmagani ma’lum bo‘ldi.

Hozirda har ikki holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi, ya’ni Firibgarlikning 1-qismi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mutaxassislar fuqarolarni bu kabi noqonuniy takliflarga ishonmaslikka, faqat litsenziyaga ega agentliklar va rasmiy manbalar orqali ishga joylashishga chaqiradi. Chunki so‘nggi yillarda xorijda ishlash bahonasidagi firibgarlik holatlari keskin ko‘paygan va ko‘pchilikning orzusi shunday yo‘l bilan puchga chiqmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Chet elga ishga yuborishni va’da qilgan firibgarlar fosh etildi