date

Trampning Ukraina bo‘yicha rejasi atrofida bosim va tortishuvlar kuchaydi

Trampning Ukraina bo‘yicha rejasi atrofida bosim va tortishuvlar kuchaydi

Axios nashri Donald Tramp ma’muriyati tomonidan ishlab chiqilgan Ukrainadagi urushni to‘xtatish rejasining qoralama variantini oshkor qildi. Nashr hujjat haqiqiyligini Ukraina va AQSH rasmiylari tasdiqlaganini ta’kidlamoqda. Shu bilan birga, mazkur loyiha avvalroq Oliy Rada deputati Aleksey Goncharenko tomonidan ham e’lon qilingan. Reja 28 banddan iborat bo‘lib, u Ukraina kelajagi va mintaqaviy xavfsizlik tizimiga jiddiy ta’sir qiluvchi bir qator takliflarni o‘z ichiga oladi.

Vashingtonning bosimi. Financial Times ma’lumotiga ko‘ra, Tramp ma’muriyati Kiyevdan tinchlik shartnomasini bir necha kun ichida ma’qullashni talab qilmoqda. Manbalarning aytishicha, AQSH rasmiylari Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy kelishuvni Shukronalik kuniga qadar imzolashini istamoqda. Biroq ukrainalik mulozimlar bu muddatga amal qilinishi qiyinligini bildirgan.

20 noyabr kuni Zelenskiy AQSH armiyasi vaziri Deniyel Driskoll boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Muzokarada amerikaliklar tinchlik rejasini rasmiy ravishda taqdim etgan. Kechqurungi murojaatida Zelenskiy Ukraina uchun “munosib tinchlik” zarurligini aytdi va asosiy prinsiplar belgilab olinganini ta’kidladi. Ukraina BMTdagi vakili o‘rinbosari Kristina Gayovishin esa Kiyevning o‘z “qizil chiziqlari” borligini, ular “aniq va buzilmas” ekanini ta’kidlagan.

Tramp rejasining asosiy bandlari (qisqacha mazmun)

Hududlar masalasi:

— Qrim, Donesk va Luhansk AQSH tomonidan de-fakto Rossiya hududi sifatida tan olinadi;

— Xerson va Zaporijjya front chizig‘i bo‘yicha bo‘linadi;

— Rossiya Sumi va Xarkivdagi egallangan hududlardan to‘liq chekinadi;

— Ukraina Doneskdan qo‘shinlarini olib chiqadi va bu hudud Rossiya tarkibidagi bufer zonaga aylanadi.

Harbiy masala:

— Ukraina armiyasini 600 minggacha qisqartiradi (hozirgi 800–850 ming o‘rniga).

NATO bo‘yicha shartlar:

— Ukraina NATOga kirmaslik haqida Konstitutsiyaga modda kiritadi;

— NATO ham Ukrainani kelajakda qabul qilmaslik to‘g‘risidagi majburiyatni oladi;

— Lekin Ukraina YEIga qo‘shilish huquqini saqlab qoladi;

— NATO Ukrainaga qo‘shin kiritmaydi, qiruvchi samolyotlar Polshada joylashtiriladi;

— Rossiya Yevropa va Ukrainaga hujum qilmaslik, NATO hududini kengaytirmaslik kafolatini beradi.

Moliyaviy nuqta:

— Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan 100 mlrd dollar Ukraina tiklanishiga yo‘naltiriladi;

— Bu mablag‘dan keladigan foydaning 50% AQSHga tegishli bo‘ladi;

— Yevropa yana 100 mlrd dollar qo‘shadi;

— Qolgan aktivlar AQSH–Rossiya investitsiya fondiga yo‘naltiriladi.

Siyosiy qism:

— Rossiyaga qarshi sanksiyalar bosqichma-bosqich bekor qilinadi;

— Rossiya G8 formatiga qayta jalb qilinishi mumkin;

— Kelishuvdan 100 kun o‘tib Ukrainada saylovlar o‘tkaziladi;

— Urushda ishtirok etgan barcha tomonlarga to‘liq amnistiya beriladi;

— Hujjat imzolangan zahoti o‘t ochish to‘xtatiladi.

Ukrainaning e’tirozi

The Wall Street Journal ma’lumotiga ko‘ra, Kiyev tinchlik rejasining eng muhim bandlaridan biri — urush paytidagi xalqaro yordamni tekshirish haqidagi talabni qabul qilmagan. AQSH bu audit korrupsiya holatlarini aniqlashi mumkinligini aytgan bo‘lsa, Ukraina bunga javoban “urush davridagi harakatlar uchun to‘liq amnistiya” kerakligini bildirgan.

Yakuniy xulosa qilib aytganda, Tramp rejasi atrofida muhokamalar kuchayib, ikki tomon manfaatlari o‘rtasida jiddiy ziddiyat namoyon bo‘lmoqda. Tinchlikka intilish bor, ammo har bir band Ukraina uchun juda katta siyosiy va hududiy oqibatlarga ega. Muzokaralar yaqmn kunlarda yanada keskinlashishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Trampning Ukraina bo‘yicha rejasi atrofida bosim va tortishuvlar kuchaydi