Huawei MatePad Pro Max: dunyodagi eng yupqa flagman planshet taqdim etildi

Huawei kompaniyasi o‘zining yangi flagman plansheti — Huawei MatePad Pro Max modelini global miqyosda taqdim etdi. Qurilma o‘zining o‘ta yupqa korpusi bilan ajralib turadi: uning qalinligi atigi 4,7 millimetrni, og‘irligi esa 499 grammni tashkil etadi. Ishlab chiqaruvchining ta‘kidlashicha, bu bozordagi eng yengil va yupqa flagman planshet hisoblanadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Planshet 13,2 dyuymli OLED PaperMatte displey bilan jihozlangan. Ekran 3K aniqligiga, 144 Gts yangilanish tezligiga va 1600 nit cho‘qqi yorqinligiga ega. Tasvir sifati va ko‘zga qulaylikni ta‘minlash uchun ilg‘or texnologiyalar qo‘llanilgan.
Qurilma 10 400 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan ta‘minlangan bo‘lib, u bir marta quvvatlash orqali 14 soatgacha video tomosha qilish imkonini beradi. Shuningdek, planshet 12 MP old va 50 MP asosiy kamera, oltita dinamik hamda to‘rtta mikrofon tizimi bilan jihozlangan.
Huawei MatePad Pro Max 12/256 GB va 12/512 GB xotira variantlarida sotuvga chiqariladi. Qurilma uchun maxsus klaviatura va stilus ham taqdim etilgan. Yangi flagmanning boshlang‘ich narxi 1360 dollarni tashkil etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!