Otabek Mahkamov nima sababdan “befarosat” so‘zini ko'p ishlatadi?

Otabek Mahkamov “O‘zimizning gap” ko‘rsatuvida mehmon bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlardagi videolari haqida qiziqarli fikrlar bildirdi. Suhbat davomida boshlovchi Feruzabonu uning kontentida ko'p ishlatiladigan “befarosat” so‘ziga alohida to‘xtaldi.
Boshlovchi shunday savol berdi: “Videolaringizni ko‘pincha odamlar gavjum joylarda — ko‘chada, to‘yda va boshqa maskanlarda tasvirga olasiz. Kimdir oldingizdan yugurib o‘tib ketsa, ‘befarosat’ deysiz. Bunga nima sabab?”
Savolga javoban Mahkamov bu fikrni biroz inkor etdi. Uning aytishicha, u videolarni imkon qadar chetroq, odamlar kam bo‘ladigan joylarda olishga harakat qiladi. Hatto suratga olish jarayonida yordamchilarini ham qo'yib, odamlarni muloyimlik bilan chetroqdan o‘tishni so‘rashadi.
“Shunga qaramay, ayrimlar baribir o‘tib ketadi. Shunday vaziyatda nima deyishim kerak — ‘barakalla’ deyishim kerakmi? Albatta yo‘q. Shuning uchun ‘befarosat’ deyman”, — deya izoh berdi u.
Mazkur fikr ijtimoiy tarmoqlarda ham keng muhokama qilindi. Izohlarda foydalanuvchilarning katta qismi Mahkamovning pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlab, video olish jarayoniga hurmat bilan yondashish kerakligini ta’kidladi.