Mingbuloqda tok urgan 4 yoshli bola qo‘llaridan ayrildi

Namangan viloyati Mingbuloq tumanida sodir bo‘lgan mudhish hodisa ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Tarqalgan xabarlarga ko‘ra, to‘rt yoshli bola elektr toki urishi oqibatida og‘ir tan jarohati olib, ikki qo‘lidan ayrilgan. Mazkur holat yuzasidan tuman hokimligi rasmiy izoh berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea 2025 yil 11 noyabr kuni “Ko‘rikobod” mahallasida yuz bergan. 2022 yilda tug‘ilgan Jamshidbek Xolmatov qarovsiz qolib, ochiq holda qoldirilgan transformator punkti hududiga kirib ketgan va kuchli elektr toki zarbasiga uchragan.
Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tezkor yordamga qaramay, bolaning qo‘llarini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan. Oqibatda, uning ikki qo‘li tirsak qismidan jarrohlik yo‘li bilan amputatsiya qilingan.
Holat yuzasidan transformator punktiga mas’ul bo‘lgan elektr tarmoqlari korxonasi xodimiga nisbatan sud hukmi chiqarilgan. Unga 2 yil axloq tuzatish ishlari hamda 20 million so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Ayni paytda bola doimiy tibbiy nazoratga olingan bo‘lib, unga bepul davolanish xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Shuningdek, u nogironlik nafaqasi bilan ta’minlangan va muntazam tibbiy yordam oluvchilar ro‘yxatiga kiritilgan.
Bundan tashqari, jabrlanuvchining onasiga moddiy yordam ham ajratilgan: elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan 60 million so‘m, tuman hokimligi tomonidan esa qariyb 50 million so‘m mablag‘ berilgan.
Mutasaddilar bunday ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish uchun ota-onalarni farzandlariga nisbatan yanada hushyor bo‘lishga, xavfli hududlarga yaqinlashtirmaslikka chaqirmoqda.