Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: “O‘zaro kek-adovat va hasad qilmanglar, bir-biringizdan yuz o‘girib ketmanglar, (balki) Allohning aka-uka bandalari bo‘linglar! Musulmon (kishi) birodarini uch kundan ortiq hajr qilishi (ya’ni, arazlab, gaplashmay yurishi) halol emas!” (Buxoriy, Muslim, “Sunan” sohiblari rivoyati).
Musulmon inson birodarini Alloh roziligi uchun yaxshi ko‘radi, unga xayrixoh bo‘ladi, uning foydasini ko‘zlaydi, ziyonini istamaydi. Endi kim musulmon birodarini nafsi uchun yomon ko‘rsa, unga ezgulik emas, qabohatni ravo ko‘rsa, uning imoni juda zaif ekan. Chunki Allohga va oxirat kuniga ishongan inson birodariga adovat qilmaydi. Adovat qilgan kimsa oxiratdan dunyoni, o‘tkinchi matohlarni ustun bilibdi. Bunday kimsa malomatga loyiqdir.
Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: “Avval o‘tgan ummatlar kasalligi sizlarga (maxfiy tarzda) o‘tgan. (Bu:) hasad va nafrat-adovatdir. U (ya’ni, bug‘zu adovat) qiruvchidir. Men: “U sochlarni qiradi”, deb aytmayman, balki dinni qiradi. Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, imon keltirmaguningizcha jannatga kirmaysiz. Bir-birlaringizni yaxshi ko‘rmaguningizcha (komil) mo‘min bo‘lmaysiz. Sizlarga, shuni (ya’ni, oralaringizdagi mehr-muhabbatni) mustahkamlaydigan narsani aytaymi? O‘rtalaringizda salomni yoyinglar!” (Termiziy, Ahmad, Bayhaqiy rivoyati. Hadis sanadi hasan).
Bu yerda hasad va adovat nima uchun kasallik deyilyapti? Chunki ikkisi qalb kasalliklaridan sanaladi.
“Men: “U sochlarni qiradi”, deb aytmayman, balki dinni qiradi”, deyish bilan o‘zaro adovat va hasad kishining diniga, dunyosiga, oxiratiga katta zarar yetkazishiga ishora qilinmoqda.
Tiybiy aytadi: “Ustara tukni qirganidek adovat ham dinni qiradi”. (Muborakfuriy, “Tuhfatul Ahvaziy”)
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ummatimga (avvalgi) ummatlar kasalligi yuqadi”, dedilar. Shunda: “Ey Rasululloh, (avvalgi) ummatlar kasalligi nima?” deb so‘raldi. U zot: “Manmanlik (yoki noshukrlik), kekkayish (yoki nonko‘rlik), (mol-dunyo va bol-chaqa) ko‘paytirishda kimo‘zarga o‘ynash, dunyoda bir-biriga qarab narx-navoni ko‘tarish, bir-birini yomon ko‘rish, bir-biriga hasad qilish. Hatto (oralarida) zulm-adolatsizlikkacha boradi”, dedilar” (Hokim va Tabaroniy rivoyati. Rivoyat sanadi sahih).
Bu rivoyatda Nabiy sollallohu alayhi va sallam kelajakda bo‘ladigan ayrim voqealar haqida xabar bermoqdalar. Unga ko‘ra, Islom ummati a’zolariga har xil ma’naviy kasalliklar yuqadi. Jumladan, kibr-manmanlik, g‘urur, ne’matlarga noshukrlik, o‘zidan ketish, boylik va farzand orttirishda kimo‘zarga o‘ynash, solih amallar bir yoqda qolib, faqat dunyoga erishishda musobaqalashish, bir-birini xushlamaslik, o‘zaro hasad, nafrat-adovat va hakazolar. Imoni bor inson bu illatlar yiroq yuradi, Allohga duo qilib, qalbini ma’naviy kasalliklardan saqlashini so‘raydi. Quruq duo bilan cheklanmasdan o‘zi ham harakat qiladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Hasaddan saqlaninglar! Zero, hasad xuddi olov o‘tinni yondir(ib, kul qil)ganidek savoblarni yo‘q qiladi”, deganlar” (Abu Dovud, Ibn Moja, Bayhaqiy rivoyati. Hadis sanadi zaif).
Payg‘ambar alayhissalom hasadni lovullab yonayotgan olovga o‘xshatyaptilar. Yong‘in chiqqan yerda olov hamma narsani yondirib tashlaydi. Xuddi shunga o‘xshab hasad ham, avvalo, hasadchining o‘zini kuydiradi, uning hayotini zaharga aylantiradi, huzur-halovatini o‘g‘rilaydi. Keyin alanga olib, yo‘lida nima chiqsa, hammasini yondirib-kuydirib yuboradi. Eng yomoni banda mashaqqat chekib ishlagan ajr-savoblarni o‘chirib tashlaydi. Chunki hasadchi “raqibi”ni g‘iybat qiladi, haqoratlaydi, so‘kadi.
Agar haddidan oshsa, molini o‘zlashtirishi, hatto joniga qasd qilishi ham mumkin. Oxiratda har bir ish hisob qilinganida mazlumning haqqi zolimdan olib beriladi. Ana shunda hasadchining savoblari hasad qilingan odamga o‘tadi. Agar qarz uzilmasidan oldin hasadchi hisobida savoblari qolmasa, zulm ko‘rgan odamning gunohlari uning zimmasiga yuklanadi. Hasadchi dunyoda ming azob ichida, ruhiy iztirobda o‘tgan edi. Oxiratda ham uning holi tang bo‘lib qoladi.
Zamra ibn Sa’laba roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Agar odamlar bir-birlariga hasad qilishmasa, yaxshilikda bo‘ladilar” (Tabaroniy ishonchli kishilardan rivoyat qilgan).
Hasadchilar ko‘p bo‘lgan jamiyatda taraqqiyot bo‘lmaydi. Bir qarashda rivojlanish kuzatilsa-da, u yerdagi munosabatlar tagidan zil keta boshlaydi. Chunki hasad urchigan joyda mehr-oqibat, insoniylik kabi xislatlarni kunduzi chiroy yoqib ham topib bo‘lmaydi. Biri ikkinchisining tagiga suv quyish, payini qirqishga uringanidan keyin qanday qilib taraqqiyot bo‘lsin!?
Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Mo‘min banda ichida Alloh yo‘lidagi chang va jahannam olovi jamlanmaydi. Bir banda ichida imon va hasad jamlanmaydi” (Ibn Hibbon rivoyati. Rivoyat sanadi hasan).
Bu hadisi sharifga ko‘ra, ikki turdagi narsa qalbda jam bo‘lmaydi:
Birinchisi: Alloh yo‘lida amal qilib yoki kurashib, chang yutgan odamning ichiga do‘zax olovi kirmaydi. Bunday banda jahannamdan ozod etilib, jannatga kiritiladi.
Ikkinchisi: Mo‘min banda qalbida imon bilan hasad jamlanmaydi. Qalbda imon bo‘lsa, uni hasad illatidan poklaydi. Bu, mo‘min kishi boshqalarga hasad qilmaydi, deganidir. Demak, imon bor qalbda hasad, hasad bor qalbda komil imon bo‘lmaydi.
Abdulloh ibn Busr roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Hasadchi, g‘iybatchi, kohin bizdan emas. Men ham undan emasman!” (Tabaroniy zaif sanad bilan rivoyat qilgan).
Hasadchi, g‘iybatchi, kohin Islom ummatidan emas, deyilmoqda bu hadisda. O‘zini bilgan odam uchun bu juda og‘ir gap, qattiq ogohlantirish.
Davomi bor...
Ziyovudin Rahim
Manba: Azon.uz
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!