date

O‘zbekistonda blogerlar daromadi jiddiy nazoratga olinmoqda

Soliq qo‘mitasida tashkil etilgan ochiq muloqotda blogerlar faoliyatini soliqqa tortish masalasi atroflicha muhokama qilindi. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, hozircha mazkur yo‘nalishni to‘liq tartibga solish bo‘yicha tahlil va o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, sohani chuqur tahlil qilish maqsadida mamlakatdagi eng faol 110 nafar blogerning alohida ro‘yxati shakllantirilgan. O‘rganishlar davomida ularning katta qismi turli huquqiy maqomda ish yuritayotgani aniqlangan.

Jumladan, 55 nafar bloger o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, 33 nafari yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyat olib bormoqda. Qolgan 22 nafar bloger esa oddiy jismoniy shaxs maqomida ishlayotgani ma’lum bo‘lgan.

Soliq qo‘mitasi vakillarining qayd etishicha, bu holat blogerlik faoliyatining real iqtisodiy ko‘lami bilan uning rasmiy huquqiy maqomi o‘rtasida muayyan tafovut borligini ko‘rsatmoqda.

Masalada ayniqsa auditoriyasi juda katta bo‘lgan top-blogerlar faoliyatiga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, 3 milliondan ortiq obunachiga ega 6 nafar mashhur blogerning faoliyati tahlil qilingan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil davomida mazkur blogerlar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda 360 ta “storis” va 184 ta reklama xarakteridagi post joylashtirilgan.

Elektron hisobvaraq-fakturalar asosida olingan raqamlarga ko‘ra, ushbu blogerlarning umumiy daromadi 2,7 milliard so‘mni tashkil qilgan. Shu mablag‘dan budjetga 110,4 million so‘m soliq to‘langani aytildi.

Uchrashuv davomida ishtirokchilarga reklama orqali olinadigan daromadlarni soliqqa tortish tartibi ham batafsil tushuntirilgan. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs maqomi rasman xodim yollash huquqini bermaydi. Biroq amalda ayrim blogerlar tomonidan administratorlar, montajchilar va boshqa mutaxassislar jalb qilinayotgani kuzatilmoqda.

Soliq qo‘mitasi mas’ullari blogerlik sohasini qonunchilik talablariga moslashtirish, daromadlarning shaffofligini ta’minlash va raqamli iqtisodiyotda soliq tizimini tartibga solish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi.

Kuzatuvchilar fikricha, yaqin yillarda blogerlik faoliyati uchun yanada aniq huquqiy mexanizmlar va yangi soliq tartiblari joriy qilinishi ehtimoli yuqori.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda blogerlar daromadi jiddiy nazoratga olinmoqda