21:00 / 12.12.2022
1 451

Angrenda avariya sabab to‘kilib ketgan 11,5 ming litr benzin voqeasi muhokamalarga sabab bo‘ldi

Angrenda avariya sabab to‘kilib ketgan 11,5 ming litr benzin voqeasi muhokamalarga sabab bo‘ldi
Foto: Telegram
Angren neft bazasi hududida 10 dekabr kuni sig‘im sifonining jo‘mragi yorilishi oqibatida 11 ming 500 litr Ai-80 benzini to‘kilib ketgan. Voqea yuzasidan korxona rahbari D.Azimov munosabat bildirgan.

Mazkur avariya holatining sodir bo‘lishi bir qator ijtimoiy tarmoq faollari muhokamasiga sabab bo‘ldi. Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev mas’ullarga voqea yuzasidan bir qator savollar bilan murojaat qildi.

- "Rasmiy manbalar Angren neft bazasidan 11,5 ming litr benzin oqib ketganini bildirmoqda. Biroq biz negadir shu kungacha Angren neft bazasi haqida eshitmagan ekanmiz. Masalan, biz Toshkent viloyatida «O‘zbekneftgaz»ga qarashli Paxta, Kuchluk, Chinobod neftbazalari haqida bilamiz. Neft bazasi kichkina korxona emaski, uni kimdir sezmay qolsa. Uni barpo etishda qator talablar, vaqt, shu jumladan, ekologik talablar ham bor.

Biroq Angren neft bazasi osmondan tushgandek bo‘ldi. Shu bois agar ochiq va shaffof bo‘lishsa, vakolatli idoralar quyidagi savollarga javob berishlarini so‘raymiz: Angren neft bazasi qachon, qaysi manbalar hisobiga, nima maqsadda tashkil etilgan? Angren neft bazasi bugun kimga qarashli? Angren neft bazasidagi AI 80 benzini birjaga sotuvga chiqarilgandimi? Angren neft bazasidagi AI 80 benzini nima maqsadda saqlab turilgandi? Angren neft bazasidan oqib ketgan 11,5 ming litr benzin atrof muhitga va tabiatga qancha zarar yetkazdi?

Angren neft bazasi voqeasi katta ishlarning bir uchi ekanligini bilib turibmiz. Shu bois, rasmiy idoralar aniq javob bersa jamoatchilikda shubha bo‘lmaydi. Darvoqe, Davaktiv ham o‘z yo‘nalishida izoh berishi kerak. Gap nima haqidaligini agentlikning hushyor rahbarlari tushunib turishibdi, degan umiddamiz
", – deb yozdi deputat.

Jurnalist Muhim A’zamxo‘jayev Telegram'dagi kanalida voqea to‘g‘risida kinoyali post qoldirdi.

«11,5 ming litr benzin (salkam 70—80 million so‘m) oqib ketibdi va «hech kimga jiddiy zarar yetkazilmabdi». To‘g‘ri, davlat — hech kim, u hech qachon zarar ko‘rmaydi», – deb yozgan jurnalist.

Bloger Nurbek Alimov avariya sabab oqib ketayotgan benzinni odamlar chelaklarda yig‘ib olayotganidan hayratlanganini yozgan.

- "Angren neft bazasida avariya sabab 11,5 ming litr AI-80 benzini yerga oqib ketgani aytilmoqda. Menga eng qizig‘i, bu benzinni odamlar chelak tam cho‘michlarda bemalol yig‘ib o‘tirishgani bo‘ldi. Bu juda xavfli ish. Masalan, Tanzaniyada shu holatda 56 nafar odam tiriklay yonib ketgan, Nigerda ham 60 kishi yonib, kulga aylangan. Meksikada benzin trubasi yorilib, u yerdan benzin yig‘ayotgan 135 nafar odam asfalasofilin bo‘lgan. Pokistonda esa ag‘darilib ketgan benzavozdan tekin benzin yig‘ish ilinjida bo‘lgan 150 kishining kuli ko‘kka sovurilib ketgan. Mana shunaqa holatlar bo‘lsa, agar hayotingizni narxi qimmatroq bo‘lsa, bir narsadan quruq qolganday yugurib borib, «benzin dvijeniya» qilishga harakat qilmang.

Albatta, yuqoridagi holatlarning hammasi rivojlanmagan davlatlarda bo‘lganini kuzatish mumkin. Odamlar o‘z hayotini xavfga qo‘yib bo‘lsa-da cho‘michda benzin yig‘ayotgan yerda energetik siyosatda qandaydir yirik kamchiliklar borligi aniq.

Bizda yaxshi, qurbonlar bo‘lmabdi. Lekin bu ish baribir noto‘g‘riligicha qolaveradi. Benzin bu juda xavfli yonilg‘i. Nima bo‘layotganini anglamay ham qolasan, anglashga miyang bo‘lmaydi, u havoda kul shaklida uchib yurgan bo‘ladi... Miyani kulga aylanib qolmasidan oldin ishlataylik
", – deb yozgan bloger.

Telegram'dagi «Kompromatuzb» kanalida esa Angrenda neft baza yo‘qligi haqida yozilgan.

«Kim kimni va nima uchun chalg‘itayotgani tushunarsiz? Angrenda Sanoat energetika guruhi MCHJ XK (sobiq «Jizzax petroleum» MCHJ XK)ga qarashli yirik zaxira maydoni bo‘lgan Angren-Pop terminali bor, xolos. Neft baza desak, xalq «Jizzax petroleum» yoki Sanoat energetika guruhi degan nomlardan chalg‘iydi deb o‘ylashgan, shekilli. Mening taxminim katta ehtimol bilan benzin narxi oshsa, qishda sotamiz, deb benzin g‘amlashgan, ne tongki, falokat bosib oqib ketdi. Bu ularni foydasiga, endi benzin oqib ketdi, deb birjaga benzin qo‘ymay qo‘yishmasa bo‘lgani.

Ha mavzuning asosiysi bu emas. Qanday qilib davlat mulki xususiy bo‘lib qoldi? Axir Angren—Pop temir yo‘lining xususiylashtirilgani bo‘yicha Davlat aktivlarini boshqarish agentligi birorta ham rasmiy ma’lumot berganiga ko‘zim tushmadi. Nima shartlar bilan xususiylashtirilgan yoki ishonchli boshqaruvmi? Ana endi tushundingizmi korxonaning nomini aytmasdan Angrendagi neft baza deyilayotganini? Aslida bu joy Sanoat energetika guruhi MCHJ XKning saqlov joyi.

Agar davlat korxonasi bo‘lganda «davno» rahbarini olib borib qamashgan bo‘lardi, afsus! Balki hamon Davlat aktivlarini boshqarish agentligi egalik qilar! Xullas savol shu! Qanday qilib bu yirik terminal Sanoat energetika guruhi MCHJ XKga berib yuborildi
», – deb yozgan kanal muallifi.

Avvalroq Davlat Ekologiya qo‘mitasi benzin sizib chiqqan korxonada hovuzlar belgilangan talab darajasida bo‘lmaganini aniqlagani xabar qilingandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Angrenda avariya sabab to‘kilib ketgan 11,5 ming litr benzin voqeasi muhokamalarga sabab bo‘ldi