
Rossiyaliklarning joriy kayfiyati va urushga munosabatiga bag‘ishlangan navbatdagi so‘rovnoma jamoatchilik orasida katta muhokamaga sabab bo‘ldi. “Xroniki” tadqiqot loyihasi 2025-yil oktyabr oyida o‘tkazgan so‘rov natijalari shundan darak beradiki, rossiyaliklarning aksariyati — taxminan 63–64 foizi — urushni to‘xtatish va Ukraina bilan “muzokara asosidagi tinchlik shartnomasi” imzolanishini istaydi. Biroq shu paytning o‘zida faqat 36 foiz odam bunday natija amalga oshishiga ishonch bildirgan.
Tadqiqotda qatnashganlar ikki guruhga bo‘lingan: bir qismi hukumatdan qaysi qarorlarni kutayotgani haqida fikr bildirgan, boshqalari esa o‘zlari shaxsan Rossiyada qanday o‘zgarishlar bo‘lishini xohlashini aytgan. Qatnashchilar ko‘zni quvontiruvchi “ehtimoliy” qadamlar ichida armiya xarajatlarining oshirilishi (78 foiz), ichki ijtimoiy muammolarga e’tibor kuchaytirilishi (48 foiz), Kreml e’lon qilgan maqsadlar amalga oshgach, urushni to‘xtatish (47 foiz) kabi takliflar yuqori o‘rinlarni egallagan.
Shu bilan birga, tinchlik shartnomasi tuzilishiga ehtimol sifatida 36 foiz ishongan bo‘lsa, 35 foiz safarbarlik bo‘lishi mumkinligini aytgan. G‘arb bilan munosabatlarni tiklash (28 foiz) va sanksiyalarni bekor qilish (22 foiz) esa pastroq ehtimol sifatida ko‘rilgan.
Qizig‘i shundaki, rossiyaliklar eng ko‘p istaydigan o‘zgarishlar bilan ular kutgan voqelik o‘rtasida katta farq bor. Eng ko‘p xohlangan qadamlar orasida urushni tugatish va ichki muammolarni hal qilish 88 foizdan joy olgan. Shundan keyin tinchlik shartnomasiga erishish (64 foiz), sanksiyalarni bekor qilish (63 foiz) va g‘arb bilan munosabatlarni tiklash (58 foiz) keladi. Armiya xarajatlarini oshirishni esa 49 foiz, safarbarlikni 16 foiz odam ma’qullagan.
So‘rovda urushni qo‘llab-quvvatlash darajasi ham o‘rganilgan. Javoblarning 50 foizi urushni ma’qullaganini aytgan bo‘lsa, 39 foizi bu savolga javob berishdan qochgan. Faqat kichik qismgina urushni qo‘llab-quvvatlamasligini bildirgan.
Urushda ishtirok etish masalasida esa respondentlar bir-biridan keskin farq qilgan: 28 foiz “buyruq bo‘lsa, qatnashaman” degan, 9 foiz ixtiyoriy borishga tayyorligini aytgan. 38 foiz bu qarorga qarshi turgan, 19 foiz javob berishdan voz kechgan. 6 foiz esa safarbarlik toifasiga kirmasligini ma’lum qilgan.
Oila a’zosi shartnoma asosida frontga borishni istasa, 55 foiz respondent buni ma’qullamasliklarini aytgan, 30 foiz bu qarorni qo‘llab-quvvatlagan, qolgan 15 foiz esa fikr bildirishdan qochgan.
So‘rov natijalari rossiyaliklar orasida tinchlikka intilish keskin kuchayganini ko‘rsatadi. Biroq ularning aksariyati hukumat shunday yo‘lni tanlashiga hozircha ishonmayapti — umid bilan real kutilmalar orasida jiddiy tafovut saqlanib turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.