21:23 / 27.04.2021
2 554

O‘zbekistonda agroklasterlar bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirishga zarurat bor


So‘nggi yillarda O‘zbekistonning barcha tarmoqlari kabi, qishloq xo‘jaligida ham chuqur tarkibiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayni vaqtda, hozirgi murakkab va qaltis davr dunyo miqyosida agrar sohaning hal qiluvchi o‘rni va ahamiyatini yana bir bor yaqqol ko‘rsatib bermoqda. Mavjud resurs va imkoniyatlardan oqilona foydalanib, aholini qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash, sohada yangi ish o‘rinlari yaratish, manfaatdorlikni yanada oshirish eng muhim masalaga aylanmoqda.

Bugungi kunda qishloq xo‘jaligini jadal rivojlantirish, uning iqtisodiy samaradorligini oshirish, qishloq ahlining turmush sharoitini yanada yaxshilash, manfaatdorligini ta’minlash masalalari bevosita qishloq xo‘jaligini boshqarishning zamonaviy usuli — klasterlar tizimi bilan bog‘iq. Ta’bir joiz bo‘lsa, ushbu yangi tuzilma o‘tgan juda qisqa vaqt ichida agrar sohani harakatlantiruvchi yetakchi kuch — drayveriga aylandi.

Klasterning afzallik tomonlari nimada? U qaysi omillar hisobiga rivojlanyapti? Keyingi yillarda katta e’tibor qaratilayotgan qishloq xo‘jaligining mazkur yo‘nalishi o‘zini qay darajada oqlayapti?

Klaster — bu xom ashyo yetishtirishdan boshlab to qayta ishlangan tayyor mahsulotni iste’molchiga yetkazib berishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab olgan bir butun tizim. Klaster — bu qo‘shilgan qiymat zanjirining barcha ishtirokchilari (fermerlar, qayta ishlovchi korxona, eksportyor)ni bir maqsad sari jamlagan korxonalar guruhidir.

Uning maqsadi:
  • mahsulot yetishtirishdan boshlab tayyor iste’molga qadar qayta ishlash jarayonlarini qamrab olish, qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish va yakunida olinadigan tayyor mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarga yo‘naltirish;
  • mahsulot yetishtirishda zamonaviy innovatsion texnologiyalarni jalb qilish orqali agrotexnik tadbirlarni yangilash, hosildorlikni bir necha barobarga oshirish;
  • optimal xarajat qilib, ko‘p daromad olish, mahsulot yetishtiruvchilarning moliyaviy holatini yaxshilash;
  • mahsulot yetishtiruvchilar moddiy-texnik bazasini zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari va uskunalari bilan boyitish, ularga xizmat ko‘rsatishni va infratuzilma ob’ektlarini yangilashdan iborat.
Bu tizim dehqonlar, agrar soha vakillariga yangicha zamonaviy uslubda ishlashni o‘rgatadi. Mahsulot ekishdan to tayyor mahsulotgacha bo‘lgan jarayonni yagona texnologik tizimga birlashtirgan ishlab chiqarishning yangi majmuasi ilm-fan yutuqlarini, yangi innovatsion texnologiyalarni amaliyotga joriy etishga ham keng yo‘l ochib beradi.

Jahon tajribasi
Qishloq xo‘jaligi sohasi rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, agrosanoat klasterlari faoliyati qonun (normativ-huquqiy hujjat) bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tartibga solinmagan. Mazkur munosabatlar fuqarolik huquqiy munosabatlar asosida, jumladan sheriklik shartnomasi, qishloq xo‘jaligi sub’ektlarining kooperatsiyaga birlashishi orqali amalga oshiriladi.

Kanadada klaster deganda fermer xo‘jaliklari sheriklik shartnomasi asosida (masalan, Ontario provinsiyasida fermerlarning 30 foizi sheriklik shartnomasi asosida faoliyat yuritadi) yoki bir nechta fermerlardan iborat inkorporatsiyasiga yoxud yirik qishloq xo‘jaligi korporatsiyalarga birlashgan holda faoliyati tushuniladi.

Shu bilan birga, jahon tajribasida klasterlarning shakllanish maqsadiga ko‘ra oltita modeli mavjud:
  • Italiya modeli — kichik firmalarning katta assotsiatsiyalar bilan raqobatbardoshligini oshirish uchun o‘zaro birlashishi;
  • Yaponiya modeli — ko‘plab yetkazib beruvchilarning integratsiyalashgan yirik yetakchi firma atrofida shakllanadigan ishlab chiqarish zanjiri. Bu model texnologik jihatdan murakkab mahsulotlar ishlab chiqirishga qaratilgan;
  • Finlyandiya modeli — yuqori texnologiyali innovatsiyalarni joriy etish, ishlab chiqarishni ta’lim va tadqiqot bilan integratsiya qilish, korxonalarni milliylashtirish maqsadida biznes va institutlar birlashuvi. Bu model tabiiy resurslari ko‘p bo‘lmagan kichikroq mamlakatlar uchun mos keladi;
  • Shimoliy Amerika modeli — korxonalar o‘rtasidagi aniq raqobat bilan tavsiflanib, ishlab chiqarish jarayonida yaqin aloqalarni o‘rnatishni nazarda tutmaydi. Bu model klasterdagi yetkazib beruvchilar o‘rtasidagi raqobat tufayli, shuningdek, ommaviy ishlab chiqarish tufayli bosh kompaniya yakuniy mahsulotning past narxiga yerishish imkoniyatiga ega bo‘ladi;
  • Hind-Xitoy modeli — bu modelda davlat asosiy rol o‘ynaydi. Asosiy e’tibor chet el investitsiyalariga qaratilgan bo‘lib, ular zamonaviy texnologiyalarni olib kelinishini va davlatning jahon bozorlariga chiqishini ta’minlaydi;
  • Sobiq Ittifoq modeli — bozor munosabatlari va raqobat minimallashtirilgan holda, ishlab chiqarish yirik firmalarda to‘planadi. Bu model aholi zichligi past va kam rivojlangan mintaqalarning sanoatida qo‘llaniladi.
Rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, klasterlar faoliyatini innovatsion qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularni innovatsiya maktablari, institutlar, markazlar va boshqa shu kabi muassasalar bilan uzviy bog‘liqligi ta’minlanadi. Bu esa, klasterlar faoliyatining samaradorligini oshirish, ishlab chiqarishda innovatsiyani joriy etish, shuningdek mamlakatning jahon bozoriga chiqishida raqobatbardoshligiga olib keladi. Xususan, Finlyandiyada innovatsiyani klasterlar bilan integratsiyasini ta’minlash maqsadida, bir qancha tadqiqot muassasalari tuzilgan.

Qonunchilikni takomillashtirish zarurati
Hozirgi kunda O‘zbekistonda klasterlar bo‘yicha Prezident va Vazirlar Mahkamasining qarorlari qabul qilingan bo‘lib, muayyan klasterlarni tashkil etish va ularga yer ajratishni nazarda tutadi. Amalda faoliyat yuritayotgan klasterlarning tahlili sohada quyidagi tizimli muammolar mavjudligini ko‘rsatadi:
  • sohani tartibga soluvchi yagona normativ-huquqiy hujjat mavjud emas;
  • klasterlarning huquqiy maqomi normativ-huquqiy hujjatlarda nazarda tutilmagan;
  • klasterlarni tashkil etish, ularni tanlab olish mezonlari, shuningdek, ularga yerlarni ajratishning yagona va shaffof mexanizmlari mavjud emas;
  • O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi kooperatsiyalarni shakllantirish tizimining mavjud emasligi; qishloq xo‘jaligi kooperatsiyasi sohasida axborot-maslahat xizmatlari tizimining keng tarqalmaganligi, sohaning rivojlanishini mustahkamlashga layoqatli hamda malakali mutaxassislarning yetishmasligi;
  • qishloq aholisining kooperatsiyasi to‘g‘risidagi bilim darajasining yetarli emasligi;
  • o‘zaro hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish va erkin birlashishga ruhiy (psixologik) jihatdan tayyor emaslik, xo‘jalik yuritishda o‘z-o‘zini boshqarish ko‘nikmalarining yetishmasligi;
  • kooperatsiya tuzilmalarini tashkil etishga agrobiznesning hissadorlik korxonalari, xususiy tadbirkorlari va vositachilari tomonidan qarshi ta’sir va raqobatning mavjudligi.
Shundan kelib chiqqan holda, «Qishloq xo‘jaligi kooperatsiyasi to‘g‘risida»gi qonun hamda Vazirlar Mahkamasining «Agrosanoat klasterlari maqomi va ularning faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida»gi qarori loyihalari ishlab chiqildi.

«Qishloq xo‘jaligida kooperatsiya to‘g‘risida»gi qonunning qabul qilinishi qishloq xo‘jaligida kooperatsiya munosabatlarni shakllantirishning huquqiy asosini yaratish, kooperativlar faoliyatini rivojlantirish, shuningdek, xo‘jalik sub’ektlari uchun munosabatlarni mufassal huquqiy tartibga solishga yordam beradi.

Qishloq xo‘jaligida kooperatsiya munosabatlarini tashkil topishi umummanfaatlar, muammolar, maqsadlar yoki vazifalar tamoyili bo‘yicha jismoniy yoki yuridik shaxslarning birlashishi alohida dolzarblik kasb etadi.

Qishloq xo‘jalik kooperativi agrar sektorda tadbirkorlik faoliyati, shu jumladan, ishlab chiqaruvchidan yakuniy iste’molchigacha bo‘lgan tizimni takomillashtirish uchun dastak hisoblanadi.

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi orqali qishloq xo‘jaligida kooperatsiya munosabatlarini tartibga soluvchi normalarni yagona hujjatda unifikatsiya qilish va tizimlashtirish, ushbu sohasidagi munosabatlarni kompleks huquqiy tartibga solish, qonun hujjatlaridagi ziddiyatlar va bo‘shliqlarni bartaraf etishga erishiladi.

Qonun loyihasi yirik kooperatsiyalarni tashkil etish, ular faoiyatini muvofiqlashtirish, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, moliyalashtirish bo‘yicha rag‘batlantiruvchi chora-tadbirlarni qo‘llash masalalarini ko‘zda tutadi.

Shuningdek, «Agrosanoat klasterlari maqomi va ularning faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida»gi qaror loyihasida agrosanoat klasterlari maqomi va ularning faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash nazarda tutilmoqda. Unda:
  • agrosanoat klasterining huquqiy maqomi belgilanmoqda;
  • agrosanoat klasteri faoliyati uchun yer uchastkalari 30 yildan 50 yilgacha muddatga ijara huquqi asosida zaxira yerlar, bo‘sh turgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar, qayta tiklanadigan va foydalanishga kiritiladigan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan qonunchilikda belgilangan tartibda ajratilishi nazarda tutilmoqda;
  • qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilarini agrosanoat klasterlariga majburiy tartibda biriktirish amaliyoti bekor qilinmoqda;
  • qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga respublikaning istalgan hududidagi agrosanoat klasterlari bilan shartnoma tuzish va ularga mahsulot yetkazib berish huquqi berilmoqda;
  • agrosanoat klasterlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash shakllarini belgilanmoqda;
  • agrosanoat klasterlari faoliyatini monitoring qilish Qishloq xo‘jaligi vazirligi zimmasiga yuklangan holda, uning mexanizmlari belgilanmoqda;
  • agrosanoat klasteri maqomini bekor qilish, yerga ijara huquqini bekor qilish faqat sud qarori asosida amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.
Mazkur qarorning qabul qilinishi orqali agrosanoat klasterlarini tashkil etish va ularning faoliyat yuritishini ta’minlashning huquqiy asoslarini yaratishga, klasterlarini tashkil etishda vakolatli davlat va mahalliy hokimiyat organlarini hamda klasterlarning huquq va majburiyatlarini aniq belgilanishiga hamda agrosanoat klasterlarini faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishda davlat va mahalliy hokimiyat organlari tomonidan yer ajratish, moliyalashtirish masalalarida ko‘maklashishni ta’minlashning huquqiy asoslarini mustahkamlashga erishiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » O‘zbekistonda agroklasterlar bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirishga zarurat bor