09:00 / 29.05.2022
1 564

Sakkiz tilda so‘zlashuvchi o‘zbek qizi: «Germaniyada o‘zbek tili kafedrasini ochmoqchiman!..»

Sakkiz tilda so‘zlashuvchi o‘zbek qizi: «Germaniyada o‘zbek tili kafedrasini ochmoqchiman!..»
Foto: «Xabar.uz»
«Xorijdagi vatandoshlar» loyihasining bu galgi suhbatdoshi Germaniyaning Bremen universiteti magistratura bosqichi talabasi Zubayda Tosheva. Qahramonimiz Buxoro viloyatida tug‘ilgan. Ingliz, rus, nemis, turk, dariy va tojik tillarida erkin gaplashadi. Hozir ispan tilini o‘rganmoqda.

U bilan suhbatimiz magistratura uchun nega aynan Germaniyaga ketgani, xorijiy tillarni o‘rganishda nimalarga ahamiyat berish kerakligi, ilmiy ishi va shu kabi boshqa mavzularda kechdi.

Xursandchilik kunlarda doim kitob sovg‘a qilganlar
Umuman olganda, bizning oilamizda universitetda ta’lim olish – bu an’ana. Otam ikkita oliy ta’lim dargohini tugatganlar. Biz – to‘rt farzandni ham o‘qitib, barchamizni universitetlarda tahsil olishimiz uchun bolaligimizdan sharoit yaratib bergan. Hayotda erishgan har bir yutug‘im orqasida ota-onam va ularni xursand qilish istagi yotadi.

Mening ikki opam va akam bor. Oilada kenja bo‘lsam ham, bizda birdek munosabatda bo‘lishgan. «Qizlar albatta bilimli bo‘lishi kerak» – bu otamning fikrlari. Bolaligimizda ular bayramlarda va tug‘ilgan kunlarda bizga kitob sovg‘a qilardilar. Shu sababli uyimizda o‘zimizning kutubxonamiz bor. Hozir ham nevaralariga kitob sovg‘a qiladilar, opalarim ham bu an’anani o‘z farzandlarida davom ettirmoqda. Aynan ingliz tiliga qiziqishimga sabab – bu o‘sha kutubxonadagi ingliz tilidagi rangli kitoblar bo‘lgan.

Mening ikkinchi opam respublika olimpiadasida 1-o‘rinni egallagandi. Bu menga juda katta motivatsiya bergan, ota-onam quvonib, faxrlanganlarini ko‘rib, men ham bir kun ularni shunday quvontirishni o‘zimga maqsad qilgan edim.

Ingliz tilida kitoblar o‘qiganman, internet orqali do‘stlar orttirganman. Shu asnoda Buxoro davlat universitetining ingliz tili filologiyasi fakultetiga o‘qishga kirganman.

Nemis tili men uchun chiroyli til hisoblangan
Universitetda tahsil olgan kezlarim, ingliz tilidan tashqari ikkinchi tilni o‘rganish uchun imkoniyat bo‘lgan. Shunda men nemis tilini tanlaganman. Sabablari ko‘p: birinchidan bu men uchun chiroyli til, ikkinchidan – Germaniya taraqqiy etgan davlat va u ko‘pgina grantlarni taqdim etadi, uchinchidan – asl Yevropa madaniyatini haligacha saqlab qolgan davlatlardan biri. Bundan tashqari, talabalarga ko‘pgina imkoniyatlar bor. Nemislarning punktualligi menga doimo yoqardi – barcha ishlar vaqtida bajariladi va katta javobgarlik hissi bilan.

Bakalavr bosqichini tamomlaganimdan so‘ng, bir yildan ortiq vaqt mobaynida Germaniya elchixonasi huzuridagi VISAMETRIC – Shengen viza rasmiylashtirish bo‘limida mehnat faoliyatimni olib borganman. Shunda Germaniyada magistratura uchun qanday imtiyozlar borligini o‘rganganman va o‘qishga kirish uchun barcha hujjatlarni tayyorlaganman.

«Ko‘p til bilgan – dunyoni anglaydi, uni zabt etadi»
Germaniyada tahsil olib, men mustaqil va hayotda o‘ziga ishongan shaxs bo‘lishni o‘rgandim. Bolaligimda otam bizga «Ko‘p til bilgan – dunyoni anglaydi, uni zabt etadi», deb aytardilar. Shu sababli maktab chog‘idayoq men 4 ta tilda mukammal so‘zlasha olardim – bular o‘zbek, rus, tojik va ingliz tillari. Barchasini mustaqil o‘rganganman, ya’ni uyda biz 3 ta tilda suhbatlashardik –o‘zbek, rus va tojik. Ingliz tilini maktabda qiziqib o‘rganganman.

Germaniyaga kelganimdan keyin turk va dari (fors tilining afg‘oncha shevasi) tillarini o‘rgandim. Hozirgi kunda jami 7 ta tilda erkin suhbatlasha olaman va hozir ispan tilini o‘rganyapman. Bu qobiliyatim nemislar uchun juda noodatiy, chunki ular asosan faqat o‘z ona tillarini bilishadi.

Bremenda yashash – menga osudalikni hadya etdi
Hozir men Bremen universitetining «Ingliz tilida so‘zlashuvchi davlatlarining madaniy aloqalari» yo‘nalishida magistraturada ta’lim olyapman, bu mening ikkinchi magistraturam. 2020 yili Gamburg universtitetining «Ingliz tili – xalqaro til» fakultetiga o‘qishga kirganman. Gamburg – bu katta shahar, megapolis. Unda hayot to‘xtamaydi, kunu-tun harakatda bo‘ladi. U yerda katta raqobat va shunga javoban katta talab bor. Gamburgdan keyin Bremenda yashash – menga osudalikni hadya etdi. Bu yerda haqiqiy nemis madaniyati va hayotini ko‘rdim – insonlari mehribon, e’tiborli.

«Bremenlik musiqachilar» multfilmini bolaligimda ko‘p ko‘rganman, lekin bir kun kelib shu shaharda yashashimni tasavvur ham qilmaganman.

Talaba bo‘lib dunyo bo‘ylab ko‘p sayohat qildim. Yevropaning taniqli shaharlarini tomosha qildim, milliy taomlarini tanovvul qildim, tarixiy obidalari atrofida sayr qildim. Bu orzuim edi va Germaniyadagi tahsilim bu orzuimni ro‘yobga chiqardi. Lekin qayerda bo‘lsam ham, o‘zbek oilasining farzandi ekanligimni unutmadim, madaniyatimizga hurmat ko‘prigi ekanligim sabab, yevropaliklarga go‘zal madaniyatimizdan kelib chiqib muloqot qilaman. Kattalarga hurmat, ota-onani e’zozlash, gaplariga quloq solish, maslahatlarini olish va unga rioya qilish. Uyni ozoda tutish, mehmondo‘stlik, sahiylik, mehr-oqibat, do‘stlikka hurmat – bu tarbiyamning ajralmas qismi.

O‘qishga kirish oson, jarayoni juda murakkab
Germaniyaning qaysi tajribasini O‘zbekistonga qo‘llasa bo‘ladi? Menimcha, hammasini! Bu yerda o‘qishga kirish oson, o‘qish jarayoni juda murakkab – va natijada siz haqiqiy mutaxassis bo‘lib chiqasiz. Bu yerda talabalarga ishonadilar, talaba bu ishonchni yo‘qotmaslikka harakat qiladi. Bu yerda korrupsiya, tanish-bilishchilik yoki «kimdirning qizi, jiyani» degan tushunchaning o‘zi yuq, tasavvurga sig‘maydi! Talaba o‘qish jarayonida qaysi fanlar unga kerakligini o‘zi mustaqil tanlaydi, «tayyor dars jadvali» yo‘q.

Germaniya universitetlarida o‘qish haftasiga 2-3 kun, bu tanlagan modulingizga qarab, kuniga 2-3 soat dars. Juda ko‘p mustaqil vazifalar beriladi, o‘qituvchi faqat yo‘nalishni ko‘rsatadi, asosiy jihatlari va mustaqil o‘qish uchun adabiyot va manbalarni beradi. Qolgani – talabaning vazifasi.

Universitetda o‘qish jarayonida juda ko‘p konferensiya va boshqa mamlakatlarda tahsil olish uchun grantlar mavjud. Ishga joylashgandan so‘ng ham universitet siz bilan aloqasini uzmaydi, bitiruvchilar bilan uchrashuvlar tashkil qiladi. Bu talabalar uchun juda katta ruhlantirish.

Talabada bilim olishga ishtiyoqi so‘nmasligi uchun ham tanlov ixtiyoriy. Talabalar uchun keng va yorug‘ kutubxonalar, bepul internet, sayohat qilishi uchun chegirmalar, doimo rag‘batlantirish tizimi – bularning barchasini O‘zbekistonga qo‘llasa bo‘ladi!

Meni sinovsiz ishga taklif qilishdi
Magistraturada jinoiy (kriminal) lingvistikaga (ingliz tilida «Forensic Linguistics», rus tilida «Lingvokriminalistika») oid bo‘lgan juda murakkab mavzuda dissertatsiya yozishni boshlaganman.

Forensic Linguistics – amaliy tilshunoslikning og‘zaki va yozma nutqni sud jarayoni va kriminalistika kontekstida tahlil qilish bilan shug‘ullanuvchi soha hisoblanadi. Bu soha siyosat va inson huquqlari bilan chambarchas bog‘liq va bu yangi soha hisoblanadi. Jinoyatchilar hozir ko‘pgina shifrli tillardan foydalanib, ijtimoiy tarmoqlarda o‘z «faoliyatini» olib boradi. Lingvokriminalistlar bu xususiyatlarni o‘rganib, jinoyatchilarni topishga, ular foydalangan so‘zlar kodini yechib, ma’nosini bilishga va rejalashtirilgan jinoyatlarning oldini olishga yordam beradi.

Bilishimcha, bu yunalish O‘zbekistonda hali yo‘q. Dunyoda sanoqli oliygohlarda bu yo‘nalish bo‘yicha o‘qitiladi. Talab esa katta. Shu sababli, 1 yil oldin Germaniyadagi katta kompaniyalardan biri hisoblangan «Concentrix» va Italiyaning Germaniyada joylashgan «VisaRight» kompaniyalariga ishga taklif qilindim. Bu yerda talabalar sinov muddati va o‘qishni tugatganlaridan keyingina ishga olinadi, meni esa sinovsiz ishga taklif qilishdi. Sabablardan biri – ko‘p tillarni yaxshi bilishim, madaniyatlari va so‘zlashish xususiyatlarini tushunishim hamda forenzik lingvistika sohasida bilimga ega ekanligim.

Bunday katta tashkilotlarda ishlashga hali tayyor emasligim sabab rad etdim, lekin magistraturani tugatishim bilan meni ishga olishlarini ta’kidlashgan.

Bolalikdan boshlash kerak
Til o‘rganishni bolalikdan boshlash kerak. Kichkinaligimdan bir vaqtning o‘zida 3 ta tilda muloqot qilishimiz menga tillarga moslashishga yordam berdi. Men doimo bir haqiqatni tan olganman – barcha narsa oiladan. Ota-ona, oiladagi muhit bolaning kim va qanday inson bo‘lishini belgilaydi. Agar ota-ona farzandiga ishonsa – va bu ishonchni ko‘rsata olsa (o‘g‘il yoki qiz farzand – buning ahamiyati yo‘q) – farzand albatta o‘ziga maqsad qilgan cho‘qqiga erishadi va doimo oldinga intiladi. Lekin ota-ona farzandiga ishonchsizlik ko‘rsatsa «Sen buni qila olmaysan, bu qiyin, mushkul, qo‘lingdan kelmaydi» desa, hatto eng iqtidorli farzand ham omadsizlikka uchraydi.

Men doimo ota-onamdan minnatdorman, sababi ular meni doimo qo‘llab-quvvatlaganlar, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatganlar va hayotda omadli inson bo‘lishim uchun qo‘llaridan kelgan barcha ishni qilishgan. Hozir ham bir katta loyiha ustida ish boshlaganman – otam «Buni uddalaysan, qo‘lingdan keladi, ishonaman! Bu loyihang haqida internetdan o‘qisam, juda quvonardim!» mana shu menga kerakli drayver, kuch! Bu loyiha qay darajada yirik bo‘lmasin – uni albatta oxirigacha yetkazaman.

Muvaffaqiyatli karera – bu mehnatning mahsuli
Tilni yaxshi o‘rganishni istasangiz – unda muloqot qiling, filmlarni tarjimasiz tomosha qiling, shu tilda so‘zlashuvchi do‘stlar orttiring va albatta so‘zlarni yodlang!

Muvaffaqiyatli karera – bu mehnatning mahsuli. Hech qachon o‘z ustingizda ishlashdan to‘xtamang, qiyinchiliklardan qo‘rqmang, muammolardan cho‘chimang – ularning yechimini toping, yenging – mana shunda siz muvaffaqiyatga erishasiz. Chunki bizning xatolarimiz – bu bizning eng yaxshi ustozlarimiz. O‘z xatosi ustida ishlab, uni qayta qilmagan inson – albatta omadga erishadi.

Qizlarga tilagim – o‘zligingizni yo‘qotmang. Maqsadga erishing. Birovning gapi bilan yashamang, doimo tanqid qiluvchilar topiladi. Otam doimo bizga bir gapni ta’kidlaganlar: «Bilim – bu seni hech qachon tashlab ketmaydigan umr yo‘ldosh! U doimo seni quvvatlaydi va yordam beradi!»

Bremenda o‘zbek tili kafedrasini ochish ustida ishlayapman
Bo‘sh vaqtimda milliy taomlarimizni tayyorlab, do‘stlarimni mehmon qilishni yoqtiraman. Hozir katta bir loyiha – Bremen universitetida o‘zbek tili kafedrasini ochish ustida ishlayapman. Bizning boy va juda go‘zal madaniyatimiz va adabiyotimizga qiziquvchilar ko‘p. Bu taklif bilan universitet rektori va professorlari bilan maslahatlashdim, ularga g‘oyam ma’qul keldi. Asosan bo‘sh vaqtimni shunga sarflayapman. Orzuim – nemis yoshlari Navoiy va Qodiriyni ona tilimizda o‘qishsin.

Hozir Xalid Xosseynining asarini tugatayapman. Bu kitob Afg‘onistondagi voqealar, yoshlarining hayoti va umidlari to‘g‘risida. Qizlar huquqiga alohida e’tibor qaratilgan. Bu kitobni o‘qiganimdan xursandman. Rostini aytsam, kitobdagi voqealarni o‘qib, mamlakatimizda qizlarga va ayollarga berilayotgan imkoniyatlar qadrini sezasan kishi.

Yaqin kelajakda magistratura bosqichini muvaffaqiyatli yakunlab, ota-onamni xursand qilmoqchiman. Albatta o‘z sohamda ishlashni orzu qilaman. Undan keyin juda bir qiziqarli sohada yana bakalavr bosqichida o‘qimoqchiman. Eng katta orzuim – bu Bremen universitetida «O‘zbek tili fakulteti»ning ochilishi, ona Vatanim bayrog‘i universitet hududida hilpirab turishini juda istayman.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sakkiz tilda so‘zlashuvchi o‘zbek qizi: «Germaniyada o‘zbek tili kafedrasini ochmoqchiman!..»