Denovda ota-bolaga hujum oqibatida bir kishi halok boʻldi

Foto: Videodan kadr
Surxondaryo viloyatining Denov tumanida ogʻir jinoyat holati yuz berdi. Viloyat Surxondaryo viloyati IIB maʼlumotiga koʻra, ota va oʻgʻilga nisbatan sodir etilgan zoʻravonlik oqibatida yosh yigit hayotdan koʻz yumdi.
Hodisa 27 aprel kuni Denov shahridagi Bogʻishamol mahallasi hududida, avtomobil yuvish shoxobchasi oldida sodir boʻlgan. Tergov maʼlumotlariga koʻra, 56 yoshli ota A.U. va uning 32 yoshli oʻgʻli A.A. avvaldan pul munosabatlari sabab ziddiyatda boʻlgan qarindoshi — 37 yoshli jiyani Q.Sh tomonidan hujumga uchragan.
Maʼlum boʻlishicha, gumonlanuvchi jiyan yolgʻiz boʻlmagan. U yana uch nafar sherigi — 30 yoshli T.Sh, 29 yoshli X.Sh va yana bir 30 yoshli T.Sh bilan birgalikda jabrlanuvchilarni kaltaklab, ogʻir tan jarohatlari yetkazgan. Hodisa davomida ular oʻgʻilni “Gentra” avtomashinasiga oʻtqazib, nomaʼlum tomonga olib ketishgan.
Ogʻir ahvolda boʻlgan jabrlanuvchi shu kuni shifoxonaga yotqizilgan. Biroq uni tibbiyot muassasasiga kim olib kelgani aniqlanmagan. Shifokorlarning barcha saʼy-harakatlariga qaramasdan, u 28 aprel kuni — voqeadan bir kun oʻtib vafot etgan.
Dastlab holat yuzasidan Jinoyat kodeksi 104-moddaning 2-qismi boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan edi. Keyinchalik ish holatning ogʻirlashgani sababli ushbu moddaning 3-qismi “d” bandiga qayta kvalifikatsiya qilindi. Mazkur moddaga koʻra, qasddan yetkazilgan ogʻir tan jarohati jabrlanuvchining oʻlimiga sabab boʻlsa, aybdorlar 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Hozirda jinoyatda gumon qilingan barcha shaxslar qoʻlga olingan va protsessual tartibda qamoqqa olingan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Bu voqea jamiyatdagi zoʻravonlik va shaxsiy kelishmovchiliklar qanday ogʻir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini yana bir bor koʻrsatdi. Muammolarni kuch bilan emas, qonun doirasida hal qilish qanchalik muhim ekani yana bir bor namoyon boʻldi.