18:23 / 11.08.2024
291

Riga aeroportidagi rediska, ko‘k piyoz va ko‘katlar

Riga aeroportidagi rediska, ko‘k piyoz va ko‘katlar
Sho‘ro davrida ham yosh yozuvchilarning seminarlari, turli anjumanlari bo‘lib turar, ularda taniqli adiblar qatnashib, yosh shoir, yozuvchi, dramaturglarning asarlarini muhokama qilar, eng yaxshilari Moskvada chiqadigan turli nashrlarga tavsiya etilardi. Ana shunday seminarlarda ko‘plab iste’dodli shoir va yozuvchilar kashf qilingan edi...

Kamina xodimingiz shunday seminarlardan birida qatnashganman. 1986 yil aprel oyida Boltiq dengizi bo‘yidagi Yurmalaning Dubulta qo‘rg‘onida (u yerda yozuvchilarning Yan Raynis nomidagi ijod uyi bor edi) bir pardali pyesa yozadigan dramaturglarning Butunittifoq seminari bo‘ldi. Unda mening «Raport» degan bir pardali pyesam muhokama qilindi. «Raport»ni moskvalik dramaturg Eduard Bobrov tarjima qildi va Moskvada nashr etiladigan bir pardali pyesalar to‘plamiga kiritildi.

Ushbu safar davomida esimda qolgan ba’zi voqealarni aziz o‘quvchilarga hikoya qilib berishni lozim topdim.

Anjumanga umr yo‘ldoshim Dildor bilan bordim. 15 aprel kuni Moskvaga uchdik. Bu paytda Toshkentda 25 daraja issiq edi. Moskvaga qo‘nsak, havo harorati nol daraja, hamma yoq oppoq qor, izg‘irin. Aeroport binosiga kirib, chamadonimizni olib, issiq kiyimlarimizni kiygunimizcha bo‘larimiz bo‘ldi. Safarimiz boshlanmasdan shamollab qolmasak edi, degan xavotirda yurdik. Xayriyat, Alloh asradi, ikkovimizga ham hech nima qilmadi.

Ertasi kuni Rigaga uchdik. Samolyot Latviyaniki ekan, styurdessa samolyot mashrutini, yo‘lovchilar rioya qilishi kerak bo‘lgan tartib-qoidalarni latish tilida e’lon qildi. Oxirida ensasi qotgan kabi ikki jumla rus tilida gapirdi. O‘sha samolyot komandirining familiyasi Kabirov ekan. Toshkentga qaytib kelgach, jurnalist Lutfullo Kabirovga, akangiz Latviyada uchuvchi ekan, aytmabsiz-a, deb hazillashdim.

Aeroportda Toshkentga qaytadigan pattamizni rasmiylashtirib qo‘yish niyatida kassaga bordim. Gap shundaki, bizga Riga-Toshkent biletini ochiq sana bilan, ya’ni uchadigan kun, samolyot reysi, o‘tiradigan joy ko‘rsatilmagan holda berilgan edi. Toshkent aviakassasidagi bilimdon xonimlar keladigan kuningizga qarab Riga aeroportida yozdirib olasiz, hech qanday muammo bo‘lmaydi, degan edi. Afsuski, Riga aeroportida bu gapning teskarisini aytdi, ya’ni uchadigan kuningiz, samolyot reysi, o‘tiradigan joyingizni Toshkentda yozib berishi kerak edi, biz ochiq biletga yozib bera olmaymiz. Pulini to‘lasangiz, boshqa patta yozib beraman, dedi. Bu biletlarga to‘langan pul nima bo‘ladi, desam, yelka qisdi.

Sezilib turibdi, ruschani ensasi qotib, ro‘yxush bermay gapiryapti. Nima qilishimizni bilmay boshimiz qotdi. Riga-Toshkent reysiga ikki kishi uchun patta puli ozmuncha emas. Safarimiz endi boshlanyapti, oldimizda o‘n kun turibdi. Er-xotin kayfiyatimiz tushib, hafsalamiz pir bo‘lib qoldik. Shu mahal miyamga bir fikr keldi. Apil-tapil chamadonni ochdim. Toshkentda rediska chiqqan edi. Bir necha bog‘ rediska, boshqa ko‘katlardan olgan edik. Ikki-uch bog‘ rediska, bir-ikki bog‘ ko‘k piyoz, boshqa ko‘katlardan qo‘shib, boyagi kassir ayolning yoniga bordim.

– Mana bular sizga Toshkentdan sovg‘a, bizda bahor boshlanib ketgan allaqachon, – dedim.

Kassir ayol bularni ko‘rib, ko‘zlari yonib ketdi. Go‘yo uning oldiga bir qop tilla qo‘yganday edim. Men indamay uni kuzatdim. Avval rediskani, keyin ko‘k piyozni va ko‘katlarni hidladi. Gapning ochig‘i, birov menga bir kilo qora ikra bersa ham bu qadar sevinmagan bo‘lardim. U ikki-uch miriqib hidladi, rohat qilayotgani yaqqol ko‘rinib turardi. «Hidlab shuncha mazza qilyapti, yesa qanday holga tushar ekan», deb o‘yladim.

– Pattalaringiz qani? – dedi ko‘zlari charaqlab. – Menga bering.

Pattalarni uzatdim. U sinchiklab o‘qidi. Keyin kimgadir qo‘ng‘iroq qildi. Latish tilida gaplashgani uchun hech narsa tushunmadim. Faqat Tashkent, Maskva degan so‘zlarni angladim. Gaplashib bo‘lgach, mamnun holda menga qaradi.

– Sizning pattangiz Riga-Toshkent reysiga ekan, bunga iloji yo‘q. Xohlasangiz Moskva orqali ketadigan qilib bilet yozib beraman, – dedi.

– Menga farqi yo‘q. Toshkentga ketsak bo‘ldi, bahonada Moskvani yana bir aylanib chiqamiz, – dedim kulib.

– Juda yaxshi, – dedi kassir. – Faqat bitta «no»si bor.

– Qanaqa «no»? – hayron bo‘ldim.

– Riga–Moskva–Toshkent bileti sizning biletingizdan arzonroq. Men qaytim berishim kerak...

Uning gapi og‘zida qoldi.

– Qaytim kerak emas, – dedim shoshib, go‘yo fikridan aynib qoladiganday havotirlanib.

-Qandaydir noqulay...

-Hech qanday noqulayligi yo‘q, xijolat chekmang.

Kassir bilet yoza boshladi. Ungacha men yana ikki bog‘ rediska olib keldim. U ikkita patta uzatdi, men ikki bog‘ rediska berdim.

Rediskayu ko‘katlar bu yerda shu qadar azizligini Dubultada o‘n kun yurib tushunib yetdim. Bunaqa narsalar u yerda anqoning urug‘i ekan. Boz ustiga, aprel oyini Boltiq bo‘yida hali bemalol qish deyish mumkin...

Ijod uyi Boltiq dengizi sohilida joylashgan, bir tomondan Lispile daryosi. Havo namchil, deyarli har kuni yomg‘ir yog‘adi. Biz kabi serquyosh o‘lkalardan kelganlarni yomg‘ir va nam havo ezib yuboradi.

Mirdza degan xizmatchi ayol bor. Doimo kulib, xushchaqchaq yuradi.

Bir kuni ertalab soat o‘nlar edi. Derazadan qarasam Mirdza hovlida sho‘x-shodon yuribdi, osmonga qarab qah-qah urib kuladi. Hayron bo‘lib pastga tushdim. Salom-alik qildim-da, so‘radim:

– Bugun tug‘ilgan kuningmi, Mirdza?

– Yo‘q, – dedi, – nega so‘rayapsiz?

– Axir har kungidan-da quvnoqsan, kulging butun ijod uyiga taralyapti...

Mirdza yana ham qattiqroq kuldi, ikki qo‘lini osmonga ko‘tardi.

– Osmonga qarang, ko‘rmayapsizmi, quyosh chiqdi...

Darhaqiqat, kelganimizdan beri men birinchi marta quyoshni ko‘rayotgandim. Oftob ham o‘zimizdagiday charaqlab turgani yo‘q, bulutlar orasidan yaltirab turibdi. «Voy, bechora, shu quyoshga shunchalar xursandmisan? O‘zbekiston quyoshini ko‘rsang shaytonlab qolar ekansan-da», deb o‘yladim. Va yurtimiz chindan ham jannatmonand ekaniga yana bir bor amin bo‘ldim...

Bu yerda yana bir voqea esimda qoldi.

Sohilda dengizni tomosha qilib o‘tirgandim. Chorloqlar (chaykalar) juda ko‘p edi. Ular dengizga sho‘ng‘ib, baliq tutar edi.

Bir mahal chorloqlarning barchasi baralla charillay boshladi. Xayolim bo‘linib, ularni diqqat bilan kuzatdim. Qarasam, chorloqlar to‘dasi orasida bitta begona qush paydo bo‘libdi. Ular shu qushni ta’qib qilayotgan ekan. Begona qush chorloqlar orasidan bir amallab ajralib chiqdi va qocha boshladi. Chorloqlar to‘dalashib uni quva ketdi. Qiziqish bilan kuzatdim. Ko‘zdan g‘oyib bo‘lguncha qochaverdi. Chorloqlar ham shu ko‘yi ketdi, deb o‘yladim. Yo‘q, bir mahal ular jam bo‘lib qaytib keldi. Begona qush yo‘q edi. Uni tutib o‘ldirishdimi yoki qochib qutuldimi – bilmadim.

Qushlardan ham ko‘p narsa o‘rganish mumkin ekan...

Mamatqul Hazratqulov.

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Riga aeroportidagi rediska, ko‘k piyoz va ko‘katlar