23:40 / 25.10.2018
3 177

Uch kun ishlamagan UzCard davlatga va jamiyatga qancha zarar yetkazdi?

Uch kun ishlamagan UzCard davlatga va jamiyatga qancha zarar yetkazdi?
Moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Mo‘bin Mirzayev ilk bor Yagona umumrespublika protsessing markazi(UzCard) ishida uch kun davomida ro‘y bergan nosozliklar oqibatida davlat va fuqarolarga yetkazilgan zarar haqida gapirib o‘tdi.

Uning aytishicha, terminallar orqali amalga oshiriladigan to‘lovlarning bir kunlik aylanmasi qariyb 180 mlrd. so‘mni tashkil etadi.

“Agar ulardan 5 foizi byudjetga kelib tushsa, demak bir kunda byudjetga 9 mlrd. so‘m, uch kunda 27 mlrd. so‘m kelib tushmagan. Bu oddiy matematika. Bu faqat to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarar. Shu bilan birga boshqa pozitsiyalar ham bor. Aholiga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin. Uni hisoblab chiqish qiyin”, - degan u Moliya vazirligida jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda.

Masalan, 12 soatlik uzilish tufayli O‘zbekiston elektron tijorat tizimida 384 mingta onlayn tranzaksiya(mobil ilovalar, Telegram-botlar va hokazo) amalga oshmay qolgan.

Vazirning birinchi o‘rinbosari yana shuni qayd etdiki, bu ko‘ngilsiz voqeaga nisbatan aks-sado kuchli bo‘lgan. Jumladan, davlat rahbari 19 sentyabr kuni “Milliy to‘lov tizimini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.

Unda chakana to‘lovlarni qayta ishlash bo‘yicha davlat protsessing markazining mavjud emasligi milliy to‘lov tizimining xavfsizligi darajasini kamaytirayotgani, to‘lov infratuzilmasining yagona integrallashuviga erishish imkonini bermayotgani hamda bir monopol tizimning mutlaq ustun bo‘lishiga olib kelayotgani qayd etib o‘tildi. Bundan tashqari, to‘lov tizimlari operatorlarining faoliyati qonunchilik darajasida tartibga solinmaganligi ularning rivojlanishini cheklayotgani va mazkur tizimlarning ishonchli ishlashiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ta’kidlandi.

Binobarin, hujjatda to‘lovlarni amalga oshirish uzluksizligini ta’minlash, innovatsion mahsulotlarni joriy qilish, bank xizmatlarining ommabopligini ta’minlash hamda to‘lov xizmatlari bozorida raqobat muhitini rivojlantirish, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Axborotlashtirish bosh markazi” davlat unitar korxonasi Milliy banklararo protsessing markazini (keyingi o‘rinlarda Milliy banklararo protsessing markazi deb yuritiladi) tashkil qilish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Xususan, Markaziy bank 2020 yil 1 iyulga qadar mamlakatdagi barcha protsessing markazlarining, shu jumladan, xalqaro to‘lov tizimlarining bevosita Milliy banklararo protsessing markazining yagona shlyuzi orqali ishlashini; bank to‘lov infratuzilmasi doimiy ravishda yaxshilanishini, bankomatlar va o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatuvchi ko‘p funksiyali terminallar tarmog‘ining, shu jumladan, o‘z tasarrufidagi korxona va tashkilotlarni jalb qilgan holda kengaytirilishini ta’minlashi ko‘rsatib o‘tildi.

“Yangi tizimning asosiy farqli jihati — unda to‘lovlarni ham xorij valyutasida, ham so‘mda amalga oshirish mumkin. Chet elliklarda dollarni so‘mga aylantirishlariga hojat qolmaydi. Ular valyuta kartalarida mahsulot sotib olishlari mumkin, konvertatsiya esa avtomatik ravishda amalga oshiriladi”, - dedi M.Mirzayev.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank tomonidan yangi chakana to‘lov tizimlariga nom tanlash bo‘yicha tanlov e’lon qilingandi. Hozirgacha 2,5 mingga yaqin taklif kelib tushdi. Ulardan eng mashhurlari HUMO, ADRAS va ANORdir.

Mazkur tanlovning ikkinchi bosqichi yaqinda yakuniga yetdi. Uning natijalari hali e’lon qilinmadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Uch kun ishlamagan UzCard davlatga va jamiyatga qancha zarar yetkazdi?