
“Falon klasterga falon ish o‘rni yaratish yuklatildi”, “falon klaster falon ijtimoiy ob’ektni barpo etdi” – bunday so‘zlarni yangiliklarda tez-tez eshitib qolamiz. Xo‘sh, tadbirkorlik sub’ektlariga ijtimoiy vazifalarni yuklash to‘g‘rimi – bozor tamoyillariga mosmi bu harakat? Va buning oqibatlari qanday bo‘lyapti?
“Erkatoylar”
Avvalo, hech bir tadbirkor ijtimoiy vazifani bekorga egniga olmaydi. Uni bunga ko‘ndirish uchun bir kompleks “qulayliklar” berish kerak.
Boshqacha qilib aytganda, tadbirkor foydasini ko‘rishi, his qilishi kerak, o‘shandagina ko‘nadi bunga. Va bu tabiiy, axir, u o‘z nomi bilan – tadbirkor.
U bunga faqat bitta holatdagina rozi bo‘ladi – unga ALOHIDA mavqe berilsa: soliq imtiyozlari, “yuqori kabinetlarga kirish” imkoniyati, hokimlar, prokurorlar, ichki ishlar va boshqalar ularning xizmatida bo‘lishi va yana bir qancha “qulayliklar” berilgandagina ular bunga rozi bo‘lishadi.
“Qulayliklar”
“Mayli, qandini ursin, pul topsin va ijtimoiy vazifalarni bajarsin”, deyishingiz mumkin. Ammo holat siz o‘ylaganday emas.
Mavqe sohibining yonini olaman deb prokuror ham, hokim ham, ichki ishlar boshlig‘i ham qonunlarni buzishga majbur bo‘ladi. Buni ko‘rgan boshqa – mavqega ega bo‘lmagan tadbirkorlar hayron: “Nega qonunlar buzilyapti?”
Oddiy tadbirkorlarning huquqlari buziladi va bu ularning faoliyatiga salbiy ta’sir etadi, ba’zida umuman to‘xtaydi faoliyat.
Va bu hali eng yomoni emas, eng yomoni – odamlarda adolatga, qonunlarga bo‘lgan ishonch o‘ladi! Bu esa fojia! Milliy miqyosdagi fojia. Joylarda ma’naviy muhit buziladi, kayfiyat tushadi, tadbirkorlik qilish ishtiyoqi pasayib ketadi, odamlar yo‘nalishini yo‘qotib qo‘yadi: axir ular islohotlarga, qonun hamma uchun teng bo‘lishiga ishonayotgan edi-da. Hammasi o‘sha – kimgadir alohida mavqe berilgani sababidan.
Arziydimi?
Alohida mavqe berilganlar ijtimoiy vazifalarni nechog‘lik bajaradi va bu biz aytgan salbiy oqibatlarni qoplaydimi?
Alohida mavqe qonunsizlikni keltirib chiqarishini va buning oqibatlari haqida gapirdik. Shuning o‘zi hamma ijobiy natijalarni, shak-shubhasiz, “yutib yuboradi”.
Erkatoylar mavjud bo‘lishining boshqa jihatlari haqida gaplashamiz.
Qonun ustuvorligi xususiy biznesni jadal rivojlantiruvchi omil. Bunga hech qanday shubha yo‘q. Bu esa, o‘z navbatida, ko‘plab ishchi o‘rinlari yuzaga kelishiga olib keladi. Va bunda ishchi o‘rinlarini o‘sha – sanoqli “erkatoylar” emas, ming-minglab tadbirkorlar o‘z manfaatini ko‘zlab, ishchi o‘rinlarni yaratishadi. Hech kim topshiriq bermasa ham. Tabiiy jarayon o‘laroq.
“Hamma teng bo‘lgan muhitda ko‘proq ishchi o‘rinlari yaratiladimi, yoki kabinetlarga kira olish hisobigami?” – degan savolga javob aniq: qonun ustuvorligi muhitida ming-minglab tadbirkorlar minglab ishchi o‘rin yaratishadi. Ularga haligi – “kompleks qulayliklar” kerak emas. Hokimlar-u prokurorlarga: “Bularga alohida yordam berasan” deyish, bu bilan nosog‘lom muhitni yaratish kerak bo‘lmaydi. Hammasi chiroyli kechadi.
O‘sha, hozirda alohida mavqe berilganlar uchun ham bu foyda aslida: raqobat sharoitida ular o‘z ustida ishlaydi. Bunda ishlar ham toza bo‘ladi, vijdon ham toza turadi.
Masalan, hozir klasterlar qishloq xo‘jaligi kooperativlari faoliyatiga bor imkoniyatlarini ishga solib, to‘sqinlik qilishayotganini kuzatyapmiz. Va bu hayratlanarli emas, chunki ular aynan alohida mavqe berish bilan, “ijtimoiy vazifalarni bajaradi” deb tuzilgan tadbirkorlik sub’ektlari, va raqobat sharoitida ishlashi qiyin bo‘lgan sub’ektlardir. Va, tabiiyki, ular alohida maqomlarini saqlab qolmoqchi bo‘lishyapti. Ming xil usullarni ishga solib.
Nima qilish kerak?
Yechim oddiy – hech kimga alohida maqom berilmasligi kerak. Hech bir tadbirkorlik sub’ekti boshqa tadbirkorlik sub’ektlaridan ustun bo‘lmasligi kerak. Hokim-u prokurorlar hammaga birdek, qonunda belgilangan tartibda xizmat qilishi kerak.
Masalan, klasterlar qishloq xo‘jaligi kooperativlari bilan raqobat qilib ishlayverishsin. Kim fermerning ko‘nglini topa olsa, fermer o‘shanga boradi. Bu yagona to‘g‘ri va samara keltiruvchi yo‘l. Davlat esa hammaga bir ko‘z bilan qarasin, hammaga birdek yordam bersin, ajratmasin hech kimni.
Boshqa turdagi kompaniyalar ham xuddi shu – raqobat muhitida ishlashsin. Faqatgina shunday muhit samara keltirishini ilmiy tadqiqotlar isbotlab bo‘lgan. Nega biz sinalgan tajribalarga, ilmiy isbotlab bo‘lingan asoslarga suyanmaymiz? Balki samarasiz ekani isbotlab bo‘lingan yo‘llardan yuryapmiz? Faqatgina raqobat, qonun ustuvorligi, tenglik bo‘lgandagina rivojlanish bo‘ladi.
Muvaffaqiyat sirlari izlab topilgan, tadqiq etilgan. Muvaffaqiyatsizlik sabablari ham topilgan, boshlar g‘urra bo‘lgan. Nega biz yana boshimizni g‘urra qilyapmiz?
***
Dunyodagi vaziyat bizni eskichasiga – sekin-asta emas, zudlik bilan rivojlanishimizni talab qilyapti. Xatoligi ilmiy isbotlangan yo‘llar esa bizni bir joyda toptalib turishimiznigina ta’minlaydi.
“Har bir tadbirkor teng!” degan shior bizga hozir havodek zarur. Shundagina minglab tadbirkorlarning ishi yurishadi, iqtisodiyotimiz rivojlanadi.
“Erkatoylar” esa bizni oldinga tortmaydi, ijtimoiy vazifalarni ular emas, sog‘lom iqtisodiyot sharoitida faoliyat yurituvchi minglab tadbirkorlar bajarib beradi. Topshiriqlarsiz, o‘z manfaatini ko‘zlab.
Shokir Sharipov
Manba: Kun.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar