
Dunyodagi eng yirik elektromobil ishlab chiqaruvchilardan biri — Tesla 2025-yilning uchinchi choragida o‘z tarixidagi eng katta moliyaviy pasayishni qayd etdi. Kompaniyaning hisobotiga ko‘ra, sof foyda o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 37 foizga kamaygan.
Hisobot davri — iyuldan sentyabrgacha bo‘lgan uch oylik natijalarga ko‘ra, Tesla’ning jahon miqyosidagi sof foydasi 1,37 milliard dollarni tashkil etdi. Bu raqam 2024-yilning shu davrida qayd etilgan 2,17 milliard dollardan deyarli ikki barobar kam.
Kompaniya yil boshidan sentyabr oxirigacha bo‘lgan umumiy natijalarni ham tahlil qilib, daromadning umumiy miqyosida 37 foizlik pasayishni aniqlagan. Tesla bu holatni asosan AQSHdagi bojxona to‘lovlarining ortishi, ayrim ta’minot zanjirlaridagi muammolar va ichki qayta tashkilotlashtirish jarayonlariga sarflangan katta xarajatlar bilan izohlagan.
Tahlilchilarning fikricha, bu holat kompaniya uchun kelgusi chorakda ham oson kechmasligi mumkin. Ular sentyabr oyida kuzatilgan sotuvlar o‘sishi vaqtinchalik bo‘lganini va kelasi oylarda bu sur’at sekinlashishi ehtimolini bildirmoqda.
Shu bilan birga, Tesla jahon elektromobil bozoridagi yetakchilik pozitsiyasini ham yo‘qota boshladi. Kompaniyaning uzoq yillardan beri asosiy raqibi bo‘lgan Xitoyning BYD korporatsiyasi bu yilgi ko‘rsatkichlar bo‘yicha Tesla’ni ortda qoldirdi. Hozirda BYD jahon miqyosida elektromobillar savdosida ustunlikni qo‘lga kiritgan holda, bozorda yetakchi o‘rinni egallab turibdi.
Moliya bozorlari kuzatuvchilari Tesla’ning keyingi chorak natijalariga katta e’tibor qaratmoqda. Ular kompaniyani sof foydani barqarorlashtirish, yangi modellar taqdimotini kuchaytirish va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish orqali raqobatga bardosh berish zarurligini ta’kidlashmoqda.
Ayni vaqtda Tesla vakili Reuters’ga ma’lum qilganidek, kompaniya AQSH va Yevropa bozorlarida talabni tiklash, shuningdek, Model 3 va Cybertruck sotuvlarini kengaytirish orqali yil oxirida iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yaxshilashni rejalashtirmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, elektromobillar bozorida raqobat yil sayin kuchaymoqda. Agar Tesla yangi avlod mahsulotlarida texnologiya va narx muvozanatini saqlay olmasa, BYD va boshqa osiyolik ishlab chiqaruvchilarning ustunligi yanada mustahkamlanishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!