
Turkiya Superligasida joriy mavsum nafaqat chempionlik, balki to‘purarlar poygasi ham juda qizg‘in tus olgan. “Oltin butsa” uchun kurash qator yetuk hujumchilar o‘rtasida kechmoqda. Ular orasida Yevropaning kuchli ligalaridan turk klublariga taklif etilgan yulduzlar bilan bir qatorda, O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov ham bor.
Mavsumning 11-turiga kelib, “Bashakshehir” safida harakat qilayotgan Eldor Shomurodov yettita gol bilan to‘purarlar bahsida yetakchi bo‘lib turibdi. Uning ko‘rsatkichi “Trabzonspor” hujumchisi Pol Onuachu bilan teng — har ikki futbolchi 7 tadan to‘p kiritgan. Ayni paytda Superligada to‘qqizta jamoa bahsini yakunlagan va yetakchilar jadvalda ustunlikni saqlab turishmoqda.
Eldorning bunday natijasi nafaqat shaxsiy yutuq, balki O‘zbekiston futboli uchun ham muhim ahamiyatga ega. Chunki kelasi yil AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati saralash bosqichlari oldidan milliy jamoa sardorining yuqori formada bo‘lishi katta ahamiyat kasb etadi.
Qizig‘i, Superligada ro‘yxatdan o‘tgan 518 nafar futbolchining yarmidan ko‘pi — 263 nafari legioner hisoblanadi. Shu sababli to‘purarlar poygasidagi raqobat nafaqat mahalliy, balki xalqaro xarakterga ham ega.
Qo‘shimcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha hamyurtimiz yetakchi sifatida qayd etilgan. Shomurodov yetti golidan oltitasini o‘yin jarayonida, bittasini penaltidan kiritgan bo‘lsa, uning raqibi Pol Onuachu ikki bor 11 metrlik nuqtadan to‘p kiritgan. Bu holat Eldorning samaradorligi va harakatchanligini yanada yaqqol ko‘rsatmoqda.
Eng yaqin ta’qibchilar — “Galatasaroy” yulduzi Mauro Ikardi va “Fenerbahche” forvardi Yussuf En-Nesiri hisoblarida oltitadan to‘p bor. Ammo ular so‘nggi turda raqiblar darvozasini ishg‘ol qila olishmadi. Ikardining beshta goli avgust va sentyabr oylarida kiritilgan bo‘lsa, oktyabrda faqat bir bor gol urdi. En-Nesiri esa “Genchlerbiligi” va “Gaziantep”ga qarshi bahslarda ikkitadan gol urib dubl qayd etgan.
Turkiya Superligasida yetakchilar orasida faoliyatining katta qismini Yevropaning “top-5” ligalarida o‘tkazgan yulduzlar ko‘p. Bu raqobatni yanada qiziqarli va xalqaro darajaga ko‘tarib qo‘ygan.
Shuningdek, “Konyaspor” hujumchisi Umut Nayir ham o‘z jamoasi nomidan to‘purarlar ro‘yxatiga qo‘shildi. 32 yoshli tajribali futbolchi ilgari bir yil Xorvatiya chempionatida “Xayduk” sharafini himoya qilgan bo‘lsa-da, asosan Turkiya klublari bilan faoliyat olib borgan.
Hozircha uchinchi o‘rinda beshtadan to‘p kiritgan to‘rt nafar hujumchi joy olgan: “Samsunspor”dan Karlo Xolse, “Trabzonspor”dan Felipe Augusto, “Beshiktosh”dan Rafa Silva va “Fenerbahche”dan Taliska. Ular ham “Oltin butsa” uchun asosiy raqiblar qatorida turishmoqda.
Eslatib o‘tamiz, mavsum boshida Eldor Shomurodov Italiyaning “Roma” klubidan “Istanbul Bashakshehir”ga ijara asosida ko‘chib o‘tgandi. U Superligada “Beshiktosh”, “Alanyaspor”, “Konyaspor”, “Galatasaroy” va “Kojaelispor” darvozalariga bittadan gol urgan, “Antalyaspor”ga qarshi bahsda esa dubl qayd etgan.
Hozircha turk sport ommasi Shomurodovni joriy mavsumning eng samarali va mehnatkash hujumchilaridan biri sifatida baholamoqda. Agar u shu tempda davom etsa, Turkiya Superligasining to‘purariga aylanishi ehtimoli juda yuqori. Muxlislar esa uning har bir o‘yinida yangi rekord kutmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!